Germaniya O‘zbekiston uchun IT-mutaxassislarini tayyorlash dasturiga qiziqish bildirmoqda, deb xabar bermoqda “IT Park” matbuot xizmati.
“IT Park” bosh direktori Farxod Ibragimov Germaniyaning Toshkentdagi elchisi Tilo Klinner va Iqtisodiy hamkorlik departamenti xodimi Ralf Maureder bilan uchrashdi.
Farxod Ibragimov O‘zbekistondagi yosh mutaxassislarning salohiyatiga to‘xtalib, har yili 30 yoshgacha bo‘lgan 25 mingdan ziyod talaba IT sohasida ta’lim olayotganini ta’kidladi.
Germaniya elchisi Tilo Klinner IT-mutaxassislar tayyorlash dasturiga qiziqish bildirdi. Tomonlar ikki davlatda ham kadrlar yetishmovchiligi muammosini hal qilish maqsadida TOT (Training of trainers) sohasida hamkorlik qilishga kelishib oldilar.
Germaniya Savdo-sanoat palatasi va “IT Park” o‘rtasidagi hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Hamkorlik doirasida quyidagi dasturlar taklif etildi:
- Oʻzbekiston kompaniyalari uchun Germaniya bozoriga kirish imkonini beruvchi Softlanding dasturi;
- Germaniya kompaniyalari uchun OSS (One Stop Shop) dasturi;
- Germaniya bozorida oʻz faoliyatini kengaytirishni istagan startaplar va rezidentlar uchun akseleratsiya dasturi;
- O‘zbekiston IT-sohasining investitsiya salohiyati va imkoniyatlarini taqdim etish uchun Germaniyada investitsiya seminarlari va forumlarini tashkil etish.
Avvalroq “Spot” kompyuter animatorlari va dizaynerlari “IT Park” rezidenti bo‘lishlari mumkinligi haqida yozgandi.