Amerikaning “Palo Alto Networks” kompaniyasi O‘zbekiston bozoriga kiradi. Bu haqda “IT Park” matbuot xizmati xabar berdi.

Bu bo‘yicha tomonlar hamda “Green Light ITS” va “MUK Group” ishtirokida Toshkentda konferensiya tashkil etilgan.

Kompaniyaning mamlakat bo‘yicha menejeri Kurshad Demirsay mintaqada kiberxavfsizlikni rivojlantirish uchun bunday tadbirlar muhimligini va O‘zbekiston bozorining bu boradagi o‘sish imkoniyatlari katta ekanligini ta’kidladi.

“„Palo Alto Networks“ kompaniyasining vakolatli hamkori sifatida o‘z sertifikatlangan muhandislarimiz bilan tajriba sinovlari uchun sotuvchi yechimlarni va har qanday murakkablikdagi loyihalarni amalga oshira olamiz”, — dedi “Green Light ITS” direktori Doniyor Niyozov.

Uning ta’kidlashicha, endilikda mahalliy mutaxassislar kompaniya texnologiyalaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Palo Alto Networks” — 2005-yilda tashkil etilgan. Kompaniyaning bosh ofisi Kaliforniyaning Santa Klara shahrida joylashgan.

Kompaniya xavfsizlik devori va bulutli yechimlarni ishlab chiqadi. Korxona mijozlari orasida dunyoning 150 ta davlatidagi 70 mingdan ortiq tashkilotlar mavjud.


Avvalroq kiberxavfsizlik va maʼlumotlarni boshqarish sohasida IT-xizmatlarni yetkazib beruvchi BAAning “Prow” kompaniyasi Oʻzbekiston bozoriga kirish niyatida ekanligi ma’lum qilingandi.