AQSh Rossiyaga qarshi sanksiyalar doirasida Alisher Usmonovni qora ro‘yxatga kiritdi, deya xabar bermoqda Shveysariyaning “Handelszeitung” nashri.
Nashrning yozishicha, Usmonov bilan birga ro‘yxatga tadbirkor Gennadiy Timchenko, Davlat dumasi deputati Sulaymon Kerimov va boshqa bir qator yirik tadbirkorlar ham kiritilgan.
Avvalroq Buyuk Britaniya Alisher Usmonov kompaniyasiga sanksiya kiritgandi.
Hukumat kompaniyaning aktivlarini muzlatish va unga xizmatlar ko‘rsatishni taqiqlash to‘g‘risida qaror qabul qilgan.
Bundan tashqari, “USM xolding"ning ikki aksiyadorlari Vladimir va Varvara Skochlar qora roʻyxatga kiritilgan. Britaniya Tashqi ishlar vazirligi ularni milliarder Andrey Skoch bilan bog‘laydi, unga qarshi bir yil avval Buyuk Britaniyada ham sanksiyalar joriy etilgan.
Alisher Usmonov Rossiya va Ukraina oʻrtasida harbiy harakatlar boshlanganidan bir necha kun oʻtib Yevropa Ittifoqi, AQSh va Buyuk Britaniya sanksiyalariga uchragan.
Biroq, AQSh moliya vazirligi maxsus bosh litsenziyaga ega boʻlgan rossiyalik milliarderning kompaniyalarini sanksiyalardan chiqarib tashladi.
Iyul oyida Usmonov “USM” kompaniyalarining bankrot boʻlish xavfini keltirib, YeI sanksiyalariga sud orqali eʼtiroz bildirishga uringani maʼlum boʻldi.
Sentabr oyida Vengriya rasmiylari tadbirkorni sanksiyalar ro‘yxatidan olib tashlashni talab qilgan, biroq tez orada o‘z talabini qaytarib olgan.
Biroz vaqt o‘tgach, YeI milliarderning singlisi Saodat Nurzievaga nisbatan cheklovlarni olib tashladi.
Noyabr oyida OAVda O‘zbekiston hukumati Usmonovga qarshi sanksiyalarni bekor qilishni so‘rab Yevropa Ittifoqiga murojaat qilgani va unga huquqiy yordam taklif qilgani haqida xabarlar tarqalgandi.
Joriy yil yanvar oyida Alisher Usmonov pensiyaga chiqishi haqida xabar berilgandi. Milliarder sanksiyalarga qaramay, O‘zbekistonda loyihalarni amalga oshirishda davom etish niyatini bildirgan.