Joriy yil ham magistraturada o‘qiydigan xotin-qizlarning kontrakt pullari to‘lab beriladi. Bu haqda Ta’lim nazorati kanali xabar bermoqda.

Kvota to‘g‘risidagi prezident farmoyishida kontrakt asosida magistraturaga kiradigan talaba xotin-qizlarning kontrakt pullarini to‘lab berish qayd etilgan.

Qayd etilishicha, kontrakt pullari hech qanday qaytarish shartlarisiz to‘lab beriladi.

Buning uchun magistraturada o‘qiyotgan xotin-qizlar har yili 15-sentabrgacha o‘zlari o‘qiyotgan OTM rektori nomiga ariza bilan murojaat qilishlari kerak.

Bu sanadan kech qolganlarning kontrakti to‘lanmaydi. Talabgorlarning arizalari yig‘ilib OTM tegishli bo‘lgan vazirlikka yuboriladi.

15-oktabrgacha OTMlarning rektorlari talabgorlarning kontrakt pullarini to‘lab berish to‘g‘risida buyruq qabul qiladi.

Ma’lumot uchun magistratura uchun chet tili sertifikati majburiy. Bunda filologiya ta’lim yo‘nalishlari uchun sertifikat darajasi kamida C1, boshqa barcha ta’lim yo‘nalishlari uchun esa B2 bo‘lishi kerak.


Avvalroq joriy yilda magistraturaga qabul faqat bir marotaba o‘tkazilishi haqida xabar berilgandi.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonov qabulga oid jonli efirda 2023-yilgi magistraturaga qabul faqat yozda amalga oshirilishini ta’kidlagan.

“O‘tgan yili ilk marta til sertifikati talab qilingani uchun faqat bir yil uchun 2 marta qabulga ruxsat olgan edik. Lekin bu yil qabul an’anaviy faqat bir marta bo‘ladi”, dedi vazir.

2022−2023 o‘quv yilida magistratura uchun qabul ikki marotaba — yozgi va qishki mavsumda bo‘lgandi.

2022-yilning 20-dekabrida magistratura uchun qishki qabul boshlanib, bunda sertifikat darajasi qanday bo‘lishidan qat’iy nazar barcha talabgorlar hujjat topshirishi mumkin edi.

Biroq, qabul qilingan talabalar o‘qish davomida talab etilgan sertifikatni olish sharti bilan qabul qilingan.

Milliy va xalqaro tan olingan sertifikatlar roʻyxati bilan bu yerda tanishish mumkin.