2023−2024-o‘quv yili uchun abituriyentlarni ro‘yxatga olish boshlandi. Bu haqda Bilim va malakalarni baholash agentligi xabar bermoqda.
Abituriyentlar my.uzbmb.uz saytining “Oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga qabul” bo‘limi orqali onlayn ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin.
Bunda abituriyentlar fanlar majmuasi va ketma-ketligi bir xil bo‘lgan beshtagacha bakalavriat ta’lim yo‘nalishini tanlash imkoniyatiga ega.
Abituriyentlarni ro‘yxatga olish 20-iyulga qadar (20-iyul kuni ham) davom etadi. Chet tilidan ijodiy imtihon o‘tkaziladigan ta’lim yo‘nalishlariga qabul esa 10-iyul kuni yakunlanadi.
Mazkur muddat davomida abituriyentlar o‘z ma’lumotlarini o‘zgartirishlari hamda chet tilidan sertifikatga ega bo‘lsa, sertifikat ma’lumotlarini tizimga kiritishlari mumkin.
Avvalroq maktab bitiruvchilari elektron shahodatnomalarni 20-iyundan boshlab onlayn olishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.
Qayd etilishicha, 11-sinf maktab bitiruvchilarning shahodatnoma maʼlumotlari Bilim va malakalarni baholash agentligining OTM qabul bo‘yicha elektron platformasiga integratsiya qilingan.
Shu bois, oliy taʼlim muassasalariga elektron hujjat topshirish jarayonida bitiruvchining shahodatnoma maʼlumotlari avtomatik tarzda taqdim etiladi. Bitiruvchilar shahodatnomalarini shaxsan taqdim etishlariga ehtiyoj yo‘q.
Ma’lumot o‘rnida, joriy o‘quv yilida umumtaʼlim maktablarini 390 mingdan ortiq bitiruvchilar tamomlaydi.
e-shahodatnoma.uz elektron platformasiga quyidagi umumiy o‘rta ta’lim maktablari 11-sinf bitiruvchilarining shahodatnoma ma’lumotlari kiritilgan:
- Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidagi umumiy o‘rta ta’lim maktablari;
- Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tasarrufidagi Prezident maktablari, ijod maktablari va ixtisoslashtirilgan maktablar;
- Yoshlar siyosati va sport vazirligi tasarrufidagi olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlari;
- Nodavlat ta’lim tashkilotlarining 11-sinf bitiruvchilari.
Akademik litseylar va kasb-hunar maktablari bitiruvchilarining diplom ma’lumotlari Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining elektron tizimiga kiritiladi.