Gap nima haqda?
12-iyun kuni “Click” to‘lov tashkiloti “Uzum” kompaniyalar guruhi bilan birlashayotgani ma’lum qilindi. “Uzum” ekotizimining raqamli mahsulot va xizmatlari odatdagidek ishlashda davom etadi.
Shu bilan birga, “Uzum Market” xaridorlari buyurtmalar uchun to‘lovni amalga oshirishning yangi, jumladan, butun mamlakat bo‘ylab 180 dan ortiq qabul qilish punktlarida bajarish imkoniyatlariga ega bo‘ladilar.
“Click” egalari “Uzum” guruhi bosh kompaniyasining ulushiga ega bo‘lishadi va jamoa loyihani ishlab chiqish ustida ishlashni davom ettiradi.
Iqtisodchi Otabek Bakirov o‘zining “Telegram"-kanalida “Raqobat to‘g‘risida"gi qonunga ko‘ra, bunday bitimni amalga oshirish uchun Monopoliyaga qarshi qo‘mita (hozirgi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi — Spot) ning oldindan roziligi zarurligini ta’kidladi.
“Uzum guruhining moliyaviy xizmatlar va boshqa raqamli mahsulotlar va agregatlar segmentini kosmik tezlikda egallab borayotgani, Click esa to‘lov tizimi bozorida 11 mln foydalanuvchi bilan eng katta o‘yinchi bo‘lgani hisobga olinsa, talabgorlar o‘zlari murojaat qilmagan taqdirda ham Antimonopoliya organi kamida o‘zi mustaqil o‘rganish va tekshirish o‘tkazishi kerak edi. Bu birlashuvdan keyin iste’molchilarni, to‘lov tizimi bozorini, boshqa ishtirokchilarni qanday oqibatlar kutadi? Ertaga yagona bu ekotizim siz bilgan va bilmagan boshqa affillangan strukturalar bilan birgalikda harakatlarning natijasida o‘tgan asr boshidagi butun boshli davlatga egalik qilishni boshlagan Rokfellerning „Standart Oil“ analogiga ro‘para kelmaymizmi?” — ta’kidladi Bakirov.
Xuddi shu kuni, birozdan keyin Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi e’longa izoh berdi. Qo’mitaning ta’kidlashicha, yirik birlashuv va sotib olishlarni amalga ishirish uchun monopoliyaga qarshi organlarning dastlabki roziligi talab qilinadi.
Hozirda “Click” va “Uzum” kompaniyalari tasdiqlash uchun agentlikka hujjatlarni taqdim etmagan. Hujjatda “Click” muassislarining nomi o‘zgarmagan va kelishuv hali rasmiylashtirilmagan, deyiladi sharhda.
Kompaniyalar bilan nima bo‘ladi?
“Uzum"ning “Spot"ga ma’lum qilishicha, hozircha alohida kompaniyalarning aksiyalari va qiymati bo‘yicha bitim shartlari oshkor qilinmayapti. Birlashgan xoldingga kelsak, u anchadan beri “yakkashox"ga aylangan (“yakkashoxlar” — bozordagi narxi $1 mlrddan ortiq deb baholangan kompaniyalar — “Spot” izohi) va “Click"ning birlashtirilishi “Uzum"ning pozitsiyasini yanada mustahkamlaydi.
“Birlashish „Click“ aksiyadorlari „Uzum“ xoldingining bosh kompaniyasi aksiyalaridan ulush olishini anglatadi. Hozir biz bitim tamoyillari bo‘yicha kelishib oldik va birlashish bo‘yicha keyingi qadamlar to‘g‘risida kelishuv imzoladik, bu esa regulyatorlar bilan hali kelishilmagan”, — dedi “Uzum” kompaniyalar guruhi bosh direktori Jasur Jumayev.
Jasur Jumayev va Ulug‘bek Rustamov
“Holding tarkibida har bir kompaniyaning tajribasi haqida aniq tushuncha mavjud. Fintex — bu “Click"ning mas’ul sohasidir. Bozor hozirgi “Uzum Market” jamoasi tomonidan boshqariladi. Uzum tuzilmasida Nasiya — bo’lib to‘lash xizmati va o‘z jamoalariga ega bank mavjud. Vaqt o‘tishi bilan “Click” ilovasi barcha mahsulotlar uchun asosiy kirish nuqtasiga aylanadi”, — dedi “Click” rahbari Ulug‘bek Rustamov.
Jumayev so‘zlariga ko‘ra, ushbu birlashuv sinergiya yaratuvchi: e-com, to‘lovlar, fintex va bank xizmatlarini bir joyga yig’ishga imkon yaratadi — yetakchi global kompaniyalar misollari shuni ko‘rsatadiki, bu xizmatlar kombinatsiyasi foydalanuvchilarga, xoh jismoniy shaxslarga, xoh korxonalarga maksimal foyda keltirish imkonini beradi.
Va buni boshqa bozorlardagi misollar: Lotin Amerikasidagi “Mercado Libre”, Qozog‘istondagi “Kaspi” ham tasdiqlaydi. Shu bilan birga, bozorda yirik to‘lov xizmatlarini bevosita banklar tomonidan sotib olinishi bilan bog‘liq misollar avvaldan mavjud.
“Va biz, xususan, ular bilan ham alohida soha o‘yinchilari sifatida raqobatlashishimiz kerak bo‘ladi”, deydi kompaniya bosh direktori.
U, shuningdek, kompaniya “Click” nomini yuridik shaxs va brend sifatida saqlab qolish rejalashtirilayotganini qayd etdi.
““Click” anchadan beri mashhur hisoblanadi. O‘tkazmalar haqida gapirganda, odamlar ko‘pincha: “klik qiling” deyishadi. Bizning brend mustahkamligi borasidagi so‘nggi tadqiqotimiz “Click"ning to‘lov yechimlari orasida Top of Mind ekanligini ko‘rsatdi. Va bunday mashhur xalq brendini o‘zgartirish noto‘g‘ri bo‘ladi deb o‘ylayman. Ammo brend bir joyda turmaydi, u kelishuvdan oldin ham rivojlangan va undan keyin ham rivojlanishda davom etadi. Bu yo‘nalishda ham katta rejalarimiz bor”, — dedi bosh direktor.
Jumayevning qayd etishicha, kompaniyalarning har biri birlashuvdan keyin o‘z loyihalarini ishlab chiqishda davom etadi — “Click” jamoasi o‘ziga xos tajribaga ega, uning xizmatlaridan mamlakatning har uchinchi aholisi foydalanadi va birlashishdan keyin bu tajribani saqlab qolish muhim hisoblanadi.
Shu bilan birga, “Uzum” xizmatlari foydalanuvchilar uchun odatdagidek ishlashda davom etadi. Bunga parallel ravishda umumiy loyihalar ishga tushiriladi, xususan, “Click” ilovasi super ilovaga aylanadi, unda ham barcha ekotizim xizmatlaridan foydalanish imkoniyati yaratiladi.
Ulug‘bek Rustamov ham ilovalar odatdagidek ishlashda davom etishini ta’kidladi. Kelgusida vazifalarni ajratish rejalashtirilgan: “Uzum Bank” — bank xizmatlari uchun, “Click Up” esa — super ilova bo‘lib, ekotizimning joriy va yangi paydo bo‘ladigan barcha xizmatlari hamda to‘lovlari uchun asosiy kirish nuqtasi bo‘ladi.
Birlashish — bu izchil strategiyaning natijasidir
Suhbatdosh ekspertlarning fikricha, birlashish ikkala kompaniya rivojlanishi uchun kutilgan va tizimli qadamdir. Umuman olganda, ular biznesni birlashtirish kompaniyani yangi bosqichga olib chiqishini hisobga olib, bu jarayonni bozor uchun ijobiy deb baholaydilar.
““Click” kompaniyasi qanday boshlanganini eslayman. Ular “Payme” bilan birgalikda ushbu bozorni shakllantirishdi, buni noldan boshlashdi: qonunlardan tortib infratuzilmagacha. O‘ylaymanki, ko‘pchilik “Click"ga yetakchi sifatida qarashardi. Va agar birlashish rivojlanishning yangi bosqichi haqidagi hikoya bo‘lsa, unda bu uning ajoyib davomidir. Birlashish deganda sohalar va samarali brendlarni egallab olishni emas, balki aynan shuni tushunish muhimdir. Men kompaniya ta’sischilari uchun juda xursandman, bu o‘ziga xos “Zolushka qissasi” bo‘lib, ular yanada nufuzli figuraga aylanishdi”, — deydi “Oson” bosh direktori Farhod Mahmudov.
Farhod Mahmudov
O‘zbekiston elektron tijorat assotsiatsiyasi raisi Muzaffar A’zamov “Uzum” va “Click"ning birlashishi bozor rivojlanishidagi tabiiy qadam ekanligini ta’kidlab, unda ulkan maqsadlari bor ekanligini namoyish etayotgan va bozorni tezda egallash uchun yetarli resurslarga ega bo‘lgan kompaniyaning mantiqiy qadam tashlagan holda yetakchi uchlikka kiruvchi kompaniyani sotib olganini qayd etdi.
“Demak, to‘lovlarni qabul qilish bozorida „Payme“, „Click“, „Uzum“ (sobiq „Apelsin“) kabi uchlik o‘rniga endi ikkita asosiy o‘yinchi — „Payme“ va „Uzum“ mavjud. Umuman olganda, bu isteʼmolchilarning asosiy qismi qamrab olingani va biz bozor konsolidatsiyasiga guvoh bo‘lganimizdan dalolatdir”, — deydi Aʼzamov.
“Humans Group” bosh direktori va asoschisi Vladimir Dobrinin ham “Click” va “Uzum” birlashuvini izchil strategiya natijasi deb biladi.
“„Uzum“ ham, „Click“ ham mono-mahsulotlarni rivojlantirdi va biznesning birlashishi esa yuqori bosqichga chiqish imkoniyatidir”, — deydi u.
Dobrininga ko‘ra, qizig‘i shundaki, “Click” ham, “Uzum” ham ekotizimni ichkaridan qurish yo‘lini tanlamadi — ular ekspertizani o‘stirish, o‘z ekotizimlari doirasida xizmatlarni doimiy ravishda yaratishni va gorizontal yo‘nalishda rivojlanishga harakat qilishmadi, balki ular o‘z mahsulotlarini tayyor yechimlar to‘plami bilan to‘ldirishni afzal ko‘rishdi. Bunday strategiya xavflarni minimallashtiradi, lekin ayni paytda potentsialni cheklaydi.
Uning fikricha, ichki ishlanmalar va tajribaga asoslangan ekotizim yanada barqaror tuzilma bo‘la oladi. Demak, muvaffaqiyatli super ilovalar modellari quriladi.
Albatta, ekotizimli kompaniyalar birlashish bitimlarini ham tuzishadi, lekin odatda ular biznes ehtiyojlarini qoplaydigan kichik startaplarni sotib olishadi. Ammo ekotizimning asosi har doim kompaniyaning o‘z ishlanmalari, noyob tajribasi, qarashlari va ichki vakolatlari bo‘lishi kerak.
Bitim fintex rivojlanishiga qanday ta’sir qiladi?
“Click” va “Uzum"ning birlashishi fintex bozorida tub o‘zgarishlarga olib kelishi dargumon. Ammo kelishuv muhim tendensiya — o‘yinchilarning birlashishiga ishora qilmoqda.
Mono-mahsulotlar uchun nafaqat o‘sish, balki o‘sib borayotgan raqobat sharoitida o‘z pozitsiyalarini saqlab qolish ham qiyin. Shu sababli, kompaniyalar o‘z pozitsiyalarini mustahkamlash uchun kuchlarni birlashtirishadi. Ba’zi hollarda birlashish kompaniyani saqlab qolishi mumkin — masalan, agar uning mahsuloti o‘zini o‘zi ta’minlay olmasa", — deb hisoblaydi Dobrinin.
Vladimir Dobrinin
Uning fikriga ko‘ra, “Click” va “Uzum” turli xil auditoriyaga ega bo‘lgan ikki xil mahsulot bo‘lib, ular turli iste’molchilik tajribasini taklif qiladi. Biznesni birlashtirish kompaniyaning ichki strategik vazifalarini hal qiladi.
Lekin, shu bilan birga, bu O‘zbekistonda raqamli iqtisodiyot, jumladan, elektron tijorat rivojlanishini rag‘batlantiradi va bu, albatta, soha foydasiga ishlaydi.
Muzaffar A’zamov, shuningdek, ushbu segmentdagi barcha o‘yinchilar iste’molchilarning xohish-istaklari uchun jiddiy kurashga kirishishadi, bundan esa iste’molchilar faqat manfaat ko‘radi, deb hisoblaydi.
O‘zbekiston fintex assotsiatsiyasi raisi Nargis Do‘stmatova bu jarayonning ijobiy tomonlarini qayd etdi. Ular orasida:
- to‘lovlarni optimallashtirish — marketpleysning to‘lov tizimiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri kirish imkoniyatiga ega bo‘lishi, bu uchinchi tomon to‘lov tizimlariga bo‘lgan ehtiyojni kamaytiradi, buning natijasida to‘lov jarayoni tezroq va samaraliroq bo‘ladi;
- tranzaksiya xarajatlarini kamaytirish — to‘lov tizimlari odatda to‘lovlarni qayta ishlash uchun haq oladi; to‘lov tizimiga ega bo‘lish orqali kompaniyalar bunday xarajatlarni pasaytirishi va xizmatni yanada qulayroq qilishi mumkin;
- mijozlarga xizmat ko’rsatish tajribasining yaxshilanishi — o‘zlarining to‘lov tizimlariga ega bo‘lgan marketpleyslar to‘lov jarayoni ustidan ko‘proq nazoratga ega bo‘lib, ularga bo‘lib-bo‘lib to‘lash kabi ko‘proq to‘lov imkoniyatlarini taklif qilish, shuningdek, to‘lov jarayonini yaxshilash imkonini beradi.
Raqobat bilan nima bo‘ladi?
“Uzum” va “Click” hozirda 13 mln foydalanuvchiga ega. Demak, kompaniya foydalanuvchilar soni bo‘yicha bozor yetakchisiga aylanadi. Biroq, sifat o‘zgarishlari miqdoriy o‘zgarishlar bilan parallel ravishda sodir bo‘lishi ham muhim hisoblanadi.
Xo‘sh, “Humans” kompaniyasining bosh direktori zamonaviy fintex kompaniyalari endi foydalanuvchilar sonini ko‘paytirishga astoydil intilmayapti, deb hisoblaydi — bugungi kunda ustuvorlik foydalanuvchilarning umumiy sonida emas, balki retention rate va life-time value hisoblanadi. Mijozlar bir vaqtning oz’ida kompaniyaning bir nechta mahsulotidan foydalanishlari muhim.
“„Uzum“ va „Click“ misolida aytadigan bo‘lsak, 13 mln foydalanuvchi brendlar yordamida birlashtirildi. Ammo ular yagona ekotizimga kiritilgan deb ayta olamizmi — umumiy interfeys, o‘zaro bog‘langan birliklar, yagona foydalanuvchi tajribasi bormi? Hozircha yo‘q. Ehtimol, bu kelajakda o‘zgarar. Fintex bozoridagi raqobatga kelsak, u kuchayishi mumkin. Har qanday holding murakkab tuzilma bo‘lib, u startap yoki raqamli ekotizim kabi moslashuvchanlikka ega emas. Bu shuni anglatadiki, kichikroq o‘yinchilar manyovr uchun makon va tajribalar uchun esa ochiq maydonga ega bo‘ladi. Moslashuvchanlik, reaksiya tezligi, byurokratiyaning yo‘qligi va qattiq korporativ iyerarxiya ularning foydasiga ishlaydi”, — dedi u.
“Miqdor har doim ham ijobiy sifat o‘zgarishlariga sabab bo‘lmaydi. Hozirgi vaqtda bular turli xil shart-sharoitlarda rivojlangan va shunga mos ravishda turli xil maqsadli auditoriyaga ega bo‘lgan ikki xil biznes bo‘lib, o‘rnatilgan korporativ madaniyat, ularning muvofiqligi va boshqalarni gapirmasa ham bo‘ladi. „Uzum“ rahbariyati oldida bu va boshqa ko‘plab masalalarni hal qilish vazifasi turibdi”, — deya ta’kidlaydi A’zamov.
“Uzum"ga qarshilik ko‘rsatish uchun boshqa fintex kompaniyalarining birlashishi mumkinmi?
Muzaffar A’zamovning so‘zlariga ko‘ra, bozorda ikkita yirik va boshqa ko‘plab o‘z yo‘nalishlariga ega o‘yinchilar shakllangan. “Majoziy ma’noda aytganda, uch oyoqli taburet atigi ikki oyoqli taburetga qaraganda ancha barqaror. Menimcha, bozor barqarorligi va rivojlanishiga hissa qo‘shadigan boshqa o‘yinchilarning paydo bo‘lishi zarur”, — deya xulosa qildi u.
Muzaffar A’zamov
“Yaqin kelajakda bozorni monopollashtirish tendensiyasi kuchayadi — bu bank sektori, fintex va umuman elektron xizmatlar sohasiga taalluqlidir. “Uzum” va “Click"ning birlashishi jarayonga katta ta’sir ko‘rsatmaydi, chunki konsolidatsiya tendensiyasi uzoq vaqt davomida qayd etilgan. Boshqa kompaniyalar Uzum bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri raqobat qilish uchun kuchlarni birlashtiradimi yoki yo‘qmi, bu ularning strategiyasiga bog‘liq”, — dedi Dobrinin.
Uningcha, albatta, tendensiyalar va bitimlarni kuzatib borish kerak, lekin ularning ta’sirini ortiqcha yuqori baholamaslik kerak. Nima bo‘lganda ham, har bir kompaniya o‘z mijozlari bazasini, daromadini va bozor ulushini oshirishga intiladi. Va buning uchun raqobatchilarga e’tibor qaratish shart emas.
“Hech bir soha yoki bozor monopoliyadan foyda ko‘rmasligini yodda tutish kerak. Buning uchun raqobatni saqlab qolish kerak. Va agar o‘yin qoidalari saqlanib qolinsa, bundan hamma yutadi. Ko‘pgina jarayonlar arzonlashadi, e-com, ya’ni internet-savdoni juda ajoyib rivojlanish davri kutmoqda, onlayn xarid qilish osonroq bo‘ladi. Fintexga kelsak, tabiiy monopoliyalar ko‘plab bozorlarda organik tarzda paydo bo‘ladi. Biroq, u raqobat uchun, yangi o‘yinchilar, jumladan, xalqaro kompaniyalar uchun hamon ochiq, deydi Mahmudov. — Qozog‘istonda mutlaq yetakchi, asosiy o‘yinchi bor. Endi biz ularning bozoriga B2B mahsuloti bilan kirdik. Aniq bilamizki, kirish nuqtasi bor — siz ajoyib mahsulotni taklif qilsangiz, hatto bozorda yetakchi bilan raqobatlasha olasiz. Men o‘zim va O‘zbekistondagi hamkasblarim uchun aynan shunday rivojlanishni tilagan bo‘lardim”.
Uning qo‘shimcha qilishicha, uning kompaniyasi uchun bozorning ochiqligi va raqobat kafolatning bir qismidir; “OSON” chet eldan investorlarni jalb etish niyatida sarmoya kiritishda yuqori xatarlar bor ekanligidan xabardor. Agar iqlim o‘zgarsa, bularning barchasini qilishning deyarli imkoni bo’lmaydi.
Bunday birlashishning bozor uchun xatarlari qanday?
Dobrininning so‘zlariga ko‘ra, birlashish xavf tug‘dirmaydi — aksincha, bu kompaniyalar va investorlar uchun ijobiy signaldir. Bitim O‘zbekiston fintex bozori to‘xtab qolmasligini, raqamli iqtisodiyot segmenti o‘sib borayotganini isbotlaydi.
Raqobat kuchayadi, lekin bozor monopolistlar tomonidan bosib olinadigan darajada emas. Bu shuni anglatadiki, kichik kompaniyalar endi mijozlarning sodiqligini oshirish uchun mahsulotni yaxshilashga harakat qiladi.
“O‘zbekiston fintex bozori hali rivojlanishning dastlabki bosqichida, biroq bu yerda hozirning o‘zida ham birinchi ekotizimlar va super ilovalar paydo bo‘lmoqda, shuningdek, raqamli mahsulotlarga yo‘naltirilgan holdinglar shakllanmoqda. Investitsiyalar nuqtai nazaridan, mintaqa tobora jozibador bo‘lib bormoqda va hatto nisbatan kichik investitsiyalar ham ko‘p marta o‘zini oqlashi mumkin — bu rivojlanayotgan iqtisodiyotning asosiy afzalliklaridan biridir”, — deydi “Humans” bosh direktori.
“Cheklangan miqdordagi o‘yinchilar dominant o‘yinchi va undan ham yomoni, monopolistga aylangan holda bozorni shakllantirish uchun muhim xavf-xatarlarni yaratadi. Faraz qiladigan bo‘lsak, bunday holatda undan tashqari hamma yutqazadi. Birinchi navbatda iste’molchilar, biznes hamjamiyat va davlat”, — deydi A’zamov.
Nargis Do‘stmatova marketpleys tomonidan to‘lov tizimini sotib olinganining ayrim salbiy tomonlarini ham qayd etdi. Uning fikricha, marketpleys tomonidan to‘lov tizimlarini sotib olish monopoliyaga olib kelishi mumkin.
Buning sababi shundaki, marketpleys to‘lov tizimiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri kirish imkoniyatiga ega, bu esa uchinchi tomon to‘lov tizimlariga tayanadigan boshqa elektron tijorat bizneslariga nisbatan adolatsiz ravishda ustunlik beradi.
Nargis Do‘stmatova
Bundan tashqari, o‘z to‘lov tizimlariga ega bo‘lgan marketpleyslar bemalol bo‘lib qolishi va innovatsiyalar yetishmovchiligini his qilishlari mumkin. Uchinchi tomondagi to‘lov tizimlari bilan raqobat bo‘lmasa, ular o‘z xizmatlarini yangilash va yaxshilashga ehtiyoj sezmasligi mumkin.
Xulosa qilib, Do‘smatova xavfsizlik omilini keltirib o‘tdi. O‘z to‘lov tizimlariga ega bo‘lgan bozorlar mijozlarning to‘lov ma’lumotlariga ega bo‘lish imkoniga ega, bu esa ularni xakerlar nishoniga aylantiradi. Bu mijozlarning moliyaviy ma’lumotlarini xavf ostiga qo‘yadi.
Endi nima bo‘ladi: raqobat kuchayadimi yoki monopoliya mustahkamlashadimi?
“Raqobat, albatta, kuchayadi, lekin bozorni to‘liq monopollashtirish haqida gapirishga hali erta — O‘zbekistonda buning uchun hech qanday shart-sharoit yo‘q. Har qanday monopoliya uchta komponentga tayanadi: yaxshi mahsulot, malakali rivojlanish strategiyasi va katta investitsiyalar ($100 mln va undan ko‘proq). Shu bilan birga, hatto iqtisodi rivojlangan mamlakatlarda ham, masalan, AQShda bunday poydevor muvaffaqiyatga kafolat bermaydi. O‘zbekistonda monopoliyalarning paydo bo‘lishi uchun shart-sharoitlar hali prinsipial shakllantirilgani yo‘q”, — deb hisoblaydi Dobrinin.
Uning ta’kidlashicha, yirik kompaniyalar hozircha bozor shartlarini belgilay olmaydi — ko‘pi bilan ular bozorda tendensiyalarni o‘rnata olishadi. Har holda, ko‘p narsa bitim natijalariga bog‘liq — holding daromad yoki bozor ulushini oshirishga muvaffaq bo‘lsa — yaxshi, lekin “Uzum” O‘zbekistonda raqamli iqtisodiyotning drayveriga aylansa — bu undan ham yaxshiroq. Raqamli birinchi kompaniyalarning o‘sishi butun sanoat uchun kafolatlangan ijobiy signaldir.
“Har bir biznes monopoliya qurishni xohlaydi va bu tabiiy hol. Lekin iste’molchi va jamiyat manfaatlaridan kelib chiqqan holda bozorda ijtimoiy taraqqiyotga foydali ta’sir ko‘rsatadigan haqiqiy raqobatning mavjudligi muhim ahamiyatga ega. Menimcha, salbiy prognozlar keltirishga hali erta, lekin har holda bozorda yirik o‘yinchilar qancha ko‘p bo‘lsa, shuncha yaxshi”, — deya xulosa qildi A’zamov.
O‘zbekiston fintex assotsiatsiyasi raisining fikricha, elektron tijorat bozori afzalliklar va xatarlarni ko‘rib chiqishi va to‘lov tizimini sotib olish ularning biznesi uchun to‘g‘ri qadam bo‘lgan-bo‘lmaganligini hal qilishi kerak.
“Qolaversa, tartibga soluvchilar yaxshi raqobat muhitida elektron tijorat rivojlanishini ta’minlash uchun bozorni kuzatib borishlari kerak”, — deya xulosa qildi Do‘smatova.