O‘zini o‘zi band qilgan holda taksichilik bilan shug‘ullanayotganlar soni 148 ming nafarni tashkil etmoqda, deya xabar berdi Transport vazirligi matbuot ximati.
Ayni ushbu yo‘nalishda o‘zini o‘zi band qilganlar soni bo‘yicha 18 816 nafar ko‘rsatkich bilan Toshkent shahri yetakchilik qilmoqda.
Keyingi o‘rinlardan Samarqand, Toshkent, Buxoro hamda Andijon viloyatlari joy olgan.
Soliq qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, 7594 nafar taksi haydovchisi ish stajini hisoblash uchun 2 mlrd 120 mlnn so‘m ijtimoy soliq to‘lagan.
Prezident qaroriga asosan 2022-yil 1- sentabrdan 2024-yil oxirigacha 4 tadan ko‘p bo‘lmagan o‘rindiqlarga ega transport vositalarida yo‘lovchi tashuvlariga o‘zini o‘zi band qilish deb qaralishi va ushbu faoliyat litsenziya varaqasi asosida amalga oshirilishi belgilangan.
Yengil avtotransportda yo‘nalishsiz taksi xizmatini ko‘rsatish o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari ro‘yxatiga kiritilgandan so‘ng fuqarolar qat’iy belgilangan daromad solig‘i to‘lashdan ozod bo‘ldi.
Va bir yilda bir marta ixtiyoriy ravishda bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida ijtimoiy soliq to‘lash orqali mehnat stajiga hamda kelgusida pensiya olish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Ushbu faoliyat turi bo‘yicha fuqarolar Soliq mobil ilovasi orqali masofadan turib bepul ro‘yxatdan o‘tishi mumkin.
Mazkur faoliyat turi bo‘yicha fuqarolar litsenziya olishi talab etiladi. Bunda litsenziya olish uchun bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida to‘lov amalga oshiriladi.
Qanday qilib o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan qanday o‘tish mumkin?
Xizmatdan Yagona portal orqali bepul foydalanish mumkin hamda hech qanday hujjat talab qilinmaydi.
Qidiruv tizimiga “O‘zini o‘zi band qilgan shaxslarni ro‘yxatdan o‘tkazish” kalit so‘zini kiritish orqali kerakli sahifa shakllanadi.
Xizmatdan foydalanish orqali ma’lumotlarni qo‘shish, tahrirlash va o‘chirish mumkin. Birinchi bo‘limda ma’lumotlarni kiritish mumkin.
Shuningdek, o‘zini o‘zi band qilganlar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari keltirilgan.
U yerdan mos faoliyat turini tanlab, so‘ralgan ma’lumotlar kiritilgach, “qo‘shish” tugmasi bosiiladi.
Shu bilan foydalanuvchi o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatga kiritiladi.
Xizmatdan havola orqali foydalanish mumkin.
Kira qilish uchun litsenziya varaqasini qanday onlayn olish mumkin?
Yo‘lovchilarni va yuklarni xalqaro yo‘nalishlar bo‘yicha tashishga litsenziyani ikki xil usulda olish mumkin — birinchisi Davlat xizmatlari markazi orqali, ikkinchisi Yagona portal orqali.
Qidiruv tizimiga “Avtomobil transportida yo‘lovchilarni va yuklarni xalqaro yo‘nalishlar bo‘yicha tashish” kalit so‘zlarini kiritish orqali kerakli sahifa shakllanadi.
“Xizmatdan foydalanish” tugmasi bilan ariza to‘ldirish jarayoni boshlanadi.
Bu yerdan yangi litsenziyalarni olish bilan birga quyidagilarni ham amalga oshirish mumkin:
- litsenziya kartochkasini hamda qo‘shimchasini olish;
- avval olingan litsenziya va kartochkani qayta rasmiylashtirish;
- litsenziya va kartochkaning amal qilishini to‘xtatish mumkin.
Undan keyingi bosqichlarda haydovchi va avtotransport haqidagi ma’lumotlarni to‘ldirish kerak.
Yagona portal orqali xizmatdan foydalanish narxi 297 ming so‘mni tashkil etadi.
Shuni unutmaslik kerak, haydovchi Yagona portal yoki Davlat soliq inspeksiyasi orqali o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tishi lozim.
“Spot” qanday qilib o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tish mumkinligi haqida ham qo‘llanmani taqdim etgandi.
Haydovchilik uchun litsenziya varaqasini olishga havola orqali onlayn ariza jo‘natish mumkin.