Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tomonidan “Tadbirkorlarga maslahat” tamoyili asosidagi xizmat joriy yilning 1-iyul sanasidan yo‘lga qo‘yiladi.

Bunda haftaning dushanba va payshanba kunlari tadbirkorlar uchun qonunchilikda belgilangan yordamlar, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish, rivojlantirish va kengaytirish to‘g‘risidagi turli mavzular bo‘yicha onlayn tarzda maslahat beriladi.

Qayd etilishicha, ushbu maslahatlar bo‘yicha barcha majburiyatni bajarish Jamg‘arma majburiyatida emas.

Avvalroq “IT Park” va Markaziy Bank oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolangani haqida xabar berilgandi.

Kelishuv doirasida tadbirkorlar uchun moliyaviy savodxonlik bo‘yicha taʼlim dasturlari va loyihalari ishlab chiqiladi.

Shuningdek, prezident qarori bilan tashkil qilingan tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash kengashining vazifalari belgilangandi.

Xususan, tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda bildirilgan taklif va tashabbuslarning vazirlik va idoralar tomonidan samarali va o‘z vaqtida ijro qilinishi bo‘yicha jamoatchilik nazorati o‘rnatiladi.

Davlat organlari, tadbirkorlik subyektlari, ilmiy doiralar, nodavlat notijorat tashkilotlar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari o‘rtasida samarali hamkorlikni ta’minlash vazifasi belgilandi.

Tadbirkorlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga daxl qiluvchi masalalar yuzasidan jamoatchilik fikrini tizimli monitoring va tahlil qilish hamda ijtimoiy so‘rovlar o‘tkazish joriy etiladi.


Avvalroq, Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlik va sanoatni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash chora-tadbirlari yuzasidan videoselektorda muhim topshiriq va vazifalarni bergandi.