Dubayning “DP World” kompaniyasi O‘zbekiston logistika sanoatiga sarmoya kiritishni ko‘paytirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Shu maqsadda Ivestitsiyalar, sanoat va savdo vazirining o‘rinbosari Oybek Xamrayev va “DP World” kompaniyasining maxsus iqtisodiy zonalar bo‘yicha direktori Muhammad Sulaymon Ol-Suvaydiy va “CBRE” konsalting kompaniyasining loyihani amalga oshirish bo‘yicha maslahatchisi Harish Rajagopalan bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Uchrashuvda tomonlar “Navoiy” EIZ va “Navoiy” aeroportini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikdagi ishlarni muhokama qildi.

Xorijiy tomon maxsus iqtisodiy zonaning ishlab chiqarish salohiyati, yuk terminalining texnologik xususiyatlari bilan atroflicha tanishtirildi.

Kompaniyaning innovatsion yondashuvlari va ilg‘or tajribasini qo‘llash orqali EIZ faoliyati samaradorligini va terminalning o‘tkazuvchanlik qobiliyatini oshirish imkoniyatlari qayd etildi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha, “DP World kompaniyasi joriy yil sentabr oyi oxirigacha “Navoiy” EIZni kompleks rivojlantirish strategiyasini taqdim etadi.

Ma’lumot uchun: BAAning “DP World” kompaniyasi 2005-yilda tashkil etilgan. Faoliyatining asosiy yo‘nalishi butun dunyo bo‘ylab dengiz va quruqlikdagi portlarni boshqarish va rivojlantirish hisoblanadi. Hozirgi kunda DP World 45 mamlakatda 150 dan ortiq kompaniyalarni boshqaradi.


Avvalroq “Spot” “Uzbekistan Airports” Navoiy aeroporti orqali havo yuk tashish hajmini oshirish uchun BAA kompaniyasini jalb qilgani haqida yozgandi.