21-iyun kuni Yevropa davlatlari vakillari Rossiyaga qarshi sanksiyalarning o‘n birinchi paketi bo‘yicha kelishib oldi, deya xabar bermoqda “Euronews”.

U Ukrainada keng ko‘lamli mojaro boshlanganidan keyin 2022-yil fevralidan beri joriy qilingan cheklovlarni chetlab o‘tishning oldini olish choralarini o‘z ichiga oladi.

Gap eksport nazoratini kuchaytirish va sanksiyalarni chetlab o‘tishda ishtirok etganlikda gumon qilinayotgan Rossiyadan tashqaridagi kompaniyalarga ta’sir o‘tkazish haqida bormoqda.

YeI MDH mamlakatlariga — masalan, Armaniston yoki O‘zbekistonga tovarlar yetkazib berish hajmining keskin ortishidan, jumladan, cheklovlar qo‘yilganidan xavotirda edi. Keyin bu mahsulotlar Rossiyaga “parallel import” orqali yetib boradi.

“Kreml tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan tashkilotlarga nisbatan eksport cheklovlarini kuchaytirish Putinning urush mashinasiga yana bir zarba beradi”, — dedi Yevropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayen bayonotida.

Bizning sanksiyalarni chetlab o‘tishga qarshi vositamiz Rossiyaning ushbu ro‘yxatdagi tovarlarni olishiga to‘sqinlik qiladi, deydi u.

Yevropa Ittifoqi 71 shaxs va 30 tashkilotni sanktsiyalar roʻyxatiga kiritdi. Bundan tashqari, blok mamlakatlariga rus yuk mashinalarining kirishiga va “Drujba” quvurining janubiy tarmogi orqali Rossiyadan neft yetkazib berishga taqiq joriy etilmoqda.


Avvalroq “Spot” Yevropa Ittifoqi Rossiyaga yordam berayotgani uchun O‘zbekiston kompaniyalariga sanksiya kiritishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.