“Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi zamonaviy texnika vositalari bilan jihozlangan Parvozlarni boshqarish markazining yangi binosini foydalanishga topshirdi. Bu haqda “Spot” muxbiri xabar bermoqda.

Mazkur markaz prezidentning 2019-yildagi aviakompaniyani tarkibiy o‘zgartirish to‘g‘risidagi farmoni e’lon qilingandan so‘ng tashkil etilgan.

Parvozlarni boshqarish markazi aviakompaniyaning joriy faoliyatini tezkor boshqarish, yuzaga keladigan har qanday muammolarni hal qilish imkonini beradi.

Bu yerda muhim ma’lumotlar jamlangan bo‘lib, istalgan vaqtda havo kemalari parkini joylashuvi, ularning texnik holati, parvozga tayyorlik darajasi va hattoki parvozdagi yo‘lovchilar haqida to‘liq ma’lumot olish imkonini taqdim etadi.

“Uzbekistan Airways” bu jarayonga eng so‘nggi texnologiyalarni joriy etib, “Boeing” kompaniyasining dasturiy ta’minotiga o‘tishni amalga oshirdi.

Ushbu yechim parvoz haqidagi barcha ma’lumotlarni birlashtirishga va uni parvozga tayyorlanayotgan uchuvchining planshetiga elektron tarzda yuborishga yordam berdi.

Qayd etilishicha, markazdagi texnika vositalari fransuz ishlab chiqaruvchisi — “SITA” kompaniyasidan xarid qilindi.

Bu esa aviakompaniyaning barcha havo kemalarining hozirgi holatini kuzatish, parvozdagi meteorologik vaziyatni tahlil qilish va dunyoning istalgan nuqtasida bort kompyuteri orqali ekipajlar bilan aloqada bo‘lish imkonini beradi.

“Bizning asosiy vazifamiz doimo parvozlar xavfsizligi bo‘lib qoladi. Xavfsizlikni ta‘minlash hamda tezkor qarorlar qabul qilish asosida yangilangan va yuqori texnologiyalarga ega Parvozlarni boshqarish markazi o‘z faoliyatini boshladi”, — dedi “Uzbekistan Airways” Boshqaruv raisi Shuxrat Xudaykulov.

parvozlarni boshqarish markazi, uzbekisatn airways

Markaz aviakompaniyaning parvozlar muntazamligini imkon qadar yuqori bo‘lishini va parvozlar kechikishi bilan bog‘liq omillarni minimallashtirish ustida ishlamoqda.


Avvalroq “Spot” Toshkent xalqaro aeroportida aviatsiya xavfsizligi nazorati zonasi ochilgani haqida xabar bergandi.

Mazkur hududda yonuvchan va portlovchi moddalarni, metall buyumlarni aniqlash imkonini beruvchi CEIA skanerlari hamda tana skanerlari va rentgen jihozlari, shuningdek, steril zonasi o‘rnatilgan.