Yaponiya hukumati tomonidan o‘tkazilgan xalqaro tanlovda O‘zbekistonning vodorod loyihasi g‘olib bo‘ldi, xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati.
“Satreps” — Yaponiya hukumatining global muammolarni hal qilishga qaratilgan xalqaro qo‘shma tadqiqotlarni ilgari surish uchun Yaponiya fan va texnologiyalar agentligi (JST) hamda Yaponiya Xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) tomonidan moliyalashtiriladigan dasturidir.
Uning maqsadi O‘zbekistonda vodorod ishlab chiqarish bo‘yicha texnologik jarayonlarni iqtisodiy baholash orqali asoslangan ilmiy-tajribaviy tadqiqotlar o‘tkazish va vodorod energetikasi sohasida kadrlar tayyorlashdan iboratdir.
Loyiha besh yil davom etadi hamda tadqiqot faoliyati, tajribaviy asbob-uskunalarni xarid qilish va o‘zbekistonlik yosh olimlarni o‘qitish uchun $3,5 mln ajratiladi.
Energetika vazirligi, vazirlik huzuridagi Qayta tiklanuvchi energiya manbalari milliy ilmiy-tadqiqot instituti bilan UJICY, KU, I2CNER va hamkor tashkilotlar quyidagi tanlab olingan to‘rtta dastlabki tadqiqotlarni boshladi:
- tugallangan neft quduqlaridan foydalangan holda vodorod ishlab chiqarish;
- O‘zbekiston iqlim sharoitida zamonaviy perovskit quyosh batareyalarini rivojlantirish;
- bug‘ elektrolizi asosida vodorod ishlab chiqarish;
- fotokatalitik uslubda vodorod ishlab chiqarish.
Avvalroq, Yaponiya xalqaro hamkorlik banki Sirdaryo-2 IES qurilishiga qariyb $400 mln ajratishi haqida xabar berilgandi.