Shavkat Mirziyoyev 23-iyun kuni Qashqadaryo viloyati saylovchilari bilan saylovoldi uchrashuvi o‘tkazmoqda, deb xabar berdi “O‘zLiDeP” matbuot xizmati.
Davlat rahbari nutqidagi asosiy mavzulardan biri prezident “haqiqiy qahramonlar” deb atagan mehnat muhojirlari bo‘ldi. U aytgan maʼlumotlarga koʻra, hozirda 2 mlnga yaqin oʻzbekistonlik xorijda mehnat qilmoqda.
“Yangilangan Konstitutsiyada davlat o‘z hududida ham, uning tashqarisida ham o‘z fuqarolarini himoya qilish va ularga homiylik ko‘rsatishni kafolatlashini muhrlab qo‘ydik”, — dedi Mirziyoyev.
Kelgusi 7 yil ichida vatandoshlarga yordam berish bo‘yicha qator chora-tadbirlarni amalga oshirish rejalashtirilgan, deya qayd etdi u.
Shunday qilib, O‘zbekistonga ishlash yoki tadbirkorlik uchun kelmoqchi bo‘lgan vatandoshlar uchun litsenziya talabi bekor qilinadi. Ularga vizalar va doimiy yashash uchun ruxsatnomalarni rasmiylashtirish soddalashtiriladi.
Vatandoshlar uchun kirish vizalarining amal qilish muddati bir yildan uch yilgacha uzaytiriladi. Shu bilan birga, viza olish uchun to‘lovlar 3 barobarga kamaytiriladi.
Bundan tashqari, “vatandosh guvohnomasi"ni joriy etish rejalashtirilgan bo‘lib, uning egalari ko‘chmas mulk sotib olish va sotish, ta’lim, tibbiyot va boshqa xizmatlardan foydalanishda fuqarolar bilan teng huquqlarga ega bo‘ladi.
Davlat chet elda qiyin ahvolga tushib qolgan fuqarolarga yordam beradi. Ularga hujjatlarni tiklash, advokatlarni jalb qilish va yuridik yordam ko‘rsatish, zarur hollarda O‘zbekistonga qaytish xarajatlari qoplanadi.
AQSh, Kanada, Buyuk Britaniya, Yaponiya va Yevropa davlatlaridan yuqori maosh to‘lanadigan ish topib ketayotgan yurtdoshlarimizga yo‘l chiptasi va “ishchi viza"ni olish xarajatlari to‘liq qoplab beriladi.
Germaniya, Yaponiya, Birlashgan Arab Amirliklari va boshqa davlatlarda, shuningdek, Rossiyaning yirik shaharlarida bepul huquqiy, moddiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatadigan markazlar ochiladi (hozirda Rossiyaning Moskva shahrida hamda Koreya, Qozog‘iston va Turkiyada tashkil etilgan).
“Xorijdagi vatandoshlarimiz bilan ishlash, chet elga ishlashga va o‘qishga ketgan odamlarimizni ijtimoiy, huquqiy va moddiy qo‘llab-quvvatlash tadbirlariga kelgusi yillarda $200 mln yo‘naltiriladi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Vatandoshlarimiz uchun O‘zbekiston bo‘ylab, ayniqsa, Samarqand, Buxoro, Xiva va Shahrisabz shaharlariga maxsus sayohatlar hamda chegirmalar paketi ishlab chiqiladi.
Bu ishlarni samarali tashkil qilish uchun, “Vatandoshlar” jamoat fondiga 300 mlrd so‘m ajratiladi.
Avvalroq “Spot” Jahon banki maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekistonga pul oʻtkazmalari 20%ga oshgani va bu koʻrsatkich oʻsishda davom etayotgani haqida yozgandi.