Xitoyning Siyamen portidan Sergeli stantsiyasiga Eron orqali birinchi konteyner poyezdi harakati yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda “O‘ztemiryo‘lkonteyner” matbuot xizmati xabar bermoqda.

Tarkibida maishiy texnika yuklari (muzlatgich, kir yuvish mashinasi, gaz plitalari) bo‘lgan konteynerlar Xitoydan dengiz orqali Bander-Abbas portiga olib kelinadi hamda Eronning Bander-Abbas portida temir yo‘l platformalariga ortilgan holda Turkmaniston orqali O‘zbekistonga kirib keladi.

39 ta 40 futlik konteynerlardan tashkil topgan blok poyezdi Bander-Abbas portidan Sergeli stantsiyasigacha 14 kunda yetib kelishi belgilangan.

2022-yilda Oʻzbekiston va Eron hududi orqali tovarlar tranzitini oshirish boʻyicha kelishuvga erishilgandi.

Shuningdek, Eronning Chobahor portidan O‘zbekistonga yuk tashuvlari yo‘lga qo‘yilishi haqida xabar berilgandi.

O‘zbekiston Turkmaniston va Eron bilan transport sohasida hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan qator kelishuvlarga erishdi.


Avvalroq “Spot” O‘zbekiston Boku portida o‘z terminalini ochishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.

Mamlakatdan kelayotgan tovarlarni saqlash uchun mazkur port hududida ombor infratuzilmasini yaratish ishlari olib borilmoqda.