Kreditorlarning garov bilan ta’minlangan talablarini qanoatlantirish tizimi takomillashtiriladi
1-iyuldan undiruv garovga qo‘yilgan mol-mulkka suddan tashqari tartibda qaratilganda garovni E-auksion platformasida kreditorning yoki qarzdorning buyurtmasi asosida qo‘yishga ruxsat etiladi.
Hisob-kitob va kredit munosabatlaridan kelib chiqadigan asoslar bo‘yicha qarzni undirish uchun notariuslardan ijro xati olishda tijorat banklari oldidagi qarzni ikki tomonlama tasdiqlovchi solishtirish dalolatnomasi talab etilmaydi.
2024 yildan quyidagilar joriy etiladi:
- to‘lovga qobiliyatsizlik tartib-taomillari jarayonida kreditorlarning garov bilan ta’minlangan talablarini garovga qo‘yilgan mol-mulk qiymatidan qanoatlantirishda ularga mutlaq ustunlik berish;
- garovga qo‘yilgan mol-mulkni takroriy auksionda sotish mumkin bo‘lgan eng past narxni auksion obyekti boshlang‘ich narxining 80%i miqdorida belgilash.
Bunda, mol-mulk takroriy auksionda realizatsiya qilinmasa, undiruvchiga ushbu mol-mulkni auksion boshlang‘ich narxidan 25% past qiymatda o‘zida qoldirish taklif qilinadi.
Davlat organlari rahbarlari raqamli texnologiyalar bo‘yicha qisqa muddatli kurslarda o‘qitiladi
Respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining AKTni rivojlantirish uchun mas’ul xodimlari malakasini oshirish va reyting baholashni tashkil etish bo‘yicha hukumat qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan, 1-iyuldan davlat organlarining AKT sohasiga ma’sul xodimlari 3 yilda bir marta malakasini oshiradi hamda xodimlarning malakasini oshirishga Raqamli texnologiyalar vazirligi mas’ul hisoblanadi.
Malaka oshirish kursi 24 soatdan kam bo‘lmasligi lozim, kursni ta’momlagan xodimlar ikki oyda reyting baholashdan o‘tkaziladi.
Shuningdek, malaka oshirish bilan bog‘liq barcha xarajatlar ularni yuborgan davlat organlarining mablag‘lari hisobidan qoplanadi.
1-iyuldan tadbirkorlarga maslahat xizmati yo‘lga qo‘yiladi
Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tomonidan “Tadbirkorlarga maslahat” tamoyili asosidagi xizmat joriy yilning 1-iyul sanasidan yo‘lga qo‘yiladi.
Bunda haftaning dushanba va payshanba kunlari tadbirkorlar uchun qonunchilikda belgilangan yordamlar, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish, rivojlantirish va kengaytirish to‘g‘risidagi turli mavzular bo‘yicha onlayn tarzda maslahat beriladi.
Qayd etilishicha, ushbu maslahatlar bo‘yicha barcha majburiyatni bajarish Jamg‘arma majburiyatida emas.
Kompaniyalar korporativ kartalar orqali onlayn reklama uchun haq to‘lashlari mumkin bo‘ladi
Hukumat yuridik shaxslarga xorijiy ijtimoiy tarmoqlardagi reklama uchun to‘lovlarni korporativ bank kartalaridan amalga oshirishga ruxsat berdi. Qaror ma’lumotlar bazasida e’lon qilingan.
Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi"da korporativ valyuta kartalaridan foydalangan holda xorijiy internet xizmatlari orqali reklama xarajatlarini to‘lash tizimini takomillashtirish to‘g‘risidagi nizom ko‘zda tutilgan. U 2022-yilning avgustda prezident tomonidan tasdiqlangan.
1-iyuldan kompaniyalar ijtimoiy tarmoqlardagi reklama narxini korporativ kartadan hisoblay oladi. Maksimal miqdor kalendar oyiga $5 mingni tashkil etadi.
Mazkur to‘lovlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar tashqi savdo operatsiyalarining maxsus tizimiga kiritilishi kerakligi belgilangan.
“Yashil energiya” sertifikati tizimi joriy etiladi
“Yashil energiya” sertifikatlari tizimi joriy qilinib, gidroelektr stansiyalariga “yashil” sertifikat berilishi belgilangan. Xususan, bu bo‘yicha prezident qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan, elektrning qayta tiklanuvchi manbalari asosida ishlab chiqarilganini tasdiqlovchi “yashil energiya” sertifikati tizimi quyidagi bosqichlarda joriy etiladi:
- 1-iyuldan — “O‘zbekgidroenergo"dagi gidroelektr stansiyalarida ishlab chiqarilgan elektr uchun;
- 1-oktabrdan — quyosh, shamol va gidroelektr stansiyalarida ishlab chiqarilgan elektr uchun.
Bitta “yashil energiya” sertifikati 1000 kVt*soat elektr ishlab chiqarilganligini tasdiqlaydi.
“Yashil energiya” sertifikatlari tizimini yuritish Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
Qayta tiklanuvchi manbalardan foydalanishga asoslangan generatsiya obyektlarining “yashil energiya” sertifikatlari savdosidan tushgan daromadlari foyda solig‘idan ozod etiladi.
Hukumat qarori bilan “Avtomototransport vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va ularga ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgilarini berish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida"gi qarorga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Qaror bilan oshirilgan to‘lov stavkalari bo‘yicha beriladigan I, IA, IE, IAE, III, IIIA, IIIE, IIIAE tipidagi avtotransport vositalari uchun ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgilarining ro‘yxati yangilandi.
2023-yil 1-iyuldan auksion savdolari orqali sotilishi belgilanmagan, harflari bir xil kombinatsiyada bo‘lgan 680 juft davlat raqami belgilari 6-toifaga doir boshlang‘ich narxda auksion savdolariga qo‘yiladi.
Shuningdek, avtomobil boshqa shaxsga o‘tkazilganda uning oshirilgan stavkada olingan “chiroyli raqami” yo‘l harakati xavfsizligi organlarida 12 oyga saqlanishi mumkin. Undan keyin yana 12 oyga saqlash uchun BHMning 1 baravari (330 ming so‘m) miqdorida pul to‘lanadi.
Ilgari qo‘shimcha 12 oy saqlash tartibi bo‘lmagan, 12 oydan keyin “chiroyli raqam” olib qo‘yilgan.
“Jamoatchilik ekologiya nazoratchisi” tizimi joriy qilinadi
Shuningdek, chiqindi poligonlarini xususiylashtirish taqiqlanadi. “Chiqindilarni ommaviy yig‘ish” (O‘zPlogging) umummilliy harakati tashkil etiladi.
Qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash, olib chiqib ketish bo‘yicha aholiga ko‘rsatilgan xizmatlar uchun vujudga kelgan qarzdorlikni majburiy tartibda undirish uchun sudga da’vo arizalari sanitar tozalash xizmatlarini ko‘rsatuvchi korxonalar tomonidan kiritiladi.
Prezidentning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonini jadallashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, Jahon savdo tashkiloti bilan ishlash bo‘yicha idoralararo komissiyaning yangilangan tarkibi tasdiqlandi.
Qaror bilan prezidentning Jahon savdo tashkiloti masalalari bo‘yicha maxsus vakili lavozimi tashkil qilindi.
JSTga a’zo bo‘lish jarayonini jadallashtirish, mas’ul vazirlik va idoralar faoliyatining natijadorligini ta’minlash bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtirish maxsus vakilning asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi.
2023-yil 1-iyuldan JST qoida va me’yorlariga muvofiq bo‘lmagan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish taqiqlanadi.
Ko‘piklanadigan va tabiiy vino mahsulotlari aksiz markalari bilan markalanmaydi
1-iyuldan ko‘piklanadigan va tabiiy vino mahsulotlari aksiz markalari bilan markalanmaydi. 1-avgustdan esa alkogol mahsulotlarining tovar belgilari ro‘yxatga olinganligi to‘g‘risidagi guvohnomaning mavjudligi alkogol mahsulotlari ishlab chiqarish uchun litsenziya talabi hisoblanadi.
1-sentabrdan tamaki mahsulotining ulgurji va chakana savdosi, pivo mahsulotining ulgurji savdosi xabardor qilish tartibida amalga oshiriladi.