“Qatar Airways” aviakompaniyasi Doxadan Toshkentga muntazam parvozlarni boshlaydi, deya xabar bermoqda Transport vazirligi matbuot xizmati.
23-iyun kuni Transport vaziri Ilxom Maxkamov Qatarning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Hasan Hamza Asad Muhammad Hoshim bilan uchrashdi.
Uchrashuvda tomonlar ikki mamlakat o‘rtasida muntazam aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish masalasini muhokama etishdi.
Elchi “Qatar Airways” aviakompaniyasi Doxa — Toshkent — Doxa yo‘nalishida aviaqatnovlarni amalga oshirish bo‘yicha kompaniya ichki tartiblarini ishlab chiqayotganini ma’lum qildi.
Tomonlar ushbu jarayonlar yakunlangach, parvozlarni amalga oshirish bo‘yicha mavjud talab va qoidalar yuzasidan muzokaralar o‘tkazishga kelishib oldi.
2022-yil sentabr oyida “Oʻzaviatsiya” agentligi tomonidan “Qatar Airways” aviakompaniyasiga “Doxa — Toshkent — Doxa” yoʻnalishida muntazam parvozlarni amalga oshirish uchun ruxsatnoma bergandi.
Oʻzbekiston va Qatar hukumatlari oʻrtasida “Havo qatnovi toʻgʻrisida"gi bitim 2021-yilning iyunida imzolangandi. Unga koʻra, “Doxa — Toshkent — Doxa” yoʻnalishida toʻgʻridan toʻgʻri aviaqatnovlarni yoʻlga qoʻyish koʻzda tutilgandi.
2022-yil yanvar oyidan boshlab “Qatar Airways” Oʻzbekistonga parvozlarni amalga oshirishi haqida xabar berilgandi.
Parvozlar Airbus A320 samolyotlarida dushanba va juma kunlari Doxadan Toshkentga, seshanba va shanba kunlari esa qarama-qarshi yoʻnalishda amalga oshirilishi belgilangandi.
Avvalroq “Spot” “Centrum Air” aviakompaniyasi Qozog‘istonga parvozlarni boshlashi haqida yozgandi.
Toshkent-Olmaota yo‘nalishi bo‘yicha qatnovlar haftasiga uch marotaba — dushanba, chorshanba va juma kunlari Airbus 320 havo kemalarida bajariladi.