Odina Marufjonova 1998-yili Namangan viloyatida tug‘ilgan. 2022-yili Toshkent davlat Sharqshunoslik universitetining Xitoyshunoslik fakultetini tamomlagan.

Hozir Xitoyning Jiangsu universiteti 1-bosqich magistranti. U Chinese scholarship council “CSC” grantini qo‘lga kiritgan.

U “Spot” bilan suhbatda mazkur grantiga qanday erishgani, Xitoydagi o‘qish jarayoni, talabalarga yaratilgan imkoniyatlar, shuningdek mamlakat madaniyati va ta’lim tizimi haqida so‘zlab berdi.


Nima uchun Xitoy?

Xitoyni tanlashimning bir nechta sabablari bor. Ya’ni, xitoy tilini o‘rganganimdan keyin u yerdagi odamlarning yashash tarzi va uzoq yillik tarixga ega madaniyati bilan yaqindan tanishgim kelgan.

Shuningdek, rivojlangan davlat bo‘lgani uchun ta’lim tizimining yuqori ekanligi ham e’tiborimni tortgan.

Lekin bu orzumga erishish juda qiyindek tuyulardi. Birinchidan, O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasida masofa olis. Yana ota-onam ham ruxsat bermaydi deb o‘ylardim.

O‘zbekistonda OTMga topshirganimda birinchi yili kira olmaganman. Keyingi yili tayyorlanib, Sharqshunoslik universitetining Sharq filologiyasi, Uyg‘ur tili fakultetiga qabul qilinganman.

Uyg‘ur tili shinjonliklarning ona tilisi hisoblanadi va Shinjon esa Xitoyda joylashgan. Ular biri-biriga yaqin bo‘lgani uchun ham Xitoy tiliga qiziqib qolganman.

Bakalavrning birinchi yilida kursdoshim Xitoy tilini o‘rganayotganligini aytib, iyerogliflarning qanday yozilishini ko‘rsatgan.

O‘sha holat Xitoy tilining hayotimga kirib kelish nuqtasi bo‘lgan. Keyin boshqa kursdoshlarim ham Xitoy tili kursiga qatnayotganliklarini aytishgan.

Shundan so‘ng, ularga qo‘shilib men ham shu tilni o‘rgana boshlaganman. Xitoy tilini chuqur o‘rganishni boshlaganimdan keyin, 2-kursimdan sohamni Xitoy tiliga o‘zgartirganman.

Yangi guruhga qo‘shilganimdan keyin esa, bu tilni astoydil o‘rganishim kerakligini tushunganman.

Sababi kursdoshlarim bu tilni yaxshi bilardi. Ayrimlari esa Sharqshunoslik litseylarida ham xitoy tilini yaxshilab o‘rganib kelgan.

Ularni kuchli ekanligini ko‘rib, motivatsiya olganman va ko‘proq harakat qilganman.

Tanlov

Shu bilan bakalavrni tugatganimdan keyin Xitoy universitetiga magistratura uchun hujjat topshirib, grant qo‘lga kiritdim.

Shu vaqtda o‘zimizning universitetga ham magistratura uchun qabul qilingandim.

O‘sha vaqt menda ikkita imkoniyat bor edi. Ammo, Xitoyga ketmasdan o‘zimizni universitetda o‘qishni davom etishni, Xitoyda esa onlayn o‘qiyman degan qarorga kelganman.

Shunday qilib ikkala universitetda ham o‘qib yurganman. Lekin ko‘nglim baribir Xitoyga tortardi. Va ikkita universitetda ham o‘qib yurganimga menda bosim paydo bo‘la boshladi.

Ya’ni ikkalasining ham vazifalari bor. Shu sabab ota-onamga ikkalasidan birini tanlashim kerakligini va ko‘proq Xitoyga ketishni istashimni aytganman.

Sababi, shu tilni o‘rganish uchun qancha vaqt sarflaganman va bunday imkoniyat yana beriladimi, yo‘qmi, shuni o‘ylardim. Shu bilan ota-onam rozi bo‘lishgan.

odina marufjonova, xitoy, xorijda ta'lim

Moslashish davri

Xitoyga kelmasimdan oldin o‘zimni ruhan tayyorlaganman.Ya'ni, u yerga borganimdan keyin menga hech kim yordam bermasligini, o‘zimni o‘zim ta’minlashim kerakligini uqtirganman.

Shunday qilib, bu yerga 2022-yil 18-noyabrda kelganman va men kelgan vaqtda karantin bo‘lgani sabab, bir oy karantinda bo‘lganman.

Jiangsu universitetiga kelishim bilan esa darslar onlayn bo‘lib ketgan. Onlayn darslardan keyin qishki dam olishga chiqib ketish kerak bo‘lgan.

Xitoyda yangi yil sabab 1,5 oy dam olishga chiqishadi. Shuning uchun kursdoshlarim bilan tanisha olmaganman. Kim bilan tanishishni bilmay qiynalganman.

Dastlabki uch oy men uchun stressli davr bo‘lgan. Biroq, dam olish tugab, chet ellik va xitoyliklar bilan sekin-sekin muloqot qila boshlaganman.

Asosan, darslarim bilan shug‘ullanganman va universitet bilan tanishib chiqqanman. Meni universitet hayoti bilan hindistonlik dugonam tanishtirib chiqqan.

Kursdoshlarim sabab Xitoy hayotiga ko‘nikishim oson kechgan.

Shuningdek, bu yerga kelganimda ovqatidan qiynalganman. Chunki biz non iste’mol qilamiz. Lekin Xitoyda har qadamda ham non topish qiyin.

Bu yerda non o‘rniga guruch iste’mol qilishadi, qolaversa, ko‘katlar va ziravorlar turlari juda ko‘p.

Hujjat topshirish jarayoni

Har yili bakalavr va magistratura uchun Xitoy tomonidan O‘zbekistonga turli grant dasturlari ajratiladi. Shulardan “CSC” granti eng yuqori grant dasturi hisoblanadi.

Unga hujjat topshirgan yilim turli fakultetlar uchun 24 ta joy ajratilgandi. Shundan 8 tasi men tahsil olayotgan Gumanitar fanlar fakultetiga berilgan.

Grant uchun hujjat topshirish jarayoni onlayn amalga oshirilib, bunda asosan, quyidagi hujjatlarni jo‘natish kerak bo‘ladi:

  • rasm (3×4);
  • pasport;
  • 086 forma
  • OITSga chalinmagani haqida;
  • sudlanmaganlik haqida hujjat;
  • ilmiy ish rejasi;
  • 2 ta tavsiyanoma;
  • universitetdan ma’lumotnoma;
  • HSK sertifikati (agar mavjud bo‘lsa).

Hujjat topshirish jarayonida sizda HSK sertifikati mavjud bo‘lsa hamda tavsiyanomalaringiz ularga manzur kelsa, til kursi qo‘shib berilmaydi. Ya’ni to‘g‘ridan to‘g‘ri magistraturaga qabul qilinasiz.

Shuningdek, universitet tanlayotgan paytingiz 3 tagacha universitet tanlashingiz mumkin.

Hujjat topshirish jarayonida mamlakatda hali karantin payti bo‘lgani uchun vaksina olganim haqidagi ma’lumotnomani ham kiritganman.

“CSC” granti bepul o‘qish imkoniyatini beradi. Ya’ni dastur ta’lim xarajatlari, shuningdek, sug‘urta va yotoqxona xarajatlarini qoplaydi. Oziq-ovqat xarajatlari esa bundan mustasno. Lekin ovqatlari — hamyonbop.

Qabul qilingan talabalarga quyidagicha stipendiya ajratiladi:

  • til kursi uchun oyiga — 2500 yuan ($350);
  • bakalavr darajasi uchun oyiga — 2500 yuan ($350);
  • magistr darajasi uchun oyiga — 3000 yuan ($420).

Viza olish jarayoni ham qiyin bo‘lmagan. Sababi talaba vizasini olish boshqa viza turlariga nisbatan osonroq hisoblanadi.

Agar hujjatlaringizda muammo bo‘lmasa, vizani ham muammosiz olishingiz mumkin.

Buning uchun esa oldin Xitoy elchixonasining rasmiy saytiga kirib, viza uchun qabulga onlayn ariza to‘ldirish va navbat olish zarur.

Shu bilan belgilangan sanaga suhbatga chaqirilasiz. U yerda esa viza uchun, asosan, haftaning seshanba kuni qabul o‘tkaziladi.

Elchixonaga o‘qishga qabul qilingangiz haqidagi universitet tomonidan berilgan JV201/202 hujjatni, bank ma’lumotlarini olib borishingiz kerak. Adashmasam, bank hisobimni $2,500 atrofida to‘ldirganman.

Shuningdek, elchixonada xitoy tilida 2−3 daqiqalik suhbat bo‘lib o‘tadi. Unda esa Xitoyga borgach hamda O‘zbekistonga qaytgach qilmoqchi bo‘layotgan ishlar rejasi haqida so‘raladi.

Universitet hayoti

Universitetimizda turli tadbirlar o‘tkazib turiladi. Unda ishtirokchilar uchun sovg‘alar emas, pullik yutuqlar qo‘yiladi.

Bunda men ham ishtirok etib, ikki marotaba pul yutug‘ini qo‘lga kiritganman.

Yotoqxonamiz juda qulay, lekin qizig‘i shundaki, xonalarning joylashuviga qarab narxlar ham o‘zgarib boradi. Uning bir tomoni soya, salqin, ikkinchi tomoniga esa quyosh tushadi.

Shuning hisobiga yotoqxonalarning bir tarafi arzon — 4500 yuan ($630), ikkinchi tarafi esa 4900 yuan ($680).

Universitetlarning joylashuvi va tuzilishi O‘zbekiston OTM muassasalari binolaridan farq qiladi. Masalan, bizdagi universitetlarda faqat o‘quv binolari bor, yotoqxona, supermarket kabilar yo‘q yoki kam bo‘ladi-ku.

Universitet hududi katta hamda bu yerda hamma narsa mavjud. Birgina yotoqxona binolarining soni 50 tadan oshadi, oshxonalar soni esa 13 ta.

odina marufjonova, xitoy, xorijda ta'lim

Dars jarayonlari

Dars jarayonlari ham biznikidan farq qiladi. Ularda boshqacha tizim bo‘lgani uchun boshida umuman tushunmaganman.

Xitoyga kelishimdan oldin onlayn darslarga qatnashib yurganimda ham darslar unchalik qiyin tuyulmagandi. Bu yerga kelib esa oflayn darslar biroz qiyinligini va bunga ko‘nikish kerakligini anglaganman.

Bu yerda tanlov va majburiy fanlar o‘tiladi. Tanlov fanda keltirilgan jadvaldan o‘zingiz xohlagan fanni tanlashingiz, sizga berilgan jadval asosida vaqtini belgilab, darslarga kelishingiz mumkin.

Chet elliklar bu tizimni yaxshi bilmaydi debmi, bizga qaysi fanlarga kirishimizni rejalashtirib berishgan. Lekin bakalavr darajasidagi xorijliklar uchun tanlash imkoniyati mavjud.

Lekin majburiy fanlarga kirish shart. Shu sabab har darsda har xil talabalar darslarga qatnashishadi. Endi kelgan paytlarim darslarda ularning qaysi biri kursdoshim ekanini ham bilmay qolganman (kuladi).

Bu yerda hech qaysi talaba o‘qituvchining majburlashi yoki tazyiqi ostida darsga kelmaydi. Balki, har bir fandan belgilangan ball yig‘ilsagina keyingi bosqichga o‘tish mumkinligi uchun ham talabalar harakat qilishadi.

Shuningdek, bu yerda baho qo‘yilmaydi, ko‘rsatkichlarimiz 100 ballik tizim asosida aniqlanadi.

Daftar, ruchka o‘rniga planshet

Darslarda asosiy qurol daftar, ruchka emas, balki planshet hisoblanadi. Undan 100% foydalanamiz.

Bundan tashqari, talabalarga G3 kartasi beriladi, unda talabaning qanday tadbirlarga qatnashganligi haqidagi ma’lumotlar kiritib boriladi.

Har bir talaba o‘qishni tamomlaguncha kamida 16 ta tadbirga qatnashishi kerak. Shuning uchun ham ko‘pchilik talabalar o‘z xohish va qiziqishlari bilan turli tadbirlarga qatnashishadi.

Dars jarayoni O‘zbekistondan farq qiladi. Bu yerda bitta dars davomiyligi 2,5 soatni tashkil etadi. Bizlarga ko‘pi bilan 2 para dars qo‘yilgan.

Shuningdek, bizlarga haftasiga 4 kunga darslar qo‘yilgan hamda hozir 8 ta fan o‘tilmoqda.

Bizda deyarli ma’ruza o‘tiladi va semestr bo‘yicha yakuniy imtihonlar og‘zaki va yozma ravishda o‘tkazilib, shuningdek, ilmiy mavzuyimiz bo‘yicha kichik maqola ham topshirishimiz kerak.

Bakalavrga nisbatan magistraturaning bo‘sh vaqti ko‘proq bo‘ladi. Bu davrda esa talaba o‘zi mustaqil izlanishlar olib borishi kerak.

Rivojlangan mamlakat hayratlari

Xitoyga ilk kelgan paytlarim meni hayron qoldirgan narsa bu universitetlar hududining kattaligi bo‘lgan.

Chunki o‘zim universitet ichida ikki marotaba adashib qolganman. Xattoki boshqa provinsiyadan kelgan xitoyliklarning o‘zlari ham universitet hududida xaritaga qarab yurishadi. Umuman, bu yerda onlayn xaritalarni ancha ommabop, deyish mumkin.

Xattoki, bizning universitet yotoqxona binolari soni 50 tadan ortiq deganlarida ham hayron qolganman.

Har bir ko‘p qavatli uy yoki universitet binosining onlayn buyurtmalarni qabul qiluvchi punkti bo‘ladi. Universitetimizda ham shunday joylardan 3 tasi mavjud.

Universitet hududida talabalarga yengillik yaratish maqsadida jo‘natmalarni belgilangan manzilga yetkazib beruvchi robot mashinalar ham ishga tushirilgan.

Bu yerda hamma narsa uchun onlayn ro‘yxatdan o‘tish zarur. Hamma narsani saytlarga kirib to‘ldirib chiqardim. Dastlabki kelgan vaqtlarimda bunday tizimga ko‘nikishim qiyin bo‘lgan.

Keyin bu yerda ovqatlanish joylarida, kafelarda onlayn buyurtma qilish imkoniyati mavjud. Ya’ni stolingiz ustida QR-kod bo‘ladi. Ana shu kod orqali menyuni ko‘rib buyurtma berishingiz mumkin.

Keyin mehmonxonalarda ham robot xizmatchilar mavjud. Ya’ni, binoning pastki qavatidan tepasiga buyurtmalarni robotlar olib chiqishadi.

Xitoyliklarning ko‘p qismi naqd puldan foydalanishmaydi. Ular o‘z kartalarini telefonlariga ulab olishgan.

Lekin yomon tomoni ham bor buning, ya’ni telefoningizni yo‘qotib olsangiz, boshqa ma’lumotlar ham yo‘qolishi mumkin.

Shuningdek, ko‘chalarda telefonlarni quvvatlovchi uskunalar mavjud.

odina marufjonova, xitoy, xorijda ta'lim

Xitoyliklar madaniyati

Xitoyliklar o‘zlarining qanday buyuk davlat ekanligini turli narsalar orqali ifodalashni yaxshi ko‘rishadi.

Ayniqsa, ular chet elliklar uchun o‘zlarining milliy sovg‘alarini taqdim etishadi. Ular — juda mehmondo‘st.

Bitta o‘qituvchim yangi uy sotib olganlarida hamkasblari, o‘quvchilari va chet ellik tanishlari orasidan faqat meni mehmondorchilikka taklif qilgandilar.

Bizda mehmonga borish, deganda tayyor dasturxonga borish tushuniladi. Xitoyda esa aksincha, mehmon bo‘lib borganlar ham mezbon bilan birga ovqat tayyorlashadi.

Ularda birgalikda chuchvara tugush hammani birlashtiradi, degan tushuncha bor. Bu haqida kitoblarda ham o‘qigandim. Amalda esa o‘sha kuni guvoh bo‘lganman.

Bu yerda choy madaniyatiga ham alohida e’tibor berishadi. Aynan, “Xitoy madaniyati” fanida choy madaniyati bo‘yicha 3 paralik dars o‘tganmiz va amalda ko‘rsatib berishgan.

E’tiborimni tortgan yana bir jihatlardan biri, xitoylik qizlar o‘zlariga juda ko‘p e’tibor berishadi. Masalan, ular turli xil choy, damlamalar ichishadi, kosmetologiya xizmatlaridan esa juda ko‘p foydalanishadi.

O‘zbeklar va Xitoyliklar xarakterida farq bor, deb o‘ylayman Xitoyda hech kim biri-biriga e’tibor bermaydi. Xoh darsda, xoh ko‘chada bo‘lsin, hech kimning siz bilan ishi yo‘q. Shuningdek, bu yerda odamga tanqid ko‘zi bilan qarash ham kam, deyish mumkin.

Talabalar ishlashi mumkinmi?

Universitetga kelganimda ustozlarimdan bu yerda rasmiy ishlashga ruxsat bor yoki yo‘qligini so‘raganimda, ular universitet misolida ishlash mumkin emasligini ta’kidlashgandi.

Faqat o‘qishni tamomlagandan keyin rasmiy tarzda ishlash mumkin. Lekin talabalar o‘qishdan tashqari vaqtda oddiy ishlarda ishlashlariga ruxsat berilgan.

Kvartira narxlari O‘zbekistonga nisbatan arzon deb o‘ylayman. Bu yerda o‘rtacha sharoitdagi kvartiralar $200−300 turadi. Lekin shuni ham xitoyliklar qimmat deb hisoblaydi.

Avtobusga chiqish qoidasi ham bor. Ya’ni unga chiqqanda pul to‘lab, oldi tomonidan kiriladi va tushishda orqa tomondan foydalaniladi.

Darslarga yotoqxonamizdan o‘quv binosigacha asosan, yayov boraman. Universitet ichida talabalar uchun maxsus avtobus, velosiped va mototsikllar qo‘yilgan.

Ulardan foydalanish albatta, pullik bo‘lib, masalan, avtobus 0,5 yuan (800 so‘m), velosiped esa 1 yuan (1600 so‘m) ni tashkil etadi. Boshqalarning narxi ham shunga qarab o‘zgarib boraveradi.

Xitoy tilini o‘rganish

Xitoy tilining o‘zbek tilidan farqi juda katta. Sababi ularda umuman alifbo yo‘q, faqat iyerogliflardan iborat.

Bu tilni o‘rganish uchun inson sabrli va o‘z-o‘ziga motivator bo‘lishi kerak. Sababi uning qiyinligini ko‘rgan ko‘pchilik yarim yo‘lda tashlab ketadi.

Shaxsan o‘zimda ham ba’zan tushkunlikka tushib qolgan paytlarim bo‘lgan. Lekin harakat qilib, natijaga erishganman. Bu tilni o‘rganadigan chet elliklar asosan iyerogliflarda qiyinchilikka duch keladi. Sababi iyerogliflar o‘ziga xos xususiyat va ma’nolarga ega.

Olimlarning qayd etishicha, umumiy holatda 50 mingdan ortiq iyerogliflar bor. Lekin ular harf emas ya’ni bir iyeroglif bir so‘zni anglatadi.

Bu tilni o‘rganayotgan xorijliklar ko‘pincha ohangga e’tibor berishmaydi, hatto bu o‘zbekistonliklarda ham kuzatiladi.

Xitoy tilida 4 ta ton bor. Siz har bir so‘zni o‘z ohangiga qo‘yib aytmasangiz, xitoyliklarning sizni tushunishi qiyin bo‘ladi yoki umuman tushunishmaydi.

Shuningdek omonim so‘zlarni ham toniga qarab aytmasa, boshqa ma’no anglatishi mumkin. Shu sabab ham bu tilni o‘rganganda asosan, tonlar va iyerogliflarga katta e’tibor qaratish kerak.

Xitoy tili dunyo bo‘yicha eng qiyin tillardan biri hisoblanadi. Siz bu tilni bor mehringiz, kuchingizni berib o‘rganib, ichiga kirib borganingiz sari siz uchun katta imkoniyatlar eshigi ochiladi.

Faqat sabr va tilni o‘rganishga bo‘lgan ishtiyoq sabab barcha to‘siqlarni yengib o‘tish mumkin.