2023-yil boshidan beri Rossiyani tark etgan deyarli har beshinchi IT-mutaxassisi mamlakatga qaytdi, deya xabar bermoqda “TACC” nashri “hh.ru” matbuot xizmatiga tayanib.
“hh.ru tadqiqot xizmati tomonidan 2023-yil iyun oyi oxirida oʻtkazilgan rezyumelar tahlili shuni koʻrsatadiki, 19% talabgorlar, yaʼni 2023-yil boshidan buyon ketgan deyarli har beshinchi IT mutaxassisi mamlakatga qaytib, yana Rossiyada boʻlish geotegini koʻrsatmoqda, — deydi tadqiqot natijalari.
Qayd etilishicha, ko‘pincha 2023-yilning yozida bunday mutaxassislar Rossiyaga Turkiyadan qaytishdi (qaytgan IT-relokantlarning 25%i).
Shuningdek, Qozog‘istondan 23%, Gruziya va Armanistondan 17%, Serbiyadan 13% qaytgan. Bundan tashqari, O‘zbekiston, Kipr, Qirg‘iziston, Chernogoriya, Tailand va Belarusdan rossiyaliklar qaytib kelmoqda.
Rossiya Federatsiyasi Raqamli rivojlanish vazirligi rahbari Maqsut Shadayev IT-mutaxassislari Rossiyaga qaytayotgani sababli o‘tgan yili vazirlikda muhokama qilingan IT-mutaxassislari uchun “teskari ko‘chirish” dasturi talab qilinmagani haqida ma’lum qilgandi.
Ukrainadagi urush Rossiyaga qarshi keng koʻlamli sanksiyalarga, shuningdek, koʻplab xorij kompaniyalarining mamlakatdan chiqib ketishiga olib keldi.
Hatto sanksiyalar ostida qolmagan kompaniyalar ham oʻzgacha senzuraga duchor boʻlishdi, ayniqsa dasturiy taʼminot muhandislari qattiq zarbaga uchradi.
Bu, oʻz oʻrnida, 1,8 mln dan ortiq mutaxassisdan 70 mingga yaqinining dunyo boʻylab tarqalishiga olib keldi. Baʼzilar Estoniyaga, boshqalari esa butun Yevropa boʻylab tarqaldi.
Shu oʻrinda O‘zbekistonga ham Rossiya va Belorussiyadan ko‘plab IT-mutaxassislar ko‘chib kela boshladilar.
“IT Park” ma’lumotlariga ko‘ra, fevral oyi oxiridan beri 6000 ga yaqin mutaxassis Toshkentga kelgan boʻlib, ularning bir qismi AQSh kompaniyalari tomonidan koʻchirilgan.
Masalan, “Exadel” va “EPAM Systems” kompaniyalari “minglab” muhandis-dasturchilarini Minskdan olib chiqib, Toshkentga joʻnatgan.
Shu tufayli, “EPAM” 2021-yilda Oʻzbekistonda 300 ga yaqin kishini ish bilan taʼminlagan boʻlsa, mazkur yilda xodimlari soni 800 kishidan oshdi.
“Exadel"ning esa hozirda 120 dan ortiq mutaxassisi ishlaydi, yil oxiriga qadar yana bir qator xodimlarning koʻchib kelishi kutilmoqda. Kompaniya bu yer bilan bogʻliq katta rejalar tuzgan.
Ekspertlar O‘zbekistondan IT-xizmatlar eksportining o‘sishini joriy yil voqealari oldidan boshlangan islohotlar bilan bog‘lashmoqda.