“Spot”, auditor Yevgeniya Son bilan birgalikda biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish va yuritish haqidagi maqolalar turkumini davom ettiradi.

Oldingi maqolalarda biz biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish bosqichlari va biznesni boshlashda qanday mulk shaklini tanlash kerakligini ko‘rib chiqqan edik.

Bu safar biz biznesni boshlash uchun qancha pul kerakligini qanday hisoblashni aniqlaymiz.


biznes, kapital

Yevgeniya Son,

auditor, Yaran Consultingbuxgalterlik kompaniyasi hammuassisi.

Har qanday biznesni ochishda alohida muhim nuqta — boshlang‘ich kapitalni hisoblashdir. Ko‘p masalalar, jumladan, investorlarni qayerdan izlash, qanday xarajatlar qoplanishi kerakligi, qancha vaqt ichida foyda olish mumkinligi ish boshlash uchun qancha pul kerakligini hal qilib olishga bog‘liq.

Kompaniyamiz faoliyatini endi boshlayotgan tadbirkorlar bilan ko‘p ishlaydi, biz turli biznes startap loyihalarida qatnashamiz. Ushbu tajribaga asoslanib, boshlang‘ich kapitalni hisoblash uchun beshta qadamni birlashtirdik.

Hisoblashda pessimistik yondashuvdan foydalaning, ya’ni xarajatlar har doim maksimal, muddatlar eng uzun va daromad kutuvlari eng past bo‘lishi kerak. Ushbu yondashuv kelajakdagi biznesning eng real tasvirini yuzaga keltirish imkonini beradi.

E’tibor qiling, tavsiyalar bozor tadqiqotlari allaqachon amalga oshirilganligi va sizning mahsulotingiz yoki xizmatingiz bozorga zarur ekanligiga ishonchingiz komil ekanligini hisobga olgan holda berilgan.

Vaqt

Bugundan boshlab birinchi foyda taqsimotigacha qancha vaqt kerakligini hisoblang. Biznesingizni quyidagi kabi jarayonlarga ajrating: g‘oyani ishlab chiqish, tashkiliy masalalarni hal qilish, ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, mijozlarni jalb qilish, foyda olish va uni taqsimlash.

Har bir jarayon uchun vaqtni hisoblash birinchi foyda olinmaguncha biznesni saqlab qolish uchun qancha pul kerakligini tushunib olish uchun zarur. Ishga tushirish jarayoni birinchi bosqichlarda to‘xtab qolmasligi uchun kerakli mablag‘ni to‘play olasizmi?

Bundan tashqari, agar siz investorlarni jalb qilishni rejalashtirmoqchi bo‘lsangiz, hiso-kitob foydali bo‘lishi mumkin. Har bir investor investitsiya kiritgan paytdan boshlab birinchi dividendlarni olishgacha qancha vaqt ketishini tushunishni xohlaydi.

Bosqichlar va jarayonlar aniq ko‘rinishi uchun oylar bo‘yicha jadval tuzishni maslahat beraman.

Aktivlarni sotib olish

O‘z biznesingizni tashkil qilish uchun zarur bo‘lgan aktivlar ro‘yxatini tuzing. Ushbu ro‘yxatda qimmat uskunalar ham, sarf materiallari ham bo‘lishi kerak.

Masalan, qahvaxonani ochishda siz jihozlar, muzlatgichlar, mebellar, shuningdek, qahvaning o‘zi, shakar, sut va boshqalarni kiritishingiz kerak.

Keyinchalik, ushbu ro‘yxat ustida ishlash kerak: qaysi aktivlarni sotib olish kerakligiga va nimani ijaraga olish, qarzga olish yoki uydan olib kelish mumkinligiga e’tibor bering.

Konsultatsiyalarda men ko‘pincha iloji boricha hamma narsani ijaraga olishni maslahat beraman, chunki kapitalni muomalaga kiritish, mahsulotlarning yaxshi assortimentini to‘plash afzalroqdir.

Bundan tashqari, barcha xaridlar oy bo‘yicha taqsimlanishi kerak. Bu sizga har oyda qancha pul yig‘ishingiz kerakligini tushunishga yordam beradi, masalan boshida 40% va keyingi oyda 20% yetarli bo‘lishi mumkin. Cheklangan resurslar sharoitida bu qulay bo‘ladi.

Tannarxni hisoblash

Ishlab chiqarish siklini hisobga olgan holda mahsulot yoki xizmatlar tannarxini hisoblab chiqing.

Misol uchun, agar siz mahsulot ishlab chiqarishni boshlashni rejalashtirmoqchi bo‘lsangiz, quyidagilarni hisobga olishingiz kerak:

  • omborda zaxira bo‘lishi kerak;
  • xaridorlarni topish kerak;
  • har doim ham mijozlar to‘lovni 100% oldindan qilmaydi;
  • ish haqi, savdodan qat’i nazar, har oy to‘lanishi kerak.

Ya’ni, xom ashyo sotib olish, xodimlarga maosh to‘lash uchun doimo pul zaxirasiga ega bo‘lishingiz kerak.

Bu yerda biz pul miqdorini oylar bo‘yicha taqsimlashni ham tavsiya qilamiz.

Ishlab chiqarish bilan bog‘liq bo‘lmagan xarajatlarni hisoblash

Ko‘pincha, boshlang‘ich tadbirkorlar ijara va ma’muriy xodimlarning ish haqi, buxgalter va advokat xizmatlari kabi kompaniya xarajatlarini e’tiborsiz qoldirishadi.

Barcha ishlab chiqarish bilan bog‘liq bo‘lmagan xarajatlar ro‘yxatini yozishni tavsiya qilamiz. Hech narsani o‘tkazib yubormaslik uchun xarajatlarni biznes jarayonlari bo‘yicha to‘plash qulay.

Masalan, xom ashyoni sotib olish jarayoni:

  • yetkazib beruvchilar bilan uchrashuv — transport xarajatlari, aloqa xarajatlari;
  • xomashyo yetkazib berish — transport xarajatlari, ekspeditorning ish haqi, xomashyo uchun omborni ijaraga olish.

Brendni keng yoyish uchun ketadigan xarajatlarni hisoblash

Ko‘pgina tadbirkorlar o‘z mahsuloti yoki xizmatlariga shunchalik ishonadilarki, ular “sarafan radiosi"ga umid qilishadi. Va reklama va targ‘ibot uchun juda kamtarona byudjet ajratishadi.

Biroq, hozirgi davrda hatto juda yuqori sifatli mahsulot yoki xizmatga ega bo‘lsangiz ham, bir nechta reklama turlariga sarmoya kiritishingiz kerak.

Sizga marketing strategiyasini o‘ylab ko‘rishni, uning narxini hisoblashni va oylar bo‘yicha taqsimlashni tavsiya qilamiz.


Besh qadamli reja asosida hisob-kitobga quyidagi jadvaldagi xarajatlarni kiritamiz:

Nomi

Yanvar

Fevral

Mart

Dekabr

Jami

Uskunalar

1 000

0

0

0

1 000

Xomashyo

70

80

90

120

360

Xodimlarning ish haqi

50

50

50

50

200

Ijara

10

10

10

10

40

Reklama

30

40

20

100

190

Jami

1160

180

170

280

1790

Jadvaldan kelib chiqqan holda quyidagi ma’lumotlarni olish mumkin:

  • Boshlang‘ich kapitalning umumiy miqdori — 1790. Masalan, sizda 490 bor, demak siz 1300 miqdorda investitsiyalarni jalb qilishingiz kerak.
  • Oylik investitsiya miqdori. Misol uchun, dekabr oyida — 280 va sizning hisob-kitoblaringizga ko‘ra, sizda faqat 180 bo‘ladi, sentyabr oyida qisqa muddatli kredit uchun hujjatlarni tayyorlashingiz kerak bo‘lishi mumkin.
  • Uskunalar narxi — 1000. Siz foydalanilgan uskunani sotib olishingiz, ijaraga olishingiz yoki lizing rasmiylashtirishingiz mumkin

Ya’ni, to‘liq tasavvurga ega bo‘lish nafaqat boshlang‘ich kapital miqdori haqida ma’lumotga ega bo‘lish, balki boshqaruv borasida to‘g‘ri qarorlarni qabul qilish uchun biznesni tahlil qilish imkonini ham beradi.