O‘zbekiston Turkiya bilan xalqaro yuk tashuvlarini bosqichma-bosqich ravishda to‘liq elektron ruxsatnoma tizimiga o‘tkazadi, deya xabar bermoqda Transport vazirligi matbuot xizmati.
Bu bo‘yicha Istanbul shahrida xalqaro avtomobil tashuvlari masalalari bo‘yicha O‘zbekiston-Turkiya qo‘shma komissiyasi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda xalqaro avtomobil tashuvlarining bugungi holati hamda uni rivojlantirish bilan bog‘liq masalalar muhokama etildi.
Shuningdek, yuk tashuvlari jarayonini jadallashtirish maqsadida mamlakatlar o‘rtasida ruxsatnoma blankalarini elektron (E-permit) ayirboshlash tizimiga bosqichma-bosqich ravishda to‘liq o‘tish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Tomonlar so‘nggi yillarda ikki mamlakat o‘rtasida savdo va avtomobil transportida yuk tashuvlar hajmi ortib borayotganini alohida qayd etib o‘tishdi.
Shu munosabat bilan tomonlar bugun savdo-sotiq jarayonlarida kuzatilayotgan global o‘zgarishlardan kelib chiqib, o‘rta yo‘lakni rivojlantirishni hisobga olgan holda xalqaro avtomobil tashuvlari uchun eng qulay shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib olishdi.
Xususan, yuk tashuvlarini amalga oshirish uchun ruxsatnoma blankalarini almashish kvotalari belgilandi.
Avvalroq “Spot” O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasida raqamli hujjatlashtirish tizimi orqali yuk tashish yo‘lga qo‘yilgani haqida yozgandi.
Mazkur tizim bojxona chegarasidan yuk tashish chog‘ida rasmiylashtiruvni sezilarli darajada soddalashtirish va tezlashtirish imkonini beradi.