Avvalroq, 30-iyun — Yoshlar kuni munosabati bilan Toshkentdagi harakatlanuvchi avtobuslar 14−30 yoshdagilar uchun bepul xizmati ko‘rsatishi ma’lum qilingandi.
Ammo ijtimoiy tarmoqlarda yo‘nalishli avtobuslarning yoshlarga pullik xizmat ko‘rsatayotgani, ya’ni ulardan ham pul olayotganligi muhokamalarga sabab bo‘ldi.
“Toshshahartransxizmat” mazkur holatlar bo‘yicha rasmiy munosabat bildirdi.
“Ayni damda ushbu holat haqiqat bo‘lib, poytaxt bo‘ylab harakatlanayotgan ayrim avtobus yo‘nalishlarida yoshlarga pullik xizmat ko‘rsatish holati kuzatilgan”, deyiladi xabarda.
Hozirda “Toshshahartransxizmat"ning mas’ul xodimlari tomonidan ushbu holat qat’iy nazoratga olinib, yo‘nalishlarda 30-iyun kuni 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yo‘lovchilarga bepul xizmat ko‘rsatilishi bo‘yicha qo‘shimcha yo‘riqnomalar va topshiriqlar berilmoqda.
Shuningdek, 14−30 yoshdagi yo‘lovchilardan o‘z haq-huquqlarini talab qilishlarini va poytaxt avtobus yo‘nalishlarida yo‘l haqi uchun to‘lov qilmasliklari so‘ralmoqda.