Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirli Italiyaning “Cotonella” kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Kompaniya Qashqadaryo viloyatida “Cotonella Uzbekistan” xorijiy korxonasini ochishga qaror qilgan bo‘lib, uchrashuvda O‘zbekiston bozorida uzoq vaqt davomida faoliyat yuritish bo‘yicha rejalarini ma’lum qildi.
Korxona ishga tushirilgach, birinchi bosqichda yiliga 2 mln donagacha tayyor trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish, 80 nafargacha kishini doimiy ish bilan ta’minlash rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, kompaniya ishlab chiqarilayotgan yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar hajmini yiliga 8 mln donaga yetkazish uchun $5 mln yo‘naltirishni mo‘ljallamoqda.
Natijada 500 tagacha yangi doimiy ish o‘rni yaratilishi qayd etilgan.
Kompaniya konsepsiyasi barqaror rivojlanish, narxlar raqobatbardoshligini oshirish, mahsulotlar dizayni takomillashib borishini va turlari ko‘payishini ta’minlash, xodimlar mahoratini oshirishga qaratilgan.
Joriy yilning iyun oyida Shavkat Mirziyoyev italiyalik ishbilarmonlarni O‘zbekistonga taklif qilgandi. Prezident uchrashuvda aytilgan har bir tashabbusni kompleks “yo‘l xaritasi"ga kiritishga ko‘rsatma bergan.