Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan hukumatning Bojxona yig‘imlari stavkalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qarori loyihasi muhokamaga qo‘yildi.
Loyiha bilan avtotransport vositasini bir kalendar yil davomida 90 kalendar kundan ortiq muddatga vaqtinchalik olib kirganlik uchun olib chiqib ketish muddatining o‘tkazib yuborilgan har kuni to‘lanadigan yig‘im miqdorini oshirish taklif qilinmoqda.
Xususan, olib chiqib ketish muddatining o‘tkazib yuborilgan har kuni uchun BHMning 1 baravari (330 ming so‘m)miqdorida yig‘im undirish belgilanmoqda. Hozir yig‘im hajmi transport vositasining har bir ot kuchi uchun BHMning 0,7%ni (2310 so‘m) tashkil etadi.
Bunda avtotransport vositalarining guvohnomalarida ot kuchi to‘g‘risidagi ma’lumotlar bo‘lmagan hollarda bojxona yig‘imlarini bir xil hisoblanishni ta’minlash nazarda tutilmoqda.
Qonun loyihasi bilan bu yerda tanishish mumkin. Fikr-mulohazalarni joriy yilning 12-iyuligacha bildirish mumkin.
Avvalroq prezident qarori bilan ayrim toifadagi avtomobillar uchun bojxona to‘lovlari kamaytirilgandi.
Xususan, dvigatel hajmi 1 000 sm kubgacha bo‘lgan yengil avtomobillar uchun 0%, 1 200 sm kubdan yuqori bo‘lmagan avtomobillar uchun esa 5% miqdorida bojxona boji belgilanmoqda.