Bolalarning dam olishlarini tizimli tashkil etish va sog‘lomlashtirish ishlarini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilanishi munosabati bilan prezidentning ayrim hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida farmoni qabul qilindi.
Unga ko‘ra, ayrim bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlari O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi balansiga o‘tkazilganligi hamda ayrimlarini sotish yoki faoliyat turini o‘zgartirish taqiqlandi.
Xususan, farmon bilan “Sijjak” dala hovlisi 124-maktab-internatning balansida saqlanadi, uni sotish yoki faoliyat turini o‘zgartirish taqiqlangan. “Chotqol” oromgohi esa Kasaba uyushmalari federatsiyasi balansiga o‘tkazildi.
Shuningdek, sanatoriy-kurort, sog‘lomlashtirish xizmatlarini, shuningdek, byudjet tashkilotlari tomonidan ko‘rsatiladigan jismoniy tarbiya va sportga doir xizmatlarni realizatsiya qilish bo‘yicha aylanmalarga qo‘shilgan qiymat solig‘i solinmaydi.
Sport va jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish majmualari, o‘quv-mashq bazalari va bolalar-sog‘lomlashtirish oromgohlari egallagan yerlarga yer solig‘i solinmaydi.
Realizatsiya qilishga doir aylanmalari soliq solinmaydigan aylanmalar bo‘lgan chiptalar, abonementlar, yo‘llanmalar (joysiz davolanish uchun berilgan hujjatlar) va xizmatlarni olish huquqini beruvchi boshqa hujjatlar realizatsiya qilingan taqdirda, qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha soliq bazasi soliq summasini o‘z ichiga oladigan, realizatsiya qilish narxi va ularni sotib olish narxi o‘rtasidagi ijobiy farq sifatida aniqlanadi.
Notijorat tashkilotlar tomonidan notijorat faoliyatini amalga oshirish doirasida foydalaniladigan obyektlar mol-mulk solig‘i bo‘yicha soliq solish obyekti hisoblanmasligi ma’lumot uchun qabul qilinadi.
2022-yilning oktabrida Toshkent viloyatidagi “Sijjak” dam olish maskani boshlang‘ich bahosi 70,1 mlrd so‘m, zakalat puli esa 3,5 mlrd so‘m bilan sotuvga qo‘yilgandi.