O‘tgan yilning sentabr oyida hukumat qarori bilan qishloqlardagi chet tillarini o‘rgatuvchi nodavlat ta’lim tashkilotlariga subsidiya ajratish tartibi tasdiqlangandi.

Mazkur xizmatdan Yagona portal orqali foydalanish mumkin. Arizalarni har chorakning birinchi oyi 10-sanasigacha jo‘natish kerak. Undan foydalanishning navbatdagi bosqichiga arizalar qabul qilinishi boshlandi.

Bu turdagi subsidiya quyidagi maqsadlarda ajratiladi:

  • bino va o‘quv xonalarini axborot kommunikatsiya texnologiyalari, mebel, asbob-uskunalar, o‘qitishning texnik vositalari va boshqa anjomlari bilan jihozlash;
  • zarur darsliklar, o‘quv-metodik adabiyotlar va boshqa kutubxona-axborot resurslari hamda vositalari bilan ta’minlash;
  • ta’lim jarayonini tashkil etishga jalb etiladigan pedagog kadrlar mehnatiga haq to‘lash.

Buning uchun quyidagi hujjatlar talab etiladi:

  • 2 yilga mo‘ljallangan biznes reja;
  • mahsulot yetkazib berish yoki ishlarni, xizmatlarni bajarish to‘g‘risida tuzilgan xo‘jalik shartnomalari;
  • pedagog kadrlar bilan tuzilgan mehnat shartnomalari;
  • pedagog kadrlarning xorijiy tilni bilish darajasini tasdiqlovchi sertifikatlari;
  • ta’lim jarayonida foydalanilayotgan bino yoki o‘quv xonalarining ijara shartnomasi (ko‘chmas mulk ijarasi asosida faoliyat yuritayotgan nodavlat ta’lim tashkilotlari uchun).

Xizmatdan foydalanish bepul bo‘lib, buning uchun Yagona portalda shaxsiy sahifaga ega bo‘lish kerak. “Spot” avvalroq qanday qilib portalda sahifa yaratish mumkinligi bo‘yicha qo‘llanmani taqdim etgandi.

Subsidiya uchun arizalarni 10-iyulga qadar havola orqali jo‘natish mumkin. Keyingi imkoniyat oktabr oyida keladi.


Avvalroq “Spot” ipoteka subsidiyasini qanday onlayn olish mumkinligi haqida qo‘llanmani taqdim etgandi.