“Raqobat to‘g‘risida"gi qonun yangi tahrirda qabul qilindi.

Unga ko‘ra, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi raqobat sohasidagi vakolatli davlat organi (monopoliyaga qarshi organ) hisoblanadi.

Qonunga bir qator yangi, jumladan, monopoliyaga qarshi komplayens tushunchasi kiritildi.

Monopoliyaga qarshi komplayens faoliyatning raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga muvofiqligini ta’minlash, ularning buzilishi xatarlarini aniqlash va mazkur xatarlarning oldini olish bo‘yicha ichki tashkiliy tartib-taomillar tizimidan iborat.

Monopoliyaga qarshi komplayens majburiy tartibda quyidagilarda joriy etiladi:

  • ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa tashkilotlarda;
  • tovar yoki moliya bozorida ustun mavqega ega bo‘lgan xo‘jalik yurituvchilarda;
  • oxirgi 3 yilda tovarlarni realizatsiya qilishdan olingan tushumining o‘rtacha yillik miqdori BHMning 100 ming baravaridan oshadigan hamda ustav fondining (ustav kapitalining) 50%i va undan ortig‘i davlatga tegishli bo‘lgan yuridik shaxslarda;
  • oxirgi 3 yilda tovarlarni realizatsiya qilishdan olingan tushumining o‘rtacha yillik miqdori BHMning 100 ming baravaridan oshadigan hamda ustav fondining (ustav kapitalining) 50%i va undan ortig‘i ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) davlat ulushi 50%ni va undan ortiqni tashkil etadigan yuridik shaxsga tegishli bo‘lgan yuridik shaxslarda;
  • yuridik shaxslarning birlashmalarida.

Qonunda ustun mavqeni belgilashning yangi mezonlari kiritildi. Unga ko‘ra, tabiiy monopoliya subyektlari ham ustun mavqega ega subyektlar qatoriga qo‘shildi.

Shuningdek, ustun muzokara kuchi instituti kiritilib, unga muvofiq, ustun mavqega ega bo‘lmagan xo‘jalik yurituvchi yoki shaxslar guruhi tomonidan bitim shartlarini, tovarlar realizatsiya qilinadigan hududni va narxni belgilashga bir tomonlama ta’sir ko‘rsatish imkoniyatining mavjudligi ustun muzokara kuchi deb e’tirof etiladi.

Qonunga ko‘ra, davlat xo‘jalik yurituvchilarga soliq va bojxona imtiyozlari, subsidiyalar, grantlar, davlat kafolatlari, imtiyozli kreditlar, eksklyuziv huquqlar, davlat mulkini imtiyozli narxlarda sotish va ijaraga berish, yer resurslaridan va yerosti boyliklaridan foydalanish huquqlarini imtiyozli shartlar asosida berish hamda boshqa preferensiyalar va afzalliklar tarzida davlat yordamini berishi mumkin.

Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga ham o‘zgartirish kirtildi.

Xususan, raqobat sohasidagi vakolatli davlat organiga axborot taqdim etmaslik yoki o‘z vaqtida taqdim etmaslik yoxud bila turib noto‘g‘ri ma’lumotlarni taqdim etganlik quyidagicha jarima solishga sabab bo‘ladi:

  • fuqarolarga BHMning 3 baravaridan 10 baravarigacha (990 ming so‘mdan 3,3 mln so‘mgacha);
  • mansabdor shaxslarga esa 10 baravaridan 20 baravarigacha (3,3 mln so‘mdan 6,6 mln so‘mgacha).

Oldin fuqarolarga BHMning 3 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 5 baravarigacha jarima qo‘llanilgan.

Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining mansabdor shaxsi tomonidan xomashyo, tovarlar erkin harakatlanishini va realizatsiya qilinishini hamda xizmatlar ko‘rsatilishini qonunga xilof ravishda cheklash:

  • BHMning 30 baravaridan 50 baravarigacha (9,9 mln so‘mdan 16,5 mln so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalashni amalga oshirish, ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni berish yoki maxsus elektron tizim vositasida xabarnomalarni qabul qilish vakolatlari hamda ro‘yxatga olish yoxud akkreditatsiyadan o‘tkazish vakolatlari berilgan davlat unitar korxonalari yoki muassasalari yoxud yuridik shaxslarning birlashmalari tomonidan raqobatni cheklaydigan qarorlar qabul qilish:

  • BHMning 30 baravaridan 50 baravarigacha (9,9 mln so‘mdan 16,5 mln so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Ilgari bunday normalar mavjud emasdi. Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan 3 oy o‘tgach kuchga kiradi.


Avvalroq “Davlat boji to‘g‘risida"gi qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilib, ayrim xizmatlar uchun litsenziya olishda davlat boji miqdori kamaytirilgandi.