“Meta” kompaniyasi “Threads” mikrobloglar ilovasini ishga tushirishni rejalashtirmoqda, deya xabar berdi “Reuters” nashri.
Bunga “Twitter” ijrochi raisi Ilon Mask foydalanuvchilarning ijtimoiy tarmoq saytida oʻqishi mumkin boʻlgan postlar soniga vaqtinchalik cheklov qoʻyishini eʼlon qilgani sabab boʻlgani aytilmoqda.
Ilovaning 6-iyul kuni chiqarilishi kutilmoqda va foydalanuvchilarga “Instagram"dagi obunachilarni va “App Store” roʻyxatida koʻrsatilgan foydalanuvchi nomini saqlab qolish imkonini beradi.
“Threads” hozircha iOS smartfonlarida ishga tushiriladi, dasturning Android tizimida qachon chiqarilishi hozircha noma’lum.
“Meta” “Twitter"ning analogini taqdim etishni rejalashtirayotgani haqida may oyida ma’lum qilingandi.
Xabarda yangi ijtimoiy tarmoq “Instagram” bilan sinxronlanishi, ya’ni eski ijtimoiy tarmoqdagi profil orqali tizimga kirish va undan bloklangan foydalanuvchilar ro‘yxatini o‘tkazish mumkinligi qayd etilgandi.
Kaliforniya universitetining ijtimoiy marketing professori Lea Xaberman “Meta"dan yangi ijtimoiy tarmoqni 2023-yil iyun oyi oxirida chiqarishi mumkinligi haqida aytgandi.
Birinchi marta kompaniya tomonidan yangi markazlashtirilmagan ijtimoiy tarmoqni ishlab chiqish mart oyida ma’lum bo‘ldi.
Loyiha Instagram bosh direktori Adam Mosseri tomonidan nazorat qilinadi va uning ishchi nomi — P92 deb nomlangan.
Avvalroq “Spot” Ilon Mask Mark Sukerbergni “Twitter"ga raqobatchi “Threads"ni yaratish rejalari haqidagi xabaridan keyin oktagonda jang qilishga chaqirgandi.