Qudratxo‘ja Musayev 1997-yili Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan.

2020-yili Toshkent davlat axborot texnologiyalari universitetining Dasturiy injenering yo‘nalishini tamomlagan.

2022-yili Irlandiyaning GOI-IES grantini qo‘lga kiritgan. Hozirda University College Cork universitetining 1-kurs magistranti.

Qudratxo‘ja “Spot” bilan suhbatda Irlandiya grantini qanday qo‘lga kiritgani, mamlakat madaniyati va ta’lim tizimi, shuningdek, xorijiy grantlarni qo‘lga kiritish uchun nimalarga e’tibor berish kerakligi haqida so‘zlab berdi.


Nima uchun Irlandiya?

Irlandiya — bu O‘zbekiston uchun hali unchalik “kashf” qilinmagan mamlakat. Bu yerga o‘qish, ishlash va yashash uchun o‘zbekistonliklar juda kam kelishadi.

Buning asosiy sababi mamlakat va u yerda o‘qishning foydali tomonlari haqida ko‘pchilik bilmasligida deb o‘ylayman.

Lekin, men faqat Irlandiya emas, Germaniyaning DAAD grantini ham qo‘lga kiritganman. Shunday qilib ikkalasidan birini tanlashim kerak bo‘lgan va o‘zimga qulay tomonlarini o‘ylab, Irlandiyani tanlaganman.

Nega desangiz, menga ko‘proq Irlandiyaning o‘quv dasturi yoqqan. Aniqroq aytganda, hozir o‘qiyotgan magistrlik dasturim o‘zim qiziqqan ikkita soha — IT va biznes yo‘nalishlarini birlashtirgan. Yana qulay tomoni — dastur 1 yillik.

Agar men Germaniyani tanlaydigan bo‘lsam, nemis tilini o‘rganishim kerak edi. Sababi qaysidir davlatga bormoqchi bo‘lsangiz o‘sha davlatning tilini bilishingiz kerak.

O‘zim hali ingliz tilini zo‘r bilmay turib, boshqa tilni o‘rganishni istamaganman va u yerdagi sohalar ko‘proq biznes-tahliliy yo‘nalishlar bo‘lgani uchun tanlamagan.

Bundan tashqari, magistratura uchun 2 yil vaqtimni sarflagim ham kelmagan. Chunki, bakalavrni tugatganimdan keyin 2 yil magistraturaga topshirmaganman. Irlandiyada esa ko‘pgina magistrlik dasturlari ikki emas, aksincha bir yilni tashkil etadi.

Irlandiya neytral va Yevropa ittifoqidagi ingliz tilida 'native' gaplashadigan yagona davlat hisoblanadi (Brexitdan keyingi). Ular boshqa Yevropa xalqlariga nisbatan xalqaro talabalarga ancha ochiq. Demokratik jihatdan ham Amerikadan yuqori darajada turadi.

GOI-IES granti haqida

Men qo‘lga kiritgan grant GOI-IES (Government of Ireland International Education Scholarships) hisoblanadi. Ya’ni, nomidan ko‘rinib turganidek, Irlandiya hukumati tomonidan taqdim qilinadigan grant.

Unga raqobat juda kuchli va har yili butun dunyodan faqat 60 ta talabaga beriladi. Aynan men topshirgan yili esa xorijiy mamlakatlardan 5000 ga yaqin nomzod hujjat topshirgan.

Dastur o‘z ichiga bir yillik o‘qish to‘lovi va bir yil uchun 10 ming yevro stipendiyani oladi. Magistratura bir yil davomida aynan Irlandiyaning o‘zida bo‘lgani uchun deyarli to‘liq qoplanuvchi grant.

Stipendiyani bizdagi kabi har oy emas, aksincha hammasini ikki bo‘lib to‘lab berishadi. Xususan, hisobimga oktabr va fevral oylarida tashlab berishgan.

Grant turar joy, ovqatlanish hamda sug‘urta xarajatlari uchun alohida pul ajratmaydi. Ajratilgan stipendiyani qayerga va qanday sarflashni esa o‘zingiz hal qilasiz.

Eng qizig‘i, har qanday davlatning grant dasturlari viza olish, sug‘urta, aviabilet masalalari bo‘yicha sizga yo‘l yo‘riq ko‘rsatishadi va turli tadbirlarga chaqirishadi.

Lekin bu yerda unday narsa yo‘q. “Award letter"ni olganimdan keyin keldingmi, o‘qiyapsanmi, degan odamni ko‘rmadim.

Shunga qaramasdan bu menga yoqdi. Sababi, hamma narsani o‘zim bajarganman, hech kimdan va hech qanday agentlikdan yordam olmaganman. Bu esa menga chetga chiqib o‘qishdagi to‘liq mustaqil tajriba bo‘ldi.

Bu haqida bitta professorimdan so‘raganimda, stipendiya budjeti cheklanganligi, bizlardan doimiy kuzatib, xabardor bo‘lib turish uchun ham qanchadir pul kerakligi haqida aytgandi.

Menimcha, ular ham stipendiyani o‘zini eplab keta oladigan odamlarga berishsa kerak. Irlandiyaga kelganimdan keyin, grant g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lgan. Shundan keyin hamma o‘z yo‘lida ketgan.

irlandiya, qudratxo‘ja musayev, xorijda ta'lim

Foto: Qudratxo‘ja Musayevning shaxsiy arxividan

Hujjat topshirish jarayoni

Irlandiya universitetlariga hujjat topshirish unchalik ham qiyin emas. Barcha ma’lumotlarni ularning rasmiy saytlari orqali olish mumkin. Batafsil tanishib chiqsangiz, hujjat topshirish jarayoni qiyin kechmaydi.

Shuningdek, hujjatlar onlayn qabul qilinib, qo‘shimcha imtihon olinmaydi. Xorijiy universitetlarda asosan diplom va baholar ilovasi, o‘rtacha 6−6,5 balldagi IELTS sertifikati hamda tavsiyanoma kabilar so‘raladi.

O‘zim hozir tahsil olayotgan University College Cork universitetining ikkita yo‘nalishiga hujjat topshirganman. Birinchi yo‘nalishda o‘zim haqimda 'personal statement' so‘rashgan bo‘lsa, ikkinchisida so‘rashmagan.

Yana bir muhim jihati barcha Irlandiya universitetlari hujjat topshirish uchun 50 yevro miqdorida 'application fee' talab qiladi. Bu summani to‘lash majburiy, lekin bitta to‘lov bilan 2−3 ta yo‘nalishga hujjat topshirish mumkin.

Grantga hujjat topshirish uchun “El-yurt umidi” fondiga o‘xshab birinchi universitetdan qabul qilinganlik haqidagi xat bo‘lishi kerak.

Unda 3 tagacha ariza topshirish mumkin. Lekin men faqat bittasiga topshirganman. Grant talablari va tanlov mezoni haqida batafsil stipendiyaning rasmiy saytida tushuntirilgan.

Grant mezonlari 3 qismdan iborat va 100 ballik tizimda baholanadi. Shundan 40 balli akademik ko‘rsatkichlar — baholar, olimpiada va tanlovlardagi g‘oliblik va ilmiy maqola kabilar uchun beriladi.

Eng asosiy qism esa 3 ta esse hisoblanadi. Ularning har biri maksimal 500 ta so‘zdan iborat bo‘lishi kerak va har biriga 15 balldan jami 45 ball beriladi.

Shuningdek, 2 ta tavsiyanoma ham talab qilinadi va ular ham maksimal 15 balldan baholanadi.

IELTS ballingiz necha ekanligi grant dasturi uchun umuman qiziq emas. U faqat universitetdan qabul xati olishda ishtirok etadi. Masalan, mening IELTS ballim 8 va uning grant uchun hech qanday qo‘shimcha foydasi tegmagan deb hisoblayman.

Hattoki IELTS 8 va 90% o‘rtacha baholarim bilan ham Britaniya va Germaniyadagi ba’zi universitetlar yo‘nalishim to‘g‘ri kelmaganligi sabab qabul qilishmagandi. Bular qatorida reytingi baland LSE universiteti qabul qilgan bo‘lsa, University of Reading qabul qilmagan.

Irlandiya grantiga qabul dekabrdan mart oyi oxirigacha davom etadi. Universitetdan qabul xati olishga eng kechi fevralda, iloji boricha undan ham ertaroq harakatni boshlash kerak.

Shortlist ichiga kirganim haqidagi javob xati esa 2-iyunda va yakuniy qaror 30-iyunda kelgan.

Viza olish jarayoni

Irlandiya kichkina davlat bo‘lgani sabab, uning elchixonasi ko‘p davlatlarda yo‘q, shu qatori O‘zbekistonda ham. Bizda mamlakat bilan aloqalar Moskvadagi elchixona orqali amalga oshiriladi.

Grantga hujjat topshirganimda qanday qilib viza olaman deb, o‘ylanib qolganman. Keyin “LinkedIn"dan avval mazkur universitetda o‘qigan bitta o‘zbekistonlik qizni topganman.

Undan viza haqida so‘raganimda Moskvaga borib kelish shart emasligi, O‘zbekistonda ularning rasmiy vakili “VFS Global” degan tashkilot faoliyat yuritishini aytgan.

Bu faqat O‘zbekistonda emas, boshqa davlatlarda ham faoliyat yurituvchi rasmiy tashkilot bo‘lib, Latviya, Litva, Avstriya, Finlyandiya va Irlandiya kabi davlatlarning vizalari aynan u orqali olinadi.

Shu bilan, ularga kerakli hujjatlarni topshirib, to‘lov qilganimdan keyin hujjatlarni Moskvaga jo‘natishgan. Moskva elchixonasi ko‘rib chiqib, pasportimga viza qo‘yib, qayta jo‘natishgan.

Shuni ta’kidlash kerakki, hujjatlarni e’tiborli bo‘lib topshirish zarur. Sababi, ularda kamchilik bo‘lsa, hujjatlaringizni qayta jo‘natish uchun yana ancha mablag‘ va vaqt sarflashingizga to‘g‘ri keladi.

Viza olishda, menimcha, eng asosiy narsa o‘sha davlatga nima sababdan ketayotganingiz (qonuniy) asosini aniq ko‘rsatish va u yerda yurgan paytingizda mamlakatga muammo tug‘dirmasligingiz hisoblanadi.

Men “Multiple-entry” vizasiga topshirganman va uni olish unchalik ham qiyin bo‘lmagan. Agarda siz barcha talablarga javob bersangiz viza olish qiyin kechmaydi. Eng qiyini esa o‘sha talablarga javob bera olishdir.

Yaxshi tomoni Irlandiya vizasini olish uchun hech qanday suhbat bo‘lmaydi va vizangiz 3−4 haftada (nisbatan ancha tez) tayyor bo‘ladi.

Ta’lim vizasini olish uchun quyidagi hujjatlar talab etiladi:

  • ariza shakli;
  • xalqaro pasport (original);
  • oldingi passportlar (agar bo‘lsa);
  • viza to‘lovi (VFSga to‘lanadi);
  • 2 ta rangli rasm (odatiy viza uchun rasm);
  • universitetdan qabul xati;
  • til sertifikati (IELTS, TOEFL, Cambridge va boshqa);
  • universitet kontrakt to‘lovining to‘liq yoki kamida 6 ming yevro miqdori to‘langani haqida ma’lumot;
  • har bir o‘quv yili uchun 6 oylik bank hisobida kamida 7 ming yevro va kontrakt uchun yetarli summa;
  • diplom va baholar;
  • oldingi ish joylari haqida ma’lumot (shunchaki ro‘yxat va kontakt ma’lumotlari yoki ulardan tasdiqlovchi hujjat);
  • sog‘lik sug‘urtasi.

irlandiya, qudratxo‘ja musayev, xorijda ta'lim

Foto: Qudratxo‘ja Musayevning shaxsiy arxividan

Viza xarajatlari va sug‘urta

Viza to‘lovi bir marta kirib chiqish uchun 60 yevroni, ko‘p martalik uchun esa 100 yevroni tashkil etadi.

Bundan tashqari VFS servisi uchun 20 yevro, transport xarajatlari uchun esa 60 yevro to‘lash zarur. Umumiy 140−180 yevro miqdorida mablag‘ sarflanadi.

Men esa 2,4 mln so‘m atrofida sarflaganman. Bir martalik kirib chiqish uchun 6 oylik viza yetarli bo‘ladi. Nimaga desangiz Irlandiyaga kelgandan keyingi birinchi qiladigan ishingiz IRP (Irish Residence Permit) olishdir.

Unin olish uchun ham mamlakatga kelganingizdan keyin yana qo‘shimcha 300 yevro to‘lashingiz kerak. Uni olish uchun esa ariza qoldirasiz va javobi odatda, 3−4 oyda chiqadi.

Yana shuni aytib o‘tish kerakki GOI-IES granti yuqoridagi xarajatlarni qoplamaydi. Ko‘pchilik grant yutsam yonimdan xarajat qilishim shart emas, deb o‘ylaydi.

Lekin men to stipendiyamni qo‘limga olgunimcha 3000 yevroga yaqin pul sarflaganman.

Sug‘urtani O‘zbekistonda yoki Irlandiyaning o‘zidan ham olish mumkin. Boshida men o‘zimizdan sotib olmoqchi bo‘lganman. Keyin yaxshilab o‘ylab ko‘rib, Irlandiyadan olishga qaror qilganman.

Sababi, o‘zimizdan olganimda, menga nimadir bo‘lgan taqdirda avval shifokorga ko‘rinishim va o‘z hisobimdan pul to‘lab, chekni ularga jo‘natishim kerak bo‘ladi. Shundan keyingina ular menga pulni tashlab berishadi.

Irlandiyaning o‘zidan olsam shifokorga borgan paytimda yonimdan pul sarflamasligimni aytishgan.

Ularning sug‘urtasi biznikidan uch baravar qimmat, ya’ni $500 bo‘lsa ham olishni ma’qul ko‘rganman. Qolaversa, elchixona ham viza uchun o‘zlaridagi ishonchli sug‘urtalarni ma’qul ko‘radi deb hisoblaganman.

Moslashish davri

Irlandiyaga moslashishim unchalik qiyin bo‘lmagan. Aksincha birinchi marotaba kelishimga qaramasdan, o‘zimni 3−4 yildan beri yashab kelayotganday his qilganman.

Tanishlarim chet elga chiqsa ko‘nika olmayotganliklarini aytishardi. Men bunga ko‘p vaqtdan beri tayyorlanib kelayotganligim uchunmi, umuman 'culture shock' bo‘lmagan.

Avval Xitoy va Yaponiyaga turli tashkilotlar nomidan xuddi turist kabi borganman. Lekin yonimda sheriklarim va bizga qarab yuradigan odamlar bor edi.

Bu davlatlarga borish orqali aeroportda nimalar qilish kerakligi va boshqa ko‘p narsalarni o‘rganganman. Irlandiyaga borganimda esa bu narsa hamma mas’uliyatni o‘z bo‘ynimga olishda katta yordam bergan.

Irlandiyada turar joy hozirgi paytda mamlakatdagi eng katta muammo deyish mumkin. Turar joy topish juda qiyin, hattoki Toshkentdan ham.

Narxlar esa odamlar daromadiga solishtirganda ancha qimmatroq. Menda stipendiya bo‘lgani uchun qimmat bo‘lsa ham yotoqxonani oldindan bron qilib qo‘yishga imkonim bo‘lgan.

Yotoqxonada turadigan, avval Britaniyada o‘qigan, ruminiyalik sherigim hozirgacha “ertalab miyamni ingliz tiliga sozlab olishim kerak, bo‘lmasa adashib ketishim mumkin”, deydi. Lekin menda bunday muammo kuzatilmagan negadir.

Bundan tashqari Irlandiyada bo‘lsam ham O‘zbekistondagi onlayn yarim stavka ishim sabab kun davomidagi asosiy muloqotim o‘zbek tilida bo‘lgan.

Universitetda esa ingliz tilida gaplashaman. Bu yerga sentabrda kelgan bo‘lsam, keyingi oydan universitet vazifalari bilan band bo‘lganman.

Lekin, 15-dekabrdan 15-yanvargacha Yangi yil uchun dam olish berganida va 2-semestrdan keyin ham dam olishga chiqqanimizda (15-apreldan 15-maygacha) juda zerikkanman.

Sababi, u paytda ko‘pchilik uyiga qaytgan va men deyarli yolg‘iz qolib ketgandim.

Irlandliklar madaniyati

Irlandlarning asl tili irland tili bo‘lishiga qaramay, ingliz tili o‘z ona tili darajasida rivojlangan. Hattoki ayrim irlandiyaliklar o‘zlarining irland tilini bilishmaydi ham. Bu tillar biri-biridan juda farq qiladi. Shu sabab ko‘pchilik ingliz tilida gaplashadi.

Irlandliklarning ingliz tilida gaplashadigan o‘z aksenti bor. U britanchaga biroz o‘xshab ketadi. Shu sabab boshida ularning gapiga tushunishda qiynalganman.

Xarid uchun do‘konga kirganimda ham sotuvchilarning gapiga tushunmasdim. Masalan, burger sotib olmoqchi bo‘lsam, uni ichiga nimalar solishini tanlashim kerak. Ular qanaqadir sabzavotlar, mayonezlar qo‘shishadi.

O‘sha payt sotuvchi nima so‘rasa, gapiga tushunmasam ham xo‘p deb turardim. Lekin endi asta-sekin o‘rganib ketdim. Hozir Dublinda irland oila bilan turganim sabab ularning aksentini ham yaqqol ajratib tushuna olyapman.

Ularning o‘ziga xos yumorlari bor. Madaniyatining asosiysi esa ularning milliy raqsi hisoblanadi. Ular bir tarafdan Shotlandiyani eslatadi. Ya’ni ularning ba’zi bayramlarini tomosha qilganda shotland erkaklarga o‘xshab yubka kiyish odatini ham ko‘rish mumkin.

irlandiya, qudratxo‘ja musayev, xorijda ta'lim

Foto: Qudratxo‘ja Musayevning shaxsiy arxividan

Irlandiya aholisi 5 mln.dan ko‘proq. Ularning yarmi (2,5 mln) Dublinda yashaydi. Bu yerda yo‘llar juda tor va jamoat transportlari unchalik yaxshi emas.

Cork shahri juda kichkina shahar, u yerda men ko‘proq piyoda yurganman.

Yashash xarajatlari

Bu yerda yashash uchun eng katta xarajat turar joy va ijaraga borib taqaladi. Oylik oladiganlar mablag‘ining 3/1 qismi ijaraga sarflanadi.

Universitet yotoqxonasi — 600−680 yevro, shaxsiy yotoqxonalar — 700−1100 yevro, kvartira ijarasi esa 600−900 yevroni tashkil etadi.

Lekin kuniga juda ko‘p pul sarflanmaydi. Masalan, 10−13 yevro atrofida ketishi mumkin. Oziq-ovqat unchalik qimmat emas, ba’zi mevalar narxi bizdagidan ham arzonroq.

Men ovqat tayyorlamayman, sotib olaman. Chunki, o‘zim taom pishiraman desam 4 yevroga tushadi. Sotib olganimda esa 5−6 yevro bo‘lib qoladi. Orasidagi farq juda ham katta emas.

Talabalar uchun avtobus narxlari “LeapCard” orqali to‘langanda 1 yevroga ham bormaydi. Kunlik avtobusda qatnasangiz oyiga 30 yevro sarflanishi mumkin.

Sayohat va ko‘ngilochar mashg‘ulotlar yoki xaridlar uchun oyiga 50−150 yevro sarflanishi mumkin.

Umuman, yashash xarajatlari oyiga o‘rtacha 1250 yevro atrofida shakllanadi. Ya’ni, har qanday holatda ham xarajatlaringiz 1000 yevrodan kam bo‘lishini kutmasligingiz kerak.

Sezganingizdek, Irlandiya yashash uchun ancha qimmat davlat.

Hayron qoldirgan voqealar

Irlandiyaga kelgan vaqtimda eng yoqqan narsa, bu mamlakatning qayta ishlashga katta e’tibor qaratishi bo‘lgan. Boshqa davlatlarga nisbatan tabiati yaxshi saqlab qolingan.

Ular nimadir qurmoqchi bo‘lishsa, birinchi bo‘lib tabiatga qanchalik minimum zarari borligi haqida o‘ylashadi.

Bundan tashqari, bu yerda seziladigan asosiy narsa — odamlarning xotirjamligi. Buni men ko‘proq aylanishga chiqqanimda ko‘raman.

O‘qishda talabalarni xotirjam ko‘rmasligimiz mumkin, lekin aylanishga chiqqaningizda yugurishga chiqqan va qo‘lida kuchugini yetaklagan xotirjam odamlarni uchratasiz.

Yana bir ajablantirgan narsa, bu yerda oylingiz qancha oshgani sari soliqlar ham ko‘payib boraveradi. Shu sabab ham bu yerda kim bilandir raqobatlashish degan narsa yo‘q.

Maosh ma’lum bir summaga yetgandan keyin odamlarda uni oshirishga bo‘lgan ishtiyoq pasayib boradi. Sababi katta summalardagi oyliklarning 45% gacha qismi soliqlarga ketib qolishi mumkin.

Do‘konlar ham soat kechki 6 bo‘lmasidan yopiladi, hatto yoz oylarida ham shunday.

Yana bu yerda kontrakt narxlari Britaniyadan ko‘ra pastroq. Irlandiya vizasini olishga qo‘yilgan talablar esa Britaniya vizasini olishga nisbatan yengilroq.

Irlandiyaga kelish oldidan shaxsan meni eng qiziqtirgan narsalardan biri bu uning tabiati bo‘ldi.

Mamlakat shaharlari unchalik katta emas va shundoq shahardan tashqariga chiqish bilan ajoyib tabiat manzaralarini topish mumkin. Hattoki shahar ichida ham ko‘l, daryo va bog‘lar mavjud.

Men bu yerga 6-sentabrda kelganimda, quyoshli kunlar tugab, yomg‘irli kunlar boshlangandi va u 4−5 kun davom etgan.

Universitet haqida

University College Cork universiteti jahon reytingida 303-o‘rinda turadi. Irlandiya bo‘yicha esa 3-o‘ringa da’vogarlik qilmoqda.

Guruhimizda taxminan 50 tacha talaba bor. Ammo ularning hammasini ham ko‘rmaganman.

Yo‘nalishim judayam texnik ham, judayam biznes ham emas. IT va biznesni bog‘laydigan yo‘nalish hisoblanadi.

Qolaversa, bu yerga kelganlarning hammasi ham faqat shu yo‘nalishni o‘rganib kelishmagan, hamma sohadan, hatto musiqachilar ham bor.

Kursdoshlarimning asosiy qismini esa irlandlar, xitoyliklar va hindlar tashkil etadi. Shuningdek, boshqa davlatlardan ham bor.

Bu yerda biror bir guruhda irlandlarni ko‘rmasangiz hayron qolmaysiz. Lekin Xitoy va Hindistonlik bo‘lmasa hayron qolishingiz mumkin. Sababi ular juda ko‘p. Yana Corkda ruslar ham juda ko‘p.

Universitetimizda esa nafaqat O‘zbekistondan, balki Markaziy Osiyodan faqat men borman. Lekin Irlandiyadagi boshqa universitetlarda Markaziy Osiyo davlatlaridan kelganlar ko‘pchilikni tashkil etadi.

irlandiya, qudratxo‘ja musayev, xorijda ta'lim

Foto: Qudratxo‘ja Musayevning shaxsiy arxividan

Dars jarayonlari

Bizda bir semestr davomida 6 ta dars o‘tiladi. Yil davomida esa 12 dars. Har bir darsda esa har haftada bir marotaba ma’ruza bo‘ladi. Har bir ma’ruza 2 soat davom etadi.

Bu yerda bizga o‘xshab darslar ertalab boshlanib, tushdan keyin tugamaydi, xohlagan vaqtga qo‘yiladi.

Ba’zida shunday ham bo‘lib turadi, ya’ni 2 soatlik darsning bir soatini bugun, qolgan ikkinchi soatini esa boshqa kunga qo‘yishgan.

Lekin shanba va yakshanba kunlari darslar bo‘lmaydi. Aytishim mumkinki, ma’ruzalar bizniki bilan bir xil. Bizdan asosiy farqi esa vazifalar va imtihonlarda deb o‘ylayman.

Ya’ni 6 ta fanning barchasi 2 tadan vazifa beradi. Ba’zida undan ham ko‘proq bo‘ladi. Har bitta vazifa esa hajmi jihatdan bitta kurs ishi teng keladi. Seminar darslari yo‘q.

Shuningdek, laborotoriya va amaliyot darslari bor. Lekin bular juda foydali deb hisoblamayman. Sababi undan oladigan narsalarimizni “Youtube"dan ham o‘rganish mumkin.

Amaliy darslarga borish yoki bormaslik yakunda baholarga hech qanday ta’sir qilmaydi. Asosiysi, vazifalarni topshirsangiz bo‘lgani.

Irlandiyada bir semestr 3 oy davom etadi. Shuningdek, har bir semestrda 2 ta fandan imtihon o‘tkaziladi. Bu imtihonlar esa O‘zbekistonda OTMga kirish uchun imtihonlar qanday o‘tkazilsa, xuddi shunday, 100−200 ta talaba bilan katta zallarda o‘tkaziladi.

Unda sizning qayerda o‘tirishingizgacha belgilangan bo‘ladi. Hech qanday yordamchi narsalardan foydalana olmaysiz va yozma ravishda o‘rtacha 90 daqiqada imtihonni topshirib chiqasiz.

Irlandiya ta’lim tizimi Britaniyaniki bilan bir xil. Magistraturada esa “Taught degree” va “Research degree” mavjud. “Taught degree"da ma’ruzalarga kirasiz, vazifalar, imtihonlar topshirasiz va oxirida diplomingizni olasiz, tamom.

“Research degree” esa asosan, keyinchalik PhD uchun mo‘ljallangan. Ya’ni ma’lum bir mavzuda tadqiqot olib borasiz va uning natijasi tugaganidan keyin diplomingizni olasiz.

Lekin “Research degree” bir yildan ko‘proq, 1,5−2 yil davom etishi mumkin. Darslar ham “Taught degree"dagi kabi ko‘p bo‘lmaydi.

Talabalar ishlashi mumkin, ammo…

Irlandiyaga kelib, kursdoshlarimdan ish topish qay darajadaligini so‘raganimda tezda topish imkonsiz ekanini aytishgan. Sababi sizda IRP (Irish Residence Permit) bo‘lmasa hech kim ishga olmaydi.

Yana bizdagi INNga o‘xshagan “PPS number” degan narsa bor. U soliq to‘lovchining hujjati hisoblanib, rasmiy ishlar uchun zarur. Bu ikki hujjatni olish uchun esa 2−3 oy ketib qolishi mumkin.

Bu yerda talabalar faqat yarim stavkada, haftasiga 20 soat ishlashlari mumkin. Dam olish vaqtlari esa to‘liq stavkada ishlay olishadi.

irlandiya, qudratxo‘ja musayev, xorijda ta'lim

Foto: Qudratxo‘ja Musayevning shaxsiy arxividan

Do‘konlarda ishlash va o‘qituvchilarga assistent bo‘lish mumkin deb aytishgan. Ularni ishga olish uchun ham biroz vaqt ketadi. Ishlashga ruxsat berilgani bilan unga ulgurish qiyinroq.

O‘zim O‘zbekistondagi onlayn ishimni kuniga 4 soatdan ishlardim va xohlagan vaqtimda qilganman. Lekin shunda ham o‘qish, vazifalarni birdan olib borish qiyin bo‘lgan.

Irlandiyaga nisbatan O‘zbekistonda Davlat xizmatlari, banklar ancha yaxshiroq ekanini his qildim. Masalan, IRPga sentabrni oxirida hujjat topshirgan bo‘lsam, dekabrning o‘rtalarida olganman. Bank xizmatlari ham havas qilarli darajada emas.

Eng minimum oylik soatiga 11 yevroni tashkil etadi. Undan ko‘p topolmaysiz. Oylik daromad 800−900 yevro bo‘lishi mumkin. Shuning uchun ham Irlandiyani o‘zingiz pul sarflab, o‘qish uchun zo‘r davlat deb bo‘lmaydi.

Bu yerda O‘zbekistondan kelib o‘qiyotgan talabalarning hammasi “Computer Science” yoki IT’ga bog‘liq yo‘nalishlar bo‘yicha tahsil olishadi.

O‘qishdan keyingi ishni menga shu yerda yashaydigan o‘zbekistonlik aka yanvardan boshlab qidirishim kerakligini aytgan. Men esa oktabrdan boshlab (deyarli 1 yil oldindan) qidirishni boshlaganman. Sababi ayrim kompaniyalarning bitiruvchi kurslar uchun dasturlariga qabul muddati shu oyda tugardi.

Avvaliga 2−3 ta joyga topshirib ko‘rganman va birinchi marta “Apple” kompaniyasidan suhbatga chaqirilganman. Birinchi suhbatdan o‘tib, ikkinchisidan o‘ta olmaganman, afsuski.

Yanvardan boshlab esa ish qidirishga jiddiy kirishganman va 15−20 tacha kompaniyaga hujjat topshirganman.

Eng qizig‘i, ko‘pchilik kichkina kompaniyalar menga javob ham bermadi. Bu esa Yevroittifoqdan tashqari odamlarning ish viza masalasi qiyinroq bo‘lgani uchun deb o‘ylayman.

Men dasturchi sifatida 4 yillik tajribaga ega bo‘lsam ham ish topish oson bo‘lmadi. Lekin mart oylarida “Mastercard"dan suhbatga chaqirildim va undan muvaffaqiyatli o‘tdim, sentabrdan kompaniyada “Software Engineer” sifatida ish boshlayman.

Bu yerdagi ko‘p kompaniyalarda “Graduate Program” kabi dasturlar bor. Bu kabi dasturlar universitetni yaqinda tamomlagan va hali deyarli tajribaga ega bo‘lmagan talabalar uchun mo‘ljallangan. Men ham xalqaro darajada tajribam hali yo‘qligini hisobga olib, shunday dasturga kirishga qaror qildim.

Dasturchilarning oyligi yillik hisoblanadi hamda 40 ming yevrodan boshlanib, 80−100 ming yevro atrofida shakllanadi.

Lekin soliqni ham hisobga olish kerak. Masalan, oyiga 3000 yevro olsangiz, soliqlarni hisobga olganda 2600 yevro qo‘lingizga tegishi mumkin.

Ular sizning daromadingizga qarab ko‘tarilib boraveradi. Soliqlar qanday oshib borishini esa maxsus platforma orqali hisoblab ko‘rsangiz bo‘ladi.

Menimcha hozir O‘zbekistonda ham tajribali dasturchilar yaxshi pul topishadi. Masalan, 'strong middle' darajadagi dasturchilar $2000 atrofida oylik olishini bilaman.

Bunda eng asosiysi qo‘lingizdan nima kelishi. Shu bilan birga, bu sohada nazariy bilim ham yuqori bo‘lishi juda muhim deb hisoblayman.

O‘zbekiston ta’lim tizimidan farqi qanday?

Bu yerda o‘qishga kirish oson, o‘qish qiyin. Baholash ham 70%dan oshsa, 5 hisoblanadi. Asosiysi, hamma narsa adolatli, korrupsiya yo‘q.

O‘qituvchi-professorlardan nima so‘rasangiz hammasiga javob berishadi.

irlandiya, qudratxo‘ja musayev, xorijda ta'lim

Foto: Qudratxo‘ja Musayevning shaxsiy arxividan

Semestr oxirida nima yoqdi, nima yoqmadi, shularga ham e’tibor qaratishadi. Shaxsan o‘zim ham o‘qish bo‘yicha o‘z fikrimni bildirganman. Bizda hozir 3-semestr va 29-iyul taqdimotgacha tayyorlanyapmiz.

Bizning dasturdagi yana bir farq — magistrlik dissertatsiyasida. Bunda bitta sanoat loyihasi ustida guruh bo‘lib 4 ta odam bilan birga ishlaymiz.

Birinchi semestrda juda ko‘p kompaniyalardan vakillar kelib, o‘z loyihalarini taqdim qilishgan. Shularning ichidan 4 ta qiziq loyihani tanlab, taklifimizni yozganmiz. Aynan shularni hisobga olib, keyin o‘qituvchilarning o‘zlari guruhlarga ajratib chiqishgan.

Mendagi diplom ishi mavzusi esa Irlandiyadagi moliyaviy startap uchun Amerika bozoriga kirishga strategiya yaratishga qaratilgan va shunga yordam beryapmiz.

Bizning vazifamiz ularning potensial mijozlari bilan suhbat qilish va aniqlangan natijalarni tadqiqot sifatida ko‘rsatib berish hisoblanadi. Kompaniyaga amaliy mahsulot, universitetga esa tadqiqotga o‘xshagan ish natijalarini berishimiz kerak.

Grantlar haqida

Chet elga grant yutishda birinchi navbatda insonning aniq maqsadi bo‘lishi kerak. Sababi, grantga topshirgan vaqtingizda sizdan ikki davlatga qanchalik darajada foydangiz tegishi haqida so‘raydi. Bu bo‘yicha esa ancha tajriba orttirganman.

Xorijiy grantlarga hujjat topshiradiganlarning xatosi IELTSga juda katta e’tibor qaratib, diplom bahosiga yetarlicha ahamiyat bermasligida deb bilaman.

Masalan, Irlandiya grantiga hujjat topshirganimda kuchsiz tomonim bo‘lmagan. Ya’ni diplom ballim 90%dan yuqori, IELTS darajam ham yaxshi bo‘lgan.

Hozirda do‘stim Nuriddin Qamardinov bilan “GrantGO” va “EventGo” loyihalarini olib boryapmiz. Ular xorijiy grant dasturlari va turli loyihalarga qaratilgan.

Shuningdek, “Telegram"da “Musayev blogi” shaxsiy kanalim orqali ham chet el grantlari haqida ma’lumotlar berib boraman.

Qandaydir grant haqida e’lon qilsak, ayrimlar kimga murojaat qilsak bo‘ladi deyishadi. Bunday savol berayotgan odam yaqin yillarda xorijiy grantlarga erishishi qiyin, deb o‘ylayman.

Sababi, ularga mustaqil hujjat topshirish va uzoq vaqt tayyorgarlik ko‘rish kerak.

Buni kimdir orqali amalga oshirish mumkin, deb o‘ylaganlar xato qilishadi. Shu paytgacha qancha grantga topshirgan bo‘lsam, hech kimga murojaat qilmasdan o‘zim amalga oshirganman.

Hozirda DAAD, Chevening, Fulbright, GOI-IES kabi turli hukumat grantlari bo‘yicha mentorlik kurslari tashkillashtiryapman. Bundan asosiy maqsad hujjatlarni nomzodlarning o‘zlari qay tarzda to‘g‘ri tayyorlashlari va topshirishlari mumkinligiga qaratilgan.

Grant qo‘lga kiritishini xohlagan odam, o‘zi harakat qilib, uning qanchalik darajada qiyinligini bilishi kerak.

Lekin grantlar sizning yagona variantingiz bo‘lib qolmasligi zarur. O‘qish davomida o‘z mutaxassislingizni yaxshi o‘rganib, ishlab, oz-ozdan bo‘lsa ham yig‘ib o‘z mablag‘ingizga bo‘lsa ham chetda o‘qish variantlarini ko‘rishingiz kerak. Sababi bu narsa grant yutishdan ham reallikka yaqinroq deb bilaman.


Bir narsani alohida ta’kidlashni istardim, hozirgacha erishgan yutuqlarim nafaqat mening, balki oilam, ayniqsa, onamning uzoq yillar davomida biz uchun qilgan harakatlari natijasi deb bilaman.

Onam har doim o‘g‘illarining yutuqlarini ko‘rishni xohlagan. Bularning barchasi aslida ularning yutug‘i deb bemalol ayta olaman.

irlandiya, qudratxo‘ja musayev, xorijda ta'lim

Foto: Qudratxo‘ja Musayevning shaxsiy arxividan

Chet elda o‘qish uchun harakat qilayotganlarga esa shuni aytishim mumkinki, o‘qishga kirish, chetda o‘qish, grant yutish va hattoki yaxshi ishga joylashish ham bu asosiy maqsadlaringiz yo‘lidagi vosita bo‘lishi kerak.

Asosiy maqsad esa qayerda va qanday imkoniyatga ega bo‘lmang eng avvalo, odamlarga yordam berish va ularning muammo hamda ehtiyojlariga javob bera olishga qaratilgan bo‘lishi kerak.

Bu yo‘lda esa sohangizning jahon darajasidagi eng yaxshi mutaxassisi bo‘lishga bor kuchingiz bilan harakat qiling!