“Hayot Bank”, “Yangi Bank”, “Smart Bank” hamda “Apex Bank"lar O‘zRVB a’zoligiga qabul qilindi, deya xabar berdi valyuta birjasining matbuot xizmati.
Bu a’zolik banklarga birja operatsiyalarida faol ishtirok etish hamda O‘zbekiston moliya bozorida o‘z imkoniyatlarini kengaytirish huquqini beradi.
Xususan, “Smart Bank” “C” toifasi, qolgan “Apex Bank”, “Hayot bank” va “Yangi Bank"lar esa barcha “A”, “B” va “C” toifalari bo‘yicha qabul qilingan.
Mazkur toifalarning har biri quyidagi huquqlarni taqdim etadi:
- “A” toifasi chet el valyutasi bozorida operatsiyalarni, shu jumladan, valyutaviy fyuchers shartnomalari bilan operatsiyalarni amalga oshirish va savdolarda qatnashish;
- “B” toifasi davlat qimmatli qog‘ozlari birja bozoridagi savdolarda qatnashish va operatsiyalarni amalga oshirish;
- “C” toifasi banklararo pul bozori hamda Markaziy bankning tijorat banklari bilan kredit va depozit auksionlarida operatsiyalarni amalga oshirish va savdolarda qatnashish.
Qayd etilishicha, birja savdolari ishtirokchilari sonini kengaytirish hamda moliya bozorini qo‘llab-quvvatlash maqsadida O‘zRVBga a’zolik uchun yig‘imlar va to‘lovlar undirilmaydi.
2022-yil yakunida Markaziy bank “Smart Bank"ga bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya bergandi. Joriy yilning mart oyida esa “Apex Bank” va “Hayot Bank” regulyator tomonidan roʻyxatdan oʻtkazildi.
Shuningdek, may oyi boshida “Yangi Bank"ga bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya berildi. Bu bilan, mazkur bank Oʻzbekistonda faoliyat olib boruvchi 35-bank boʻladi.