4-iyul kuni Xitoydan Langfan-Qashqar-Irkeshtom-Osh-Toshkent yangi multimodal yo‘nalishida konteynerli blok-poyezdi jo‘natildi, deya xabar bermoqda Transport vazirligi matbuot xizmati.

Langfandan (Xitoy) harakatlanuvchi birinchi poyezd (tarkibida qurilish materiallari bo‘lgan 41ta vagon) safarga chiqdi.

Butun yo‘lning masofasi taxminan 6000 kilometrni tashkil etadi va yukning umumiy og‘irligi 1000 tonnadan oshadi. Safar vaqti taxminan 12 kunni tashkil etadi.

Qayd etilishicha, hozirgi vaqtda ushbu yo‘nalish (quruqlikdagi) Xitoydan O‘zbekistonga yuklarni yetkazib berish uchun eng qisqa va eng tezkor yo‘nalish hisoblanadi.

Yangi multimodal yo‘lak bo‘ylab tashish jarayoni jo‘nash punktidan temir yo‘l orqali Qashqar (Xitoy) temir yo‘l stansiyasigacha amalga oshiriladi.

Keyin esa, yuklar avtotransportga ortilib Osh (Qirg‘iziston) temir yo‘l stansiyasiga yetkaziladi. Osh stansiyasidan esa Toshkentgacha yuklar temir yo‘l orqali yuk poyezdi tarkibida yetkaziladi.

Xitoyning Siyamen portidan Sergeli stantsiyasiga Eron orqali birinchi konteyner poyezdi harakati yo‘lga qo‘yilgandi.

Tarkibida maishiy texnika yuklari (muzlatgich, kir yuvish mashinasi, gaz plitalari) bo‘lgan konteynerlar Xitoydan dengiz orqali Bander-Abbas portiga olib kelinadi hamda Eronning Bander-Abbas portida temir yo‘l platformalariga ortilgan holda Turkmaniston orqali O‘zbekistonga kirib keladi.

39 ta 40 futlik konteynerlardan tashkil topgan blok poyezdi Bander-Abbas portidan Sergeli stantsiyasigacha 14 kunda yetib kelishi belgilangan.

2022-yilda Oʻzbekiston va Eron hududi orqali tovarlar tranzitini oshirish boʻyicha kelishuvga erishilgandi.

Shuningdek, Eronning Chobahor portidan O‘zbekistonga yuk tashuvlari yo‘lga qo‘yilishi haqida xabar berilgandi.

O‘zbekiston Turkmaniston va Eron bilan transport sohasida hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan qator kelishuvlarga erishdi.


Avvalroq “Spot” O‘zbekiston Boku portida o‘z terminalini ochishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.

Mamlakatdan kelayotgan tovarlarni saqlash uchun mazkur port hududida ombor infratuzilmasini yaratish ishlari olib borilmoqda.