Avvalroq qishloq hududlarida xorijiy tillarni o‘qitishni tashkil etish uchun o‘quv markazlariga subsidiyalar ajratilayotgani haqida xabar berilgandi.
Buning uchun Yagona portal orqali arizalarni joriy yilning 10-iyuligacha jo‘natish mumkin.
Shuningdek, mazkur xizmat uchun arizalarni har chorakning birinchi oyi 10-sanasigacha jo‘natish imkoniyati mavjud.
Portalning asosiy sahifasida sohalar keltirilgan. Ular orasidan “Ijtimoiy himoya” bo‘limini tanlab, undan “Qishloq hududlarida xorijiy tillarni o‘qitish faoliyatini tashkil etish uchun subsidiya” xizmatiga o‘tish kerak.
“Xizmatdan foydalanish” tugmasi orqali esa ariza jo‘natiladi. Undan faqat yuridik shaxslar foydalanishi mumkin.
Nomzodlar quyidagi hujjatlarni onlayn jo‘natishlari kerak:
- 2 yilga mo‘ljallangan biznes reja;
- mahsulot yetkazib berish yoki ishlarni, xizmatlarni bajarish to‘g‘risida tuzilgan xo‘jalik shartnomalari;
- pedagog kadrlar bilan tuzilgan mehnat shartnomalari;
- pedagog kadrlarning xorijiy tilni bilish darajasini tasdiqlovchi sertifikatlari;
- ta’lim jarayonida foydalanilayotgan bino yoki o‘quv xonalarining ijara shartnomasi.
Oxirgi hujjat faqat ko‘chmas mulk ijarasi asosida faoliyat yuritayotgan nodavlat ta’lim tashkilotlari uchun talab etiladi.
Subsidiya quyidagi maqsadlarda ajratiladi:
- bino va o‘quv xonalarini axborot kommunikatsiya texnologiyalari, mebel, asbob-uskunalar, o‘qitishning texnik vositalari va boshqa anjomlari bilan jihozlash;
- zarur darsliklar, o‘quv-metodik adabiyotlar va boshqa kutubxona-axborot resurslari hamda vositalari bilan ta’minlash;
- ta’lim jarayonini tashkil etishga jalb etiladigan pedagog kadrlar mehnatiga haq to‘lash.
Xizmatdan foydalanish bepul bo‘lib, buning uchun Yagona portalda shaxsiy sahifaga ega bo‘lish kerak. “Spot” avvalroq qanday qilib portalda sahifa yaratish mumkinligi bo‘yicha qo‘llanmani taqdim etgandi.
Mazkur muddatdan keyin subsidiya uchun arizalar joriy yilning oktabr oyida, ya’ni 1-oktabrdan 10-oktabrgacha qabul qilinadi.
Xizmatdan havola orqali foydalanish mumkin.
Avvalroq “Spot” “Ijtimoiy himoya yagona reyestri"ga kirish uchun qanday onlayn ariza jo‘natish mumkinligi haqida qo‘llanma taqdim etgandi.