“Yandex Go” taksi xizmati Nukusda ham ishga tushirildi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmat “Spot"ga maʼlum qildi.
Ilovani yuklagan holda unda kerakli manzilni tanlab, shaharning istagan nuqtasiga yetib olish mumkin.
Servis foydalanuvchining joylashuvini o‘zi aniqlaydi va tez yetib keladigan haydovchini topadi.
Safar narxi 3500 so‘mdan boshlanadi. Masalan, Markaziy bozordan Savitskiy muzeyiga yetib borish taxminan 4000 so‘m, aeroportdan esa taxminan 5000 so‘mga tushadi.
“Endi nukusliklar shahar bo‘ylab qulay va bemalol harakatlanishlari mumkin bo‘ladi. Hududning betakror madaniyati bilan tanishish va mashhur avangard muzeyiga tashrif buyurishni istagan sayyohlar ham ilovadan foydalanishlari mumkin. “Yandex Go"da siz mashinaga buyurtma berganingizdan so‘ng darhol model, avtomobil raqami va kutish vaqtini ko‘rishingiz mumkin. Ilovada tez bog‘lanish mumkin bo‘lgan qo‘llab-quvvatlash xizmati ham mavjud”, — deydi “Yandex Go” hududiy menejeri Mirzohid Solihov.
Nukusda safarning aniq narxi mashinaga buyurtma berish paytidayoq ko‘rinadi — ilovada boradigan manzilingizni aniq kiritsangiz bas. Haydovchi yo‘nalishni yo‘l ta’miri tufayli o‘zgartirishiga to‘g‘ri kelsa ham narx o‘zgarishsiz qoladi. Safar uchun to‘lov naqd ko‘rinishda amalga oshiriladi.
“Yandex Go” o‘z texnologiyalaridan foydalanadi: xaritalar, marshrutizatsiya, navigatsiya, buyurtmalarni taqsimlash aqlli tizimi.
Aynan texnologiyalar safarlarni foydalanuvchilar uchun qulay qilgan holda haydovchilar yaxshi pul topishiga imkon beradi.
2022-yilning oktabrida “Yandex Taxi"ning MDHdagi rivojlanish bo‘yicha direktori Kirill Svinsov yaqin oylarda xizmat Nukus, Qarshi va Urganchda ishga tushirilishi haqida ma’lum qilgandi.
“Yandex Go” O‘zbekistonda 2018-yilning aprel oyida ishga tushirilgan. Nukusdan tashqari xizmat sakkizta shaharda ishlaydi: Toshkent, Farg‘ona, Marg‘ilon, Namangan, Andijon, Samarqand, Qo‘qon va Buxoro.