“O‘zbekgidroenergo” boshqaruvi raisi Abdug‘ani Sanginov Xitoyning “China Southern Power Grid International” kompaniyasi boshqaruvi raisi Chjan Tanji bilan uchrashdi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Tomonlar umumiy quvvati 820 MVt bo‘lgan quyidagi 3 ta gidro to‘plash elektr stansiyalarini qurish loyihalari bo‘yicha anglashuv memorandumini imzoladi:

  • “Yuqori Pskem” GTES (200 MVt);
  • “Qarateren” GTES (500 MVt);
  • “Yuqori Pskem” GES (120 MVt).

Loyiha qiymati $1,6 mlrdni tashkil etib, 2030-yilga qadar to‘liq quvvatda ishga tushirilishi belgilanmoqda.

Memorandum doirasida dastlab o‘zbek-xitoy kompaniyalari tomonidan qo‘shma ishchi guruh tarkibi shakllantirilib, ular tomonidan loyihalarning texnik-iqtisodiy asoslari ishlab chiqiladi.

Shuningdek, mazkur jarayonga xalqaro toifadagi ekspert-mutaxassislarni ham jalb qilish ko‘zda tutilgan.

Gidro to‘plash elektr stansiyalari ishga tushirilishi natijasida yiliga o‘rtacha 3 mlrd kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarilib, 835,6 mln kub metr tabiiy gaz tejaladi.

Shuningdek, atmosferaga chiquvchi zararli is gazi miqdori kamayishiga erishilishi ta’kidlangan.

Loyihalar to‘liq quvvatda ishga tushirilgach esa 1,6 mln.dan ortiq aholi uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlanadi.

Yil boshida 2023-yili O‘zbekistonda umumiy quvvati 2910,6 MVt bo‘lgan 7 ta elektr stansiyasi ishga tushirilishi haqida qayd etilgandi.

Xususan, Sirdaryo, Navoiy, Surxondaryo, Samarqand va Jizzaxda 1 ta IES, 1 ta shamol, 3 ta quyosh va 2 ta GES ishga tushirilib, yagona elektr tarmog‘iga ulanadi.


Avvalroq Xitoyning “Tongwei Solar” kompaniyasi O‘zbekistonga 300 MVt quvvatga ega quyosh fotopanellari yetkazib berishi ma’lum qilingandi.