Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonov Yaponiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Takashi Hatori, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Bito Yoshibumi boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda kadrlar tayyorlash uchun stipendiyalar loyihalari doirasida almashinuv notasi hamda loyihani bajarish bo‘yicha Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi bilan grant bitimi imzolandi.
Loyiha qiymati $2,2 mlnni tashkil etib, uning doirasida 2024-yili vazirlik va idoralar vakillariga magistratura (18 ta) va doktoranturada (1 ta) o‘qish imkoni yaratiladi.
Aprel oyida Termizda O‘zbekiston-Yaponiya texnologik universiteti tashkil etilishi haqida xabar berilgandi.
Loyiha doirasida iqtisodiyot, qishloq xo‘jaligi, qurilish, tibbiyot va hamshiralik, mehmonxona menejmenti, avtomobilsozlik hamda yapon tilini o‘rgatish kabi yo‘nalishlarda ta’lim berish rejalashtirilgan.
Avvalroq davlat rahbari AQSh, Kanada, Buyuk Britaniya, Yaponiya va Yevropa davlatlariga ishga ketayotganlar uchun yo‘l chiptasi va “ishchi viza"ni olish xarajatlari to‘liq qoplab berilishini ma’lum qilgandi.