O‘zbekistonning Italiyadagi elchisi Otabek Akbarov Kiprning “CTT Aviation” kompaniyasi boshqaruvchi direktori Yakovos Vasiliades hamda O‘zbekistonning Kiprdagi konsuli Adam Montanios bilan uchrashdi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston elchisining yanvar oyida Nikosiyaga ish safari chog‘ida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida ikki davlat o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri charter reyslarini ochish masalasi ishlab chiqilgan.
Loyiha “CTT Aviation” tomonidan Transport vazirligining Turizm departamenti ko‘magida amalga oshirilmoqda.
Toshkent va Larnaka o‘rtasidagi birinchi to‘g‘ridan-to‘g‘ri reys joriy yilning 29-iyul kuni amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Keyinchalik aviaqatnovni har hafta shanba kunlari, sentyabr oyining oxirigacha yo‘lga qo‘yish belgilanmoqda.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston tomonidan parvozlarni tashkil etish bilan “Travel World Grup” sayyohlik agentligi shug‘ullanadi va parvozlar O‘zbekistonning “Qanot Sharq” aviakompaniyasi samolyotlarida amalga oshiriladi.
Har bir reysda 202 nafar yo‘lovchi bo‘lishi taxmin qilinmoqda.
Kiprga tashrif buyurish dasturi barcha asosiy diqqatga sazovor joylarni, jumladan Larnaka, Limassol va Pafos shaharlarini o‘z ichiga oladi.
Avvalroq “Spot” “Qanot Sharq” 1-iyundan Samarqanddan Istanbulga to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni yo‘lga qo‘yishi haqida yozgandi.
Muntazam aviqatnovlar haftada uch marta — seshanba, payshanba va shanba kunlari amalga oshiriladi.