Prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev sirdaryolik saylovchilar bilan uchrashib, o‘zining saylovoldi dasturi bilan tanishtirdi.

“Spot” unda ilgari surilgan muhim tashabbuslarni bir joyga jamladi.


160 ta yangi avtobus olib kelinadi

Sirdaryo viloyatida jamoat transporti qatnovlarini ko‘paytirish uchun, 160 ta yangi avtobus olib kelinib, yangi loyihalar asosida 60 ta bekat quriladi.

Natijada, sirdaryolik 600 mingdan ziyod odamlarning uzog‘i yaqin bo‘ladi.

“Toshkent-Xovos yo‘nalishidagi bundan 35 yil avval sotib olingan elektropoyezdlarni yangilaymiz. Buning uchun, $20 mln evaziga, zamonaviy elektropoyezdlar olib kelamiz”, — dedi nomzod.


1,5 ming Megavattli IES barpo etiladi

“Albatta, kelgusi yillarda yaratiladigan yangi ishlab chiqarish quvvatlari hisobiga, viloyatda elektr energiyasiga bo‘lgan talab ham keskin oshadi”, — deya qayd etdi Shavkat Mirziyoyev.

Kelgusi ikki yilda Fransiya, Yaponiya va Qatar kompaniyalari konsorsiumi tomonidan $1,1 mlrd investitsiya kiritilib, qo‘shimcha 1,5 ming Megavattli issiqlik elektr stansiyasi barpo etiladi.


Bakalavr pedagog kadrlar tayyorlash to‘liq davlat grantiga o‘tkaziladi

Pedagogika yo‘nalishidagi oliygohlar alohida yondashuv asosida rivojlantiriladi.

Kelgusi o‘quv yilidan bakalavr pedagog kadrlar tayyorlash to‘liq davlat grantiga o‘tkaziladi hamda magistraturada kvotalar 2 karra oshirilib, to‘liq davlat hisobidan bo‘ladi.

Kadrlar yetishmaydigan, ta’lim sifati og‘ir maktablar oldindan tanlanib, ular uchun maqsadli davlat buyurtmasi joriy qilinadi.

Bunda, buyurtma asosida o‘qishni tamomlagan yoshlarga, ushbu maktablarda borib ishlashlari uchun jozibador rag‘batlantirish tizimini yo‘lga qo‘yamiz.

“Pirovardida, 2030-yilga borib bog‘cha tarbiyachisi ham, maktab o‘qituvchisi ham faqat va faqat oliy ma’lumotli bo‘ladi”, — dedi nomzod.


To‘rtta fan bo‘yicha xalqaro sertifikati bor abituriyentlarga ham imtiyoz beriladi

Yoshlarning maktabda o‘qigan baholarini ham inobatga olish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

Kelgusi yildan abituriyentlar 3 ta asosiy va 2 ta qo‘shimcha fanni tanlab, test sinovlaridan o‘tadi va uning natijalariga qarab oliygoh, ta’lim yo‘nalishi va ta’lim shaklini tanlash imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Oldin xorijiy tillardan xalqaro sertifikati bor abituriyentlarga chet tili bo‘yicha imtihon topshirmaslik imtiyozi berilgandi.

Endi, bu imtiyoz matematika, fizika, kimyo va biologiya fanlari bo‘yicha xalqaro tan olingan sertifikati bor yoshlarga ham tatbiq etiladi.


Korxonalar va oliygohlar tomonidan grantlar berish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi

Bundan tashqari, davlat grantlari bilan bir qatorda, ish beruvchilar va oliygohlar tomonidan grantlar berish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

Misol uchun, yiliga 100 mlrd so‘m “oborot” qilayotgan korxona o‘ziga zarur 30 nafar yosh mutaxassis uchun grant ajratsa, yiliga o‘rtacha 300 mln so‘m xarajat qiladi.

Faoliyat turiga qarab, korxonalar ushbu xarajati doirasida 30−35 mln so‘m soliq to‘lashi kerak.

Endi, korxonalar va oliygohlarning ushbu maqsadlarga yo‘naltirgan mablag‘lari soliq bazasiga kiritilmaydi.

“Shunda, ish beruvchilar o‘rtasida iqtidorli yoshlarni jalb qilishga kurash, oliygohlarda sifat uchun raqobat kuchayadi”, — dedi nomzod.


Besh ming nafar professor-o‘qituvchilar tajriba almashish uchun xorijga jo‘natiladi

Har yili 5 ming nafar professor-o‘qituvchilar tajriba almashish uchun xorijga yuboriladi.

Bu maqsad uchun 2030-yilga qadar $50 mln yo‘naltirish rejalashtirilmoqda.

“Shuningdek, har yili 200 nafar yosh olimlarimizni, keyinchalik oliygohlarga qaytib dars berish sharti bilan, xorijiy ilmiy tashkilotlarda dissertatsiya yoqlashga jo‘natamiz”, — dedi nomzod.


Professor-o‘qituvchilarning o‘quv yuklamasi 25%ga qisqartiriladi

“Professor-o‘qituvchilar sharoitlarini yanada yaxshilash bo‘yicha islohotlarni davom ettiramiz. Masalan, bugungi kunda oddiy assistent o‘qituvchining yillik o‘rtacha o‘quv yuklamasi 1 ming soatdan oshadi. Bunday ko‘p yuklama bilan o‘qituvchi qachon ilm qiladi, qachon o‘z ustida ishlaydi?” — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu sabab, professor-o‘qituvchilarning o‘quv yuklamasi 25%ga qisqartiriladi va ularning ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanishi uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratiladi. Eng muhimi, bunda ularning ish haqi kamaytirilmaydi.

O‘z yo‘nalishi bo‘yicha xalqaro tan olingan kasbiy sertifikatlarga ega bo‘lgan o‘qituvchilarga qo‘shimcha ustamalar belgilanadi.

Shuningdek, bunday sertifikati bor amaliyotchilarga dars berish uchun magistrlik diplomi talab etilmaydi.


Yangi qurilayotgan uylarning 25−30%i professor-o‘qituvchilarga imtiyozli shartlarda beriladi

Hududlarda qurilayotgan uylarning 25−30%i professor-o‘qituvchilarga imtiyozli shartlarda beriladi.

“Yana bir taklifim bor. Oliygohlarda uzoq yillar ishlab, ilmiy maktablar yaratgan professor-o‘qituvchilar nomini shu dargohdagi kafedra, laboratoriya, kutubxona, auditoriya va o‘quv binolariga berish amaliyotini joriy qilsak, nima deysizlar?”, — dedi nomzod.