Har qanday biznes loyihaning, turli brendlarning o‘z tarixi bor. Bugungi kungacha bosib o‘tilgan yo‘l, loyihadagi keskin burilishlar hamda muvaffaqiyatli qadamlar ko‘pchilik uchun qiziq bo‘lishi tabiiy.

“Spot” “Biznes tarixi” sahifasini davom etadi. Bu gal dunyoning eng yirik elektron tijorat biznesidan biriga aylangan “Alibaba” kompaniyasining tarixiga nazar solamiz.

Mazkur maqolada kompaniya qanday tashkil etilgani, onlayn bozor raqobatida qanday o‘sishga erishgani va nima uchun bu nom tanlangani haqida so‘z yuritiladi.


Ijara uyda boshlangan biznes

“Alibaba” butun dunyoga mashhur onlayn bozorlar — “AliExpress”, “Taobao”, “Alibaba” hamda “1688” kabi saytlarning egasi hisoblanadi.

Kompaniya 1999-yilda Jek Ma va uning sheriklari tomonidan tashkil etilgan. Kompaniyaning dastlabki yillarida ijara uy ofis xizmatini bajargan.

Uning ilk xodimlari esa mazkur ijara uyda 24/7 kun davomida ishlagan, uxlagan va ovqatlanishgan.

alibaba, biznes tarixi

Dastlab kompaniya malakali ishchilarga maosh to‘lashga qurbi yetmasdi, shuning uchun Xitoyning qishloq joylaridan yosh va tajribasiz odamlarni ishga olishni ma’qul ko‘radi.

Kompaniya yaratilishining dastlabki bosqichida 17 kishidan atigi 4 nafari IT ni tushungan.

Internetni endigina o‘zlashtirgan aholining o‘rta sinfiga e’tibor qaratgan Jek Ma esa unga taklif qilingan ishlanmalarning qariyb 90%ini rad etadi.

Asosiy sabab — agar u tushunmagan bo‘lsa, demak, IT ni tushunmaydigan boshqa foydalanuvchilarning ham tushunishi qiyin bo‘ladi.

Dastlab, Alibaba.com onlayn-do‘koni yaratilgan bo‘lib, u kichik va o‘rta biznes savdo qilish platformasi sifatida rejalashtirilgandi.

Onlayn do‘kon ishga tushirilgach, “Alibaba Group” kompaniyasining o‘zi yaratiladi.

Biroq, 1999-yil oxirida Jek Ma $25 mln investitsiya kiritgan sarmoyadorlarni jalb qilishga muvaffaq bo‘lmaguncha, ishlar yaxshi ketmayotgandi.

Sarmoya kiritilgach esa loyiha nafaqat saqlab qolinadi, balki uni rivojlantirishni davom ettirishga ham muvaffaq bo‘lishadi.

Biznesni kengaytirish

“Alibaba” Xitoydan tashqari, 2001-yilda Silikon vodiysida ofisi ochilgan Amerika onlayn savdo bozorini zabt etishni rejalashtirgandi.

Ammo o‘sha paytda “Amazon” va “eBay” allaqachon AQShda ishlayotgan, shuning uchun integratsiya muvaffaqiyatsiz kechadi. Natijada ofis yopilib, “Alibaba” e’tiborini Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlariga qaratadi.

2002-yilda “Alibaba” onlayn-do‘koni daromad keltira boshlaydi — savdo komissiyalari saytni saqlash va doimiy ravishda takomillashtirish xarajatlarini qoplaydi.

Shu bilan, 1 mlndan ortiq foydalanuvchiga ega kompaniya o‘z biznesini kengaytirishga qaror qiladi.

2003-yil “Taobao” veb-saytini, 2004-yilda esa “Alipay to‘lov” tizimini, shuningdek, “Tmall” platformasini ishga tushiradi.

Bu saytlarning muvaffaqiyati sabab esa “Aliexpress"ni yaratish g‘oyasi paydo bo‘ladi.

“TaoBao savdo” platformasi “Alibaba"ning atigi 6 nafar xodimi tomonidan yuqori maxfiylik sharoitida yaratilib, ishga tushirilgan, bu vazifani bajarish uchun esa atigi ikki hafta vaqt ketgan.

Elektron bozor uchun raqobat

Jek Ma Xitoy bozorining hech bo‘lmaganda katta qismini va maksimal darajada butun bozorni olishga intiladi, chunki o‘sha paytda allaqachon dunyoga mashhur “eBay” marketpleysi Osiyo bozoriga o‘tish rejalarini e’lon qilgandi.

“Alibaba” esa raqobatbardoshlikni oshirish uchun sotuvchilarga o‘z saytlarida bepul ro‘yxatdan o‘tishga ruxsat beradi.

“eBay” jiddiy raqobatchini ko‘rgach “EveryNet"ni sotib oladi — u esa o‘sha paytlarda Xitoy elektron tijorat bozoridagi asosiy o‘yinchilardan biri edi.

“EveryNet"ni sotib olish orqali “eBay” bozorning deyarli 85%ini egallaydi. Bir qarashda, “eBay” nihoyat yetakchilikni qo‘lga kiritganga o‘xshardi, biroq bunday bo‘lmadi.

2004-yili “Alibaba Group” “Alipay” xizmatini ishga tushiradi. Bu esa “eBay” biznesiga jiddiy zarar yetkazadi.

2009-yil “Alibaba Cloud” sho‘ba korxonasi tashkil etilib, u bulutli serverlarga kirishni ta’minlaydi.

Tarmoqning kengayishi va hukumatning qo‘llab-quvvatlashi

2010-yilga kelib, “Alibaba Group” jahonga mashhur “AliExpress” bozorini ishga tushiradi.

Dastlab, butun dunyo bo‘ylab xaridorlar faqat xitoylik sotuvchilardan tovarlar sotib olishlari mumkin edi, ammo keyinchalik bu qayta ko‘rib chiqilib, bugungi kunda boshqa mamlakatlar sotuvchilari ham bu yerda sotuvlarni amalga oshiradi.

2011-yil boshida barcha “Alibaba” platformalarida 240 ta mamlakatdan 65 mln.dan ortiq sotuvchi ro‘yxatdan o‘tgan. Xuddi shu yili “Taobao"ni “Taobao Marketplace” va “Tmall"ga bo‘lish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi.

2013-yilda “Wanda Group” kompaniyasidan “Wanda Plaza” savdo markazida statsionar savdo nuqtalarini ochish rejalashtirilgan edi. Ammo keyinchalik bu fikrdan voz kechishga to‘g‘ri keladi. Xuddi shu yili “Alibaba” boshqa 8 kompaniya bilan birgalikda “Cainiao” logistika korxonasini tashkil etadi.

2014-yil oxirida “Alipay” “Ant Financial"ga aylantirildi va unga “Alipay"dan tashqari “Alipay Wallet” elektron hamyoni va boshqa bir qator moliyaviy platformalar kirdi.

O‘sha yili kompaniya aksiyalari qimmatlashdi, natijada uning daromadi $21,8 mlrd.ni tashkil etib, keyinroq bu miqdor $25 mlrd.ga chiqadi.

2018-yil boshida aksiyalar o‘sishi hisobiga kompaniya qiymati $500 mlrd.dan oshadi. Shu yili kompaniya oziq-ovqat yetkazib berish xizmatini ham ishga tushiradi.

Shuningdek, o‘sha yili kompaniya rahbariyati avtonom harakat xavfsizligining 4-darajasiga javob beradigan uchuvchisiz transport vositalarini yaratish loyihasi boshlanganini e’lon qildi.

Kompaniyani qo‘llab-quvvatlash uchun Xitoy hukumati qonunchilik darajasida uchuvchisiz transport vositalarini ishlab chiqarish va sinovdan o‘tkazish jarayonini tartibga solishni belgilab beradi.

Kompaniya nomi va logotipi

O‘z kompaniyasi uchun nom tanlashda, Jek Ma bu potensial mijozlar va xazinalar haqidagi ertak bilan bog‘lanishiga umid qilgan, unga kirish uchun siz orzu qilgan so‘zni aytishingiz kerak.

Kompaniyaning nomi Ali Baba va 40 qaroqchi haqidagi ertakga ishora bo‘lib, shuning uchun Jek Ma o‘z jamoasini “qaroqchilar” deb ataydi.

“Alibaba” logotipida ichida inson yuzi yaqqol ko‘zga tashlanuvchi kichik “a” harfi aks etgan. Logotip ostida “Alibaba.com” yozuvi mavjud.

alibaba, biznes tarixi

Uning dizayni uchun kompaniya dizaynerlari yorqin to‘q sariq rangdan foydalanishgan.

Qizig‘i shundaki, korporatsiya tashkil topganidan beri uning logotipi dizayn hamjamiyatining muntazam hujumiga uchraganiga qaramay, hech qachon o‘zgarmagan.

Taniqli dizaynerlar va marketologlar logotipni juda sodda va ko‘p qirrali deb qoralashadi, chunki milliardlab daromadga ega xalqaro gigant “qo‘l uchida” yaratilganiga o‘xshash logotipdan foydalanmasligi kerak, deb hisoblashadi

Kompaniyaning marketing fishkasi

Muvaffaqiyatining asosiy sirlaridan biri mijozlarning keng doiradagi manfaatlarini qondirishga qaratilgan noyob marketing siyosatidan foydalanishi hisoblanadi.

Kompaniya butun dunyo bo‘ylab foydalanuvchilarga tovarlarni raqobatbardosh narxlarda sotib olish imkoniyatini taqdim etadi — bugungi kunda Alibaba.com dunyodagi eng yirik B2B platformasi hisoblanadi.

Ya’ni, “Business-to-business” tushunchasi oldi-sotdi jarayoni bo‘lib, unda shartnoma munosabatlarining subyekti sifatida tijorat faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslar yoki tadbirkorlar ishtirok etadi. Tadbirkorlarning 73% dan ortig‘i platformada ommaviy xaridlarni amalga oshiradi.

“Alibaba Group” nafaqat tovarlarni sotishga imkon beradi, balki o‘z mijozlariga qulaylik yaratish uchun elektron platformalarini mamlakatlar, mahsulot assortimenti va maqsadli auditoriya bo‘yicha ajratadi.

Kompaniya sotuvchilarga “Alimama” reklama xizmatidan foydalanish imkoniyatini taqdim etib, ularga “Alibaba” ekotizimining barcha platformalarida mahsulotlarini ilgari surish uchun yordam beradi.

Shuningdek, “Alipay” tizimi “Alibaba” platformalari mijozlariga (sotuvchilar va xaridorlarga) komissiyasiz tez to‘lovlarni amalga oshirish imkonini beradi.

Bugungi kunga kelib kompaniyaning Xitoyda joylashgan 700 ga yaqin sho’ba korxonasi va boshqa mamlakatlarda 520 ta kompaniyasi mavjud.

“Forbes” nashri ma’lumotlariga ko‘ra, kompaniyaning 2022-yildagi daromadi $129,8 mlrdni tashkil etib, $10,2 mlrd foydaga erishgan.

Bosh qarorgohi Xitoyning Xanchjou shahrida joylashgan kompaniyaning jami xodimlari soni 254 mingdan ortiq.

Alibabaning bo‘linishi

Joriy yilning mart oyida “Alibaba” o‘z biznesini oltita alohida bo‘limga bo‘lishni rejalashtirayotganini ma’lum qiladi.

Har bir yangi biznes bo‘linmasi o‘zining bosh direktori va direktorlar kengashi tomonidan nazorat qilinib, beshta yangi biznes guruhi tashqi kapitalni jalb qilish va o‘z IPOlariga harakat qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Qayd etilishicha, bu sarmoyadorlar uchun ko‘proq qiymatni ochadigan “yanada chaqqon” kompaniyalarni qurishga, qarorlar qabul qilishni yaxshilashga va bozor o‘zgarishlariga tezroq javob berishga imkon beradi.

Oltita yangi tashkil etilgan biznes bo‘linmalari quyidagilar bo‘ladi:

  • “Cloud Intelligence Group”, “Taobao Tmall Commerce Group”;
  • “Local Services Group”;
  • “Cainiao Smart Logistics”;
  • “Global Digital Commerce Group”;
  • “Digital Media and Entertainment Group”.