Osiyo taraqqiyot banki (OTB) O‘zbekistonga $125 mln miqdorida qarz ajratishni ma’qulladi. Bu haqda bank matbuot xizmati ma’lum qildi.

Mablag‘lar elektr uzatish tarmog‘ini takomillashtirish, energiya samaradorligini oshirish va qayta tiklanadigan energiya manbalarining ko‘proq mamlakat energetika balansiga integratsiyalashuvini ta’minlashga yumshaladi.

Xususan, “Dekarbonizatsiya sari raqamlashtirish — Elektr uzatish tarmoqlarini takomillashtirish” loyihasi doirasida yetti viloyatda — ya’ni Buxoro, Farg‘ona, Qashqadaryo, Samarqand, Surxondaryo, Navoiy va Toshkent viloyatlarida umumiy uzunligi qariyb 359 kilometr bo‘lgan 12 ta elektr uzatish liniyalari rekonstruksiya qilinadi.

Bundan tashqari loyiha joriy va loyihalashtirilgan energiya ehtiyojlarini qondirish uchun quvvatlarni oshirish maqsadida Fayzobod, Obi-Hayot, Zafar va Zarafshonda 220 kilovolt quvvatli to‘rtta podstansiyaning rekonstruksiya va modernizatsiya qilinishini moliyalashtiradi.

“Ushbu loyiha O‘zbekistonning ishonchli va arzon elektr energiyasiga bo‘lgan ortib borayotgan talabini qondirishga yordam beradi va shu bilan birga mamlakatning yashil va past uglerodli iqtisodiyotga o‘tishini qo‘llab-quvvatlaydi”, — dedi OTBning Markaziy va G‘arbiy Osiyo bo‘yicha Bosh direktori Yevgeniy Jukov.

Loyiha doirasida eski texnologiyalarnidispetcher boshqaruvi va ma’lumotlarni to‘plash (SCADA) tizimiga ulash imkoni bo‘lgan yuqori voltli liniyalar va podstansiyalarga almashtirish orqali elektr uzatish tarmog‘i raqamlashtiriladi.

Bu dispetcherlik markaziga masofadan turib boshqarish va real vaqtda tarixiy ma’lumotlarni olish imkonini beradi.

“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” kompaniyasi elektr ta’minotini yaxshiroq boshqarish va tarmoqda qayta tiklanuvchi energiya ishlab chiqarish quvvatini oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

“Tarmoqni raqamlashtirish va iqlim o‘zgarishiga chidamli texnologiyalarni joriy qilish rejalashtirilmagan uzilishlarni kamaytirishga hamda tarmoq samaradorligini oshirishga yordam beradi”, — OTBning Energetika bo‘yicha mutaxassisi Nana Gurgenidze.

May oyida Osiyo taraqqiyot banki ko‘magida Toshkent shahri va Toshkent viloyatida 13 ta maktab qurilishi ma’lum qilingandi.

Loyihani 2023−2024 yillarda amalga oshirish belgilangan bo‘lib, texnik xizmat ko‘rsatish va tender hujjatlarini ishlab chiqish uchun bank tomonidan $1,1 mln ajratiladi.


Avvalroq Surxondaryoda 1560 MVt quvvatga ega bug‘-gaz elektr stansiyasi qurilishi va buning uchun Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki va Islom taraqqiyot banki tomonidan 325 mln yevro investitsiya kiritilishi haqida xabar berilgandi.