Vazirlar Mahkamasi “20 ming tadbirkor — 500 ming malakali mutaxassis” dasturi ishtirokchilariga imtiyozlar qo‘llash tartibini tasdiqladi. Hujjat Lex.uz ma’lumotlar bazasida e’lon qilingan.

Nizomga ko‘ra, jami ishchilar sonining kamida 20%ini tashkil etgan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri"ga kiritilgan fuqarolar kamida 1 yil davomida ish bilan ta’minlagan tadbirkorlar mol-mulk va yer solig‘i bo‘yicha quyidagi soliq imtiyozlariga ega bo‘ladi:

  • 51 tadan 100 tagacha yangi ish o‘rinlari yaratadigan tadbirkorlar uchun mol-mulk va yer solig‘ining amaldagi soliq stavkasi 50%ga;
  • 101 tadan 200 tagacha yangi ish o‘rni yaratadiganlar uchun 75%ga kamaytiriladi;
  • 200 tadan ortiq ish o‘rinlari yaratadiganlar mazkur soliqlarni to‘lashdan ozod etiladi.

Dasturda ishtirok etadigan tadbirkorlarga barcha soliqlarni (QQS va soliq agentlari sifatida to‘lanadigan soliqlar bundan mustasno) ta’minotsiz va foizsiz quyidagi muddatlarga bo‘lib to‘lash huquqi beriladi:

  • 51 tadan 100 tagacha yangi ish o‘rni yaratadigan tadbirkorlarga — 3 oy muddatda;
  • 101 tadan 200 tagacha yangi ish o‘rni yaratadigan tadbirkorlarga — 6 oy muddatda;
  • 200 tadan ortiq yangi ish o‘rni yaratadigan tadbirkorlarga — 12 oy muddatda.

Yangi ish o‘rinlari yaratilgan taqdirda ularga nisbatan quyidagi tartibda soliq tekshiruvlari o‘tkazilmaydi:

  • 51 tadan 200 tagacha yangi ish o‘rni yaratadigan tadbirkorlarda soliq auditi o‘tkazilmaydi;
  • 200 tadan ortiq yangi ish o‘rni yaratadigan tadbirkorlarda barcha turdagi soliq tekshiruvlari o‘tkazilmaydi.

Dasturga kiritilgan tadbirkorlar tomonidan bojxona tartib-taomillariga rioya etilgan holatlarda ularga nisbatan “yashil yo‘lak” tartibi qo‘llaniladi.

Shuningdek, bojxona to‘lovlarini ta’minotsiz va foizsiz quyidagi muddatlarga bo‘lib to‘lash huquqi beriladi:

  • 51 tadan 100 tagacha yangi ish o‘rni yaratadigan tadbirkorlarga — 3 oy muddatda;
  • 101 tadan 200 tagacha yangi ish o‘rni yaratadigan tadbirkorlarga — 6 oy;
  • 200 tadan ortiq yangi ish o‘rni yaratadigan tadbirkorlarga — 12 oy.

Avvalroq O‘zbekistonda “20 ming tadbirkor — 500 ming malakali mutaxassis” dasturi amalga oshirilishi belgilangandi.

Unda kamida 2 yildan buyon faoliyat ko‘rsatayotgan va ustav kapitalida davlat ulushi mavjud bo‘lmagan tadbirkorlar “hamkorlik shartnomalari” asosida ixtiyoriy ravishda ishtirok etishlari mumkin.

2023−2024 yillarda dasturni amalga oshirish uchun jami $1 mlrd miqdorida kredit liniyasi ochiladi.

Mazkur mablag‘lar hisobidan banklar tomonidan kreditlar dasturga kiritilgan tadbirkorlarning loyihalarini amalga oshirish uchun 7 yilgacha muddatga 14% stavkada ajratiladi.