O‘zbekiston bozorida “Litres” elektron kitoblar va audiokitoblar xizmati ish boshladi, deb yozadi “Kommersant” nashri kompaniya vakiliga tayanib.
Unga ko‘ra, xizmat saytining o‘zbek tilidagi versiyasi litres.uz allaqachon ishga tushirilgan bo‘lib, ayni paytda 1500 ga yaqin nomdagi katalogni o‘z ichiga oladi.
Yil oxirigacha katalogni 4000 ta elektron va audio kitoblarga yetkazish rejalashtirilgan.
Xizmatning mobil ilovasidan ham foydalanish mumkin. Buning uchun Android va iOS qurilmalari uchun mo‘ljallangan versiyalarini o‘rnatish mumkin.
Shuningdek, “Litres” guruhi O‘zbekistonning 13 ta milliy nashriyoti bilan shartnoma tuzgan. Bular qatorida “Asaxiy Books”, “Sharq”, “Adabiyot” hamda “Yangi asr avlodi” kabi mahalliy bozor ishtirokchilari bor.
Guruh bosh direktori Sergey Anurev O‘zbekistondagi elektron kitoblar bozorining istiqbolli hajmini yiliga $4−5 mlnga baholamoqda.
“Bunga, birinchi navbatda, an’anaviy bosma kitoblar bozorida taqdim etilgan ko‘plab nashriyotlar yordam beradi — taxminan 40 ta”, dedi u.
2022-yilning dekabrida “Litres” Ozarbayjon bozoriga kirgan. Ukrainadagi mojaro avj olishidan oldin xizmat Polshada ham ishlagan va Estoniyaning EDRK elektron kitob platformasini boshqargan, ammo hozir bu mamlakatlarni tark etgan.
Avvalroq “Spot” “Walkntalk” kiyim do‘koni asoschisi Zakiya Dalimova tomonidan tavsiya etilgan 5 ta kitobni taqdim etgandi.