O‘zbekistonga muntazam ruxsatnomalar xorijiy aviakompaniyalarga elektron shaklda taqdim etiladi, deya xabar bermoqda Transport vazirligi matbuot xizmati.
Xorijiy aviakompaniyalar tomonidan O‘zbekistonga muntazam aviatashuvlarni amalga oshirish uchun ruxsatnomalarni onlayn rasmiylashtirish imkonini beruvchi “Forma R” axborot tizimi ishga tushirildi.
Endilikda xorijiy aviakompaniya rasmiy vakili air.uztrans.uz manzili orqali belgilangan shaklda onlayn ariza to‘ldiradi.
Shu kungacha mazkur jarayon an’anaviy usulda, qog‘oz ko‘rinishidagi ruxsatnomalarni rasmiylashtirish orqali amalga oshirilib kelinayotgan edi.
Ushbu axborot tizimining ishga tushirilishi va jarayonning raqamlashtirilishi natijasida ortiqcha qog‘ozbozlik va ovoragarchilikning oldi olindi.
Buning natijasida ruxsatnoma rasmiylashtirish jarayonida vaqt sarfi sezilarli darajada kamaytirildi.
Ruxsatnomani kelishish jarayonida, Transport vazirligi huzuridagi Fuqaro aviatsiyasi agentligi va “O‘zaeronavigatsiya markazi” hamda “Uzbekistan Airports” tomonidan ko‘rib chiqiladi va transport vaziri o‘rinbosari tomonidan maxsus shakllantirilgan QR-kodga elektron raqamli imzo orqali tasdiqlanadi.