Davlat aktivlarini boshqarish agentligi “Foton” kompaniyasining ustav kapitalidagi davlat ulushini xususiylashtirish jarayoni boshlanganini ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, kompaniyaning 85,6% davlat ulushi sotuvga qo‘yilib, aktivni sotib olish bo‘yicha qiziqish bildiruvchilardan arizalar qabul qilinmoqda.
Talabgorlar arizalarni o‘zbek, rus va ingliz tilida tayyorlashlari mumkin. Shuningdek, ulardan kompaniya, ustav kapitalida 5%dan ortiq ulushi mavjud ta’sischilar yo aksiyadorlar haqida ma’lumot hamda oxirgi uch yilgi faoliyati haqida hisobotni taqdim etishlari kerak.
Arizalar joriy yilning 15-avgusti, soat 18:00 gacha almo@abraucapital.com va d.rustamova@abraucapital.com elektron pochtalari orqali qabul qilinadi.
“Foton” zavodi 1941-yilda Moskva viloyatidan evakuatsiya qilingan elektrovakuum qurilmalari zavodi negizida tashkil etilgan. 1995-yilda korxona AJga aylantirilib, hozirda “O‘zeltexsanoat” xoldingi tarkibiga kiradi.
Kompaniya radioelektron jihozlar uchun elektron texnika va integral mikrosxemalar hamda elektronika asosidagi turli mahsulot turlarini ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan.
Korxona (70 xildan ortiq) diskret va planar yarim o‘tkazgichli diodlar, kam shovqinli dala tranzistorlari va integral mikrosxemalarni tayyorlash texnologiyalariga egalik qiladi.
“Foton"ning ustav kapitali 1,08 mlrd so‘mni tashkil qiladi. Ayni paytda zavodda 296 ta ishchi faoliyat yuritmoqda.
Avvalroq “Angren logistika markazi"ning 100% ulushini xususiylashtirish bo‘yicha professional maslahatchi tanlash boshlangani haqida xabar berilgandi.