Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida investitsiyalar jalb qilishni kengaytirish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. “Spot” unda bildirilgan muhim topshiriq va vazifalarni bir joyga jamladi.
10 tuman va 2 ta shahar hokimi lavozimidan ozod etildi
Bu yilgi investitsiya va hududiy dasturlar doirasida xorijiy sarmoyalarni o‘zlashtirish bo‘yicha o‘tgan olti oyda Andijon shahri, Buloqboshi, Romitan, G‘allaorol, Forish, Karmana, Davlatobod, Chust, Kattaqo‘rg‘on, Sirdaryo tumanlarining har biri $50 mln.dan ko‘p to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya olib kelingan.
Natijada ushbu tumanlarda jami 50 mingta yangi ish o‘rinlari, qo‘shimcha 1 trln so‘m tushum paydo bo‘ldi.
Lekin Amudaryo, Qo‘rg‘ontepa, Buxoro, Mirishkor, Chiroqchi, Xatirchi, Payariq, Oqoltin, Guliston, Oqqo‘rg‘on tumanlari, Navoiy va Yangiyo‘l shaharlarida bu ko‘rsatkichlar pastligi, investitsiya muhiti qoniqarsizligi tanqid qilindi.
Prezident bu tuman va shahar hokimlarini lavozimidan ozod qilish bo‘yicha topshiriq berdi.
Bosh prokuratura va Hisob palatasiga mazkur hokimlar faoliyatini o‘rganib, qonun ustuvorligini ta’minlash topshirildi.
Vazirlik va tarmoq kompaniyalarning investitsiyalar jalb qilish darajasi yomon
Yig‘ilishda investitsiyalar jalb qilish bo‘yicha vazirlik va tarmoq kompaniyalardagi ahvol ham yaxshi emasligi qayd etildi.
“Suvta'minot” tomonidan Sirdaryo, Guliston, Sayxunobod tumanlari va Yangiyer shahrida 2021-yilda $76 mln.lik loyihani amalga oshirish bo‘yicha qarz bitimi imzolangan.
Ushbu loyiha doirasida ishlar boshlanmagani oqibatida 250 ming aholining ichimlik suvini yaxshilash ishlari ikki yilga kechikmoqda.
“Issiqlik elektr stansiyalari” 2019-yilda boshlangan “Talimarjon” elektr stansiyasida qo‘shimcha 900 Megavattli bug‘-gaz qurilmasini qurish loyihasi doirasida $690 mln.dan bugungi kungacha bor yo‘g‘i $135 mlni yoki faqat 20%i o‘zlashtirilgan.
Suv xo‘jaligida yil yakuniga qadar 16 ta yirik nasos stansiyasini xususiy sheriklik asosida modernizatsiya qilish va energiya samaradorligini kamida 50%ga oshirish doirasida sohaga $1 mlrd to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar kiritilishi kerak. Lekin bu yo‘nalishda o‘zgarish bo‘lmagani ta’kidlandi.
Investitsiyalarni jalb qilishda sustkashlikka yo‘l qo‘yganlar lavozimidan ozod etildi
To‘rt yil avval “Toshkent-Samarqand”, “Toshkent-Andijon” pullik yo‘llari va “Taxtaqoracha” dovonida pullik tonnel qurish topshiriqlari berilgan. Biroq, loyiha qilish va investor jalb qilish bo‘yicha haligacha amaliy ishlar boshlanmagan.
Bugungi kunda temir yo‘lda 2,5 mingta yuk vagoni yetishmasligi, mavjud vagonlarning 3,5 mingtasi esa ta’mirtalabligiga qaramay, ularni ko‘paytirish, yo‘llarni modernizatsiya qilish uchun bor-yo‘g‘i $16 mln to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya o‘zlashtirgan.
Shuningdek, xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirish hajmi o‘tgan yilga nisbatan “O‘zavtosanoat"da 47%ga, to‘qimachilikda 43%ga, qurilish materiallarida 31%ga kamaygan.
Shu bois, investitsiyalarni jalb qilish va ularni o‘zlashtirishda sustkashlikka yo‘l qo‘yganliklari uchun suv xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari B.Kamalov, transport vaziri o‘rinbosari A.Mo‘minov, “O‘zsuvta'minot” rahbari S.Saifnazarov, “O‘zbekiston temir yo‘llari” rahbari H.Hosilov va “O‘zavtoyo‘l” rahbari A.Abduvaliyev lavozimidan ozod etildi.
“O‘zto‘qimachiliksanoati” uyushmasi raisi I.Haydarov, “Issiqlik elektr stansiyalari” raisi B.Jo‘rayev, “O‘zsanoatqurilishbank” raisi S.Annaklichevga “hayfsan” e’lon qilindi.
Investitsiyalarni o‘zlashtirish bo‘yicha yangi tizim joriy etiladi
Yig‘ilishda investitsiya dasturlaridagi 1,5 mingta loyihani tezlashtirish va $12,1 mlrd xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirish bo‘yicha yangi tizim joriy qilinishi ta’kidlandi.
Jumladan, davlat investitsiya dasturi doirasida $11,5 mlrd.lik 272 ta yirik loyihani muddatidan oldin foydalanishga topshirish bo‘yicha “loyihabay” ish tashkil etiladi.
Bunda har bir loyihaga biriktirilgan vazir, vazir o‘rinbosarlari, bank rahbarlari mas’ul va javobgar bo‘ladi.
Umuman, hududlardagi 89 ta yirik loyihani muddatidan oldin ishga tushirish uchun infratuzilma masalasi hal qilib beriladi.
Bu yil infratuzilmaga budjetdan 1,2 trln so‘m ajratilmoqda. Bu yetarli emasligi qayd etilib, infratuzilmaga yana $100 mln yo‘naltirishga qaror qilindi.
Hududlarda 1 200 ta loyiha doirasida $4,6 mlrd to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya o‘zlashtirish zarur. Bunda, loyihalar 3 ta toifaga ajratilib, ular bilan manzilli ishlanadi.
Tegishli hukumat komissiyasiga vazir va tarmoq rahbarlari bilan birga har bir loyihani ichiga kirib, xalqaro moliya institutlari ishtirokidagi loyihalarni jadallashtirish topshirildi.
Investitsiya menejeri lavozimi tashkil etiladi
Yangi loyihalar hisobidan qo‘shimcha $3 mlrd to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jalb qilish masalalari muhokama qilindi.
Bu borada eng katta imkoniyatlardan biri oliy darajadagi xorijiy tashriflar doirasida erishilgan kelishuvlar hisoblanadi.
Jumladan, so‘nggi ikki yilda Saudiya Arabistoni, Fransiya, Vengriya, Singapur, Misr, Germaniya, Xitoy, Italiya, Qatar va boshqa davlatlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarda kelishuvlarga erishildi.
Investitsiya jalb qilish bo‘yicha Vengriya, Pokiston, Tailand, Chexiya va Yaponiya bilan hamkorlikda ijobiy o‘zgarishlar borligi ta’kidlandi.
Ushbu davlatlardan o‘tgan yili bor yo‘g‘i $40 mln investitsiya jalb qilingan bo‘lsa, joriy yilning o‘zida bu ko‘rsatkich $450 mln.ga ko‘paydi.
Lekin, Misr, Eron, Ispaniya, Hindiston va Belgiya davlatlaridagi elchilar faoliyatida hali natija ko‘rinmayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Endi xorijiy kelishuvlar doirasidagi investorlar bilan ishlash bo‘yicha yangi tizim joriy etilishi ta’kidlandi.
Bunda Investitsiya vazirligida har bir yangi investorga hamrohlik qilish uchun “investitsiya menejeri” lavozimi tashkil etiladi va bevosita vazirga bo‘ysunadi.
Ular xorijiy investorlar bilan doimiy aloqada bo‘ladi va kelib tushgan masalalarni hal qilib boradi.
Investitsiya va tashqi ishlar vazirlarining barcha o‘rinbosarlariga “investitsiya menejerlari” bilan birga shu tizim asosida jami 437 ta investor bilan amaliy ishlarni boshlab, joriy yilning o‘zida qo‘shimcha $3 mlrd investitsiya jalb qilish vazifasi qo‘yildi.
Loyihalar “izlanish-ishlab chiqish-amalga oshirish” tamoyili asosida shakllantiriladi
Prezident viloyat, tuman va shahar hokimlari tomonidan shakllantirilgan investitsiya loyihalari ularning salohiyati va imkoniyatlariga mos emasligini ko‘rsatib o‘tdi.
So‘nggi ikki oyda sanoati past rivojlangan 60 ta tumanga konsalting kompaniyalari jalb qilinib, loyiha guruhlari bilan birga $6,5 mlrdlik 2 mingdan ziyod istiqbolli loyihalar ishlab chiqildi.
Misol uchun, Paxtachi tumanida o‘tgan olti oyda bor-yo‘g‘i $5 mln.lik to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jalb qilingan. Vaholanki, konsalting kompaniya ikki oyda $165 mln.lik 40 dan ziyod loyihalarni tuman hokimiga taqdim qildi.
“Barcha hokimlar bir masalani eshitib olsin. Toki hokim har bir loyihani ichiga kirib, o‘zi investitsiya bilan shug‘ullanmasa, ahvol o‘zgarmaydi”, — dedi davlat rahbari.
Investitsiya, sanoat va savdo vazirligiga yil yakuniga qadar barcha tuman va shaharlarda hamda tarmoqlarda $30 mlrd.lik yangi investitsiya loyihalarini ishlab chiqish topshirildi.
Buning uchun barcha tuman va shaharlardagi loyiha guruhlari konsalting kompaniyalari bilan birga “izlanish — ishlab chiqish — amalga oshirish” tamoyili asosida yangi loyihalarni shakllantiradi. Bu maqsadlarga $15 mln yo‘naltiriladi.
Ishlab chiqilgan loyihalarni xorijiy investorlarga taqdimot qilish uchun yil yakuniga qadar har bir viloyatda hududiy investitsiya forumi o‘tkaziladi.
Hukumat komissiyasining vakolatlari kengaytiriladi
Prezident investitsiyalar sohasida ishga solinmagan imkoniyatlarni ko‘rsatib o‘tdi.
Hukumat komissiyasi hududlarda bo‘lib, iqtisodiyotga katta turtki beradigan 97 ta yirik sanoat loyihasini shakllantirdi.
Bu loyihalar yer va kredit masalalarini hal qilish orqali $6,7 mln.ni o‘zlashtirib, 27 mingdan ortiq ish o‘rinlari yaratish imkonini beradi.
Shu bois ushbu sanoat korxonalarini tezroq ishga tushirish uchun Hukumat komissiyasining vakolatlari kengaytiriladi.
“Takror aytaman. Agar bu ishlarni hozirdan to‘g‘ri tashkil qilsak, iqtisodiyotimizda keskin o‘sish bo‘ladi, ish o‘rinlari va aholi daromadlari ko‘payadi”, dedi davlat rahbari.