Rossiyaning “Tavro” charm mahsulotlar ishlab chiqaruvchi kompaniyasi O‘zbekiston bozoriga kirmoqchi. Bu haqda “O‘zcharmsanoat” uyushmasining matbuot xizmati xabar berdi.

Unga ko‘ra, uyushma hamda kompaniya rahbari o‘rtasida sarmoyaviy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va yangi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha uchrashuv o‘tkazilgan.

Rossiya kompaniyasi O‘zbekiston bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va yangi korxona ochish tashabbusini ilgari surdi. Buning uchun uyushmaga a’zo korxonlarga tashrif buyurib u yerda yaratilgan sharoitlarni o‘rganish reja qilingan.

Shuningdek, “Tavro” O‘zbekiston bozoriga o‘zining poyabzal ishlab chiqarish uchun pardozlangan charmlar, premium va o‘rta segmentdagi charm-attorlik buyumlari bilan kirishni rejalashtirmoqda.

Kompaniya 1998-yilda tashkil etilgan hamda ulgurji va chakana savdoga ixtisoslashgan.


Joriy yilning mart oyida O‘zbekistondan “Hyundai”, “Kia” hamda “Toyota” kompaniyalari uchun charm mahsulotlari yetkazib berishi ma’lum qilingandi.

Janubiy Koreyaning “JM” kompaniyasi bu bo‘yicha Toshkent viloyatida qo‘shma korxona ochishni rejalashtirmoqda.