Markaziy bank naqd pul muomalasiga oid sharhni e’lon qildi.
Joriy yilning yanvar-iyun oylarida umumiy pul tushumlari (naqd pul va terminal tushumlari) 295,4 trln so‘mni tashkil etdi.
Bu 2022-yilning mos davriga nisbatan 30,7%ga yuqori ko‘rsatkichdir.
Umumiy pul tushumlarida terminal orqali tushumlar ulushi o‘tgan yilning yarim yillikdagi 32,6%idan joriy yilning mos davrida 38,2%ga o‘sishi kuzatildi.
Savdo va xizmatlar sohasidan terminal tushumlari salmog‘i o‘tgan yildagi 37,5%dan 40,4%ga oshdi.
Yanvar-iyun oylarida banklar orqali naqd pul aylanmasi hajmi 369,7 trln so‘mni tashkil etdi. Natijada, ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 16,9%ga oshdi.
Naqd pul tushumlari esa 19,8%lik o‘sish bilan 182,4 trln so‘mni tashkil qildi.
Shuningdek, 6 oyda bank kassalaridan (bankomatlardan) berilgan naqd pullar 2022-yilning mos davriga nisbatan 14,2 ga ko‘payib, 187,3 trln so‘mga yetdi.
Bu davrda bank kartalariga kirim qilingan mablag‘lar (359,2 trln so‘m) 2022-yilning mos davriga nisbatan 1,6 barobarga oshdi, ushbu davrda bank kartalaridagi 86,4 trln so‘m mablag‘lar naqdlashtirib olingan.
2022-yilning birinchi yarim yilligida bank kartalarga kelib tushgan mablag‘larning 28,1%i naqdlashtirib olingan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich joriy yilning mos davrida 24% ni tashkil etdi.
Banklarga tushgan naqd pullarning ularga bo‘lgan talabdan kam qismi Markaziy bank tomonidan muomalaga qo‘shimcha naqd pullarni chiqarish orqali ta’minlab borildi.
Regulyator tomonidan joriy yilning 6 oyi mobaynida muomalaga qo‘shimcha 6 trln so‘m naqd pullar chiqarildi.
1-iyul holatiga naqd pullarning umumiy pul massasidagi ulushi 24,8%ni tashkil etadi.
Joriy yilning mart oyida muomaladagi naqd pullar miqdori 1,4 trln soʻmga koʻpayib, 40,3 trln soʻmni tashkil qilgandi.