12-iyuldan boshlab “Uzbekistan GTL” zavodida ishlab chiqarilayotgan dizel narxi yana pasaytirildi. Bu haqda “O‘zbekneftgaz” matbuot xizmati ma’lum qildi.

Xususan, tovar-xom ashyo birjasi orqali sotuvga qo‘yiladigan 1 tonna sintetik dizel yoqilg‘isining boshlang‘ich narxi 10,1 mln so‘mdan 9,5 mln so‘mgacha (6,1%) arzonlashtirildi.

Shu bilan birga, “O‘zbekneftgaz"ning 1 tonna yarim sintetik dizel yoqilg‘isining narxi 13,5 mln so‘mdan 11,8 mln so‘mgacha pasaytiriladi.

Bu “Uzbekistan GTL” zavodi quvvatlarining bosqichma-bosqich ishga tushirilishi, ishlab chiqarish hajmining ortishi hamda iste’molchilarni sifatli va ekologik toza dizel yoqilg‘isi bilan ta’minlash maqsadida joriy qilinmoqda.

Kompaniya oxirgi marotaba joriy yilning aprel oyida dizel yoqilg‘isining ulgurji narxini pasaytirgandi. Natijada fevral oyida belgilangan avvalgi narxdan 14,7%ga arzonlagandi.

“GTL” dizeli “Yevro-4” va undan yuqori standart yonilg‘ida ishlaydigan yengil avtomobillar va yuk mashinalari, mahalliy va xorijda ishlab chiqarilgan katta gabaritli va maxsus dizel yonilg‘ili transport vositalariga mos keladi.


Avvalroq O‘zbekistonda neft mahsulotlarining barqarorlashtirish zaxirasi yaratilishi haqida xabar berilgandi. Bunda har bir hudud o‘z imkoniyatidan foydalanib, 1 mln tonna benzin va dizel yoqilgʻisi zaxirasini shakllantirishi rejalashtirilgan.