Xitoyning “LONGi” kompaniyasi O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energiya loyihalarini amalga oshirmoqchi.

Bu bo‘yicha kompaniyaning Markaziy Osiyodagi Bosh menejeri Alex Li hamda Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi, deya xabar berdi vazirlik matbuot xizmati.

Unda O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energetikani rivojlantirish, yangi shart-sharoitlarni joriy etish hamda turli yashil loyihalar bo‘yicha hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

LONGi” 2000-yilda tashkil etilgan Xitoyning qayta tiklanuvchi energiya loyihalarini amalga oshiruvchi kompaniyasi hisoblanadi. Bosh qarorgohi Sian shahrida joylashgan.

Hozir kompaniya global miqyosda 60 mingdan ortiq xodimiga ega. 2022-yil yakunlari bo‘yicha kompaniya daromadi $19.3 mlrdni tashkil etgan. 2023-yilda bu ko‘rsatkich $23,9 mlrd.dan oshishi kutilmoqda.


Xitoy kompaniyalarining energetika bo‘yicha loyihalari

May O‘zbekistonda Xitoy bilan yana 11 ta quyosh va shamol elektr stansiyalari qurilishi ma’lum bo‘lgandi. Mazkur loyihalarning jami qiymati $4,4 mlrdni, umumiy quvvati esa qariyb 5 gigavattni tashkil etadi.

Xitoyning “CC7 Industries” kompaniyasi Toshkentdagi 30 ta korxonaga quyosh panellarini o‘rnatadi. Kompaniya tomononidan binolar tomidagi 747 ming kv metr maydonga 100 MVt quvvatga ega panellar joylashtiriladi.

Joriy yilning fevral oyida Xitoyning “CEEC Energy China” kompaniyasi Qashqadaryo, Buxoro va Samarqandda quyosh fotoelektr stansiyalarini qurishi ma’lum bo‘ldi.

Loyiha doirasida kompaniya tomonidan $2 mlrd yo‘naltirilib, stansiyalarning ilk quvvatlari joriy yil yakuniga qadar, to‘liq quvvatda esa 2024-yilda ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

Undan keyin mamlakatning “Huaneng renewables Corporation” va “Poly Technologies” kompaniyalari bilan Jizzax va Toshkent viloyatlarida umumiy quvvati 2000 MVtga teng bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyalarini qurish bo‘yicha kelishuv imzolandi.

Bundan tashqari, “Anxoy Conch Sement” kompaniyasi Surxondaryoda quyosh fotoelektr stansiyasini qurmoqchi. Loyiha 200 gektar maydonda amalga oshirilib, unga $200 mln investitsiya kiritish taklifi bildirilgan.

“China Huadian Overseas Investments”, “CNEEC” va “SANY Renewable energy” kompaniyalari Jizzaxda shamol elektr stansiyalarini qurish imkoniyatlarini o‘rganishi ma’lum qilingandi.

Shuningdek, “Huadian Xinjiang Power” kompaniyasi Navoiy va Farg‘onada quyosh elektr stansiyalarini quradi.

Xitoyning “China Energy” kompaniyasi Qashqadaryo va Buxoro viloyatlarida fotoelektr stansiyalari, Samarqandda esa sement zavodini qurmoqchi.

Tomonlar mazkur loyihalarni imkon qadar tezroq ishga tushirish muhimligini ta’kidlab, joriy yilda fotoelektr stansiyalari va sement zavodining 400 MVt quvvati, 2024-yilning oxirigacha esa qolgan 600 MVt quvvatlarini ishga tushirish imkoniyatlari ko‘rib chiqilishiga kelishdi.

Iyun oyi oxirida “Yashil Energiya” va Xitoyning “Tongwei Solar” kompaniyasi o‘rtasida umumiy quvvati 300 MWgacha bo‘lgan fotoelektr modullarni yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolandi.