Joriy yilning mart oyida O‘zbekistondan piyoz eksportiga qo‘yilgan cheklovlar bekor qilingandi.
Mazkur muddatdan keyingi o‘tgan davr mobaynida piyoz rekord hajmda tashqi bozorlarga yetkazib berildi, deya ta’kidlamoqda “Eastfruit” mutaxassislari.
Xususan, mart o‘rtalaridan iyun oyi oxirigacha mamlakatdan 222,8 ming tonna piyoz eksport qilingan. Natijada, ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 53%ga oshgan.
O‘zbekiston piyozi umumiy eksportining 95%i YEOII mamlakatlari bozorlariga yetkazib berilgan.
O‘tgan davrda eng ko‘p piyoz eksporti Qozog‘istonga amalga oshirilgan — 129,4 ming tonna. Bu ko‘rsatkich umumiy eksport hajmining 58,1%ini tashkil etadi.
Undan keyingi yetakchilikni esa Rossiya (70,1 ming tonna), Qirg‘iziston (8,1 ming tonna) hamda Belarus (4,8 ming tonna) mamlakatlari egalladi.
Shuningdek, O‘zbekistondan piyoz eksportining qolgan qismi import qiluvchi davlatlar o‘rtasida quyidagicha taqsimlanadi:
- Latviya — 3,3 ming tonna;
- Polsha — 2,0 ming tonna;
- Afg‘oniston — 1,6 ming tonna;
- Ukraina — 1,2 ming tonna;
- Tojikiston — 473 tonna;
- Litva — 445 tonna;
- Turkmaniston — 331 tonna;
- Gruziya — 308 tonna;
- Estoniya — 282 tonna;
- Moldova — 276 tonna;
- boshqa davlatlar — 263 tonna.
Avvalroq Rossiyada may oyida piyoz narxi rekord darajada qimmatlagani haqida xabar berilgandi.
Bunga anomal sovuq tufayli Markaziy mamlakatlaridan yetkazib berishning kamaygani, mahalliy mahsulotlar zaxirasi tugagani sabab bo‘lgan.