“IT Park” rahbari O‘zbekistonga xorijiy kompaniyalarni jalb qilish va IT-autsorsingni kengaytirish maqsadida ishga tushiriladigan yangi shart va imkoniyatlarni ma’lum qildi. Bu haqda texnopark matbuot xizmati xabar berdi.
Kompaniya rahbari Farhod Ibragimovning “Digital Leadership Forum"ida ta’kidlashicha, mamlakatda o‘z vakolatxonalarini ochishni rejalashtirayotgan kompaniyalar uchun relokatsiya va “softlanding” dasturi muhim.
Xususan, xorijiy kompaniyalar uchun mo‘ljallangan “Zero risk” dasturi O‘zbekistonda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, xorijiy sarmoyalarni jalb qilish va eksport faoliyatini rag‘batlantirishga qaratilgan.
Dastur Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamg‘armasi va “IT Park” tomonidan moliyalashtirilib, ishtirokchi kompaniyalarga moliyaviy ko‘mak va imtiyozlar beriladi.
Farhod Ibragimovning qayd etishicha, yaqin kelajakda IT autsorsing bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalar uchun yangi shartlar e’lon qilinib, hududlarda ofislar ochiladi. To‘liq texnik jihozlangan ofis maydoni 1 yilgacha bepul taqdim etiladi.
“Shuningdek, birinchi yil uchun mutaxassislar ish haqining 15% gacha qismini, hamkor mamlakatlardan kelgan mentorlar va HR xizmatlari xarajatlarini qoplaymiz. Bunday dastur va imkoniyatlar O‘zbekistonni jahon bozorida IT va BPO xizmatlari uchun eng jozibador yo‘nalishlardan biriga aylantiradi”, — dedi “IT Park” rahbari.
Qo‘shimcha qilinishicha, bu turdagi imtiyozlar xorijiy mamlakatlar amaliyotida kuzatilmagan, ular bo‘lajak xorijlik rezidentlar uchun maksimal qulaylik yaratish va biznesni soddalashtirish maqsadida ishlab chiqilgan.
Shuningdek, xorijiy kompaniyalarni ko‘proq jalb qilish bo‘yicha quyidagi dasturlar jam joriy etiladi:
- “Global Excellence” — belgilangan shartnomalar bo‘yicha xorijiy investitsiyalarni jalb qilish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri maslahatchilar bilan ishlashish;
- “Local 2 Global” — eksport bo‘yicha maslahat xizmatlari uchun 50% xarajatlarni qaytarib berish.
Shuningdek, xorijiy kompaniyalarning mijozlari uchun O‘zbekistonga homiylik sayohati dasturi tashkil etiladi.
Eksport bo‘yicha mentorlik dasturida ishtirok etish, xorijga xizmat safarlari xarajatlarini qoplash va muayyan maqsadli auditoriya uchun “Coursera” platformasida bepul o‘qitish imkoniyati beriladi.
“IT Park"da ro‘yxatdan o‘tgan IT-kompaniyalar soni 1424 tani tashkil etadi. Shundan 442 tasi IT va BPO xizmatlarini eksport qilishga ixtisoslashganю Ulardan 213 tasi xorijiy kapital ishtirokida tashkil etilgan.
Avvalroq AQSh hamda Misrning BPO bo‘yicha kompaniyalari O‘zbekiston bozoriga kirishga qiziqishayotgani haqida xabar berilgandi.