Raqamli texnologiyalar zamonaviy inson hayotining barcha jabhalariga kirib bormoqda. Xarid, banking, ma’lumot almashish, ish — bularning barchasi virtual makonda foydalanish uchun mavjud. Eng yorqin va effektiv raqamli transformatsiyalardan biri moliyaviy xizmatlar sohasida amalga oshirilmoqda. Banklar mijozning yangi ehtiyojlarini qondirish maqsadida yanada ilg‘or va qulay raqamli xizmatlarni taqdim etib, bu yo‘nalishda rivojlanishga intilmoqda.
Global transformatsiya doirasida “AloqaBank” tomonidan raqamli ekotizim taqdimoti, bankning yangi aydentikasi va pozitsiyalashiga bag‘ishlangan tadbir tashkil etildi. Shuningdek, mehmonlarga innovatsion raqamli mahsulotlar va bank sarmoya kiritayotgan istiqbolli startaplar tanishtirildi.
Tadbirda bank vakillari, hamkorlar, blogerlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Mehmonlar O‘zbekiston davlat simfonik orkestri ijrosidagi jahon klassikasining mashhur kompozitsiyalari sadolari ostida kutib olindi.
Raqamli texnologiyalar vaziri, “AloqaBank"ning kuzatuv kengashi raisi Sherzod Shermatov, shuningdek, bank boshqaruvi raisi Kommuna Irisbekova qutlov so‘zlari bilan chiqishdi.
“O‘tgan yili davlat rahbari bank oldiga raqamli texnologiyalarni transformatsiya qilish va rivojlantirish bo‘yicha katta vazifalarni qo‘ygan edi. Bu tadbir esa vazifalarni amalga oshirish jarayonidagi navbatdagi qadamdir. Lekin biz bu bilan toʻxtab qolmaymiz, yaqin kelajakda IT, fintex, bank va boshqa sohalarning yetakchi vakillari ishtirokida Digital Forum oʻtkazish rejalashtirilmoqda”, — dedi Sherzod Shermatov.
Bankning raqamli ekotizimi haqida
Tadbirda shakllanayotgan raqamli ekotizim taqdimoti namoyish etildi. Bank boshqaruvi raisi maslahatchisi Olimjon Umarov va bank boshqaruvi raisi o‘rinbosari Farrux Mahkamovlar o‘z chiqishlarida batafsil ma’lumot berib o‘tdilar.
“Biz hamkorlarimiz bilan birgalikda intellektual kredit skoring tizimi, raqamli biometrika va intellektual videotahlil kabi texnologiyalarni ishlab chiqmoqdamiz. Bu texnologiyalarning barchasi bankning o‘zidayoq biznes jarayonlarini avtomatlashtirish bilan birga korporativ mijozlarimizga qulay raqamli mahsulotlarni taqdim etish imkonini ham beradi”, — dedi Farrux Mahkamov.
“AloqaBank” O‘zbekiston moliya sektorini raqamlashtirishda faol ishtirok etib, bankning yagona ekotizimiga kiruvchi hamkorlar bilan innovatsion loyihalarni amalga oshiradi. Xususan, bu quyidagi loyihalarni o‘z ichiga oladi:
- jismoniy shaxslar uchun Zoomrad mobil banking tizimi;
- Zypl.AI intellektual kredit skoring tizimi;
- Face-ID biometrik identifikatsiya tizimi;
- yuridik shaxslar uchun AloqaBusiness mobil banking tizimi;
- kompaniya va tashkilotlar o‘rtasidagi Didox+ elektron hamkorlik tizimi;
- Bilgi.uz IT kurslari marketpleysi;
- Sello universal marketpleysi;
- Davlat xizmatlari elektron davlat xizmatlari va axborotlar;
- Beautify go‘zallik mutaxassislari uchun xizmat ko‘rsatish platformasi;
- Yoto elektr samokatlarni onlayn ijaraga berish xizmati va boshqalar.
Umuman olganda, ekotizim fintex, biznes, raqamli taʼlim texnologiyalari, e-commerce, davlat xizmatlari, tadbirkorlik va transport kabi sohalarni qamrab olgan 28 ta loyihani oʻz ichiga oladi. Ekotizimni kengaytirish rejalashtirilgan.
“Aloqabank ekotizimi mijozlarga o‘z biznesini raqamlashtirish, hamkorlarga esa raqamli mahsulotlarni taklif qilish imkonini beradi. Biz nafaqat bank, balki turli nobank xizmatlarini yagona ekotizim doirasida yoki bir ilovada taqdim etishni o‘z oldimizga maqsad qilib qo‘yganmiz”, — dedi Olimjon Umarov.
Rebrending va yangi pozitsiyalash
Brendning yangi pozitsiyalanishi va uning aydentikasi taqdimoti raqamli rivojlanish va yangilanishga bag‘ishlangan tadbirning davomi bo‘ldi. Brend pozitsiyalanishi va yangi o‘ziga xos uslubini FCB Artgroup Tashkent agentligi rahbari Shaxrux Nizamutdinov, digital-direktori Saima Djahongirova va art-direktori Alisher Ahmedovlar taqdim etdi.
Agentlik jamoasi masalani chuqurroq o‘rganib, bank tarixidagi qiziqarli faktni topdi — “AloqaBank” har doim mamlakatda kommunikatsiyalar rivojiga ko‘makchi bo‘lib kelgan ekan. Keyinchalik, axborot texnologiyalarining joriy etilishi bilan bank raqamlashtirishning faol ishtirokchisiga aylandi va innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlashda flagman bo‘ldi. Bank o‘z g‘oyalarini hayotga tatbiq etmoqchi bo‘lganlarning tayanchiga aylana oldi. Undan keyin esa “Novator — bu o‘z g‘oyalarini hayotga tatbiq etuvchi”, degan tushunchadagi innovatsiya g‘oyasidan kelib chiqqan holda FCB Artgroup Tashkent yangi brend pozitsiyasini ishlab chiqdi. Novatorlar uchun ekotizim bo‘lgan “AloqaBank” g‘oyalarni hayotga tatbiq etishga yordam berishi esa bankning yangi pozitsiyalanishi bo‘ldi.
Pozitsiyalash bilan bir qatorda aydentika ham o‘zgardi: logotip, ranglar va tipografiya yanada zamonaviylashdi va ularni endi tanish osonroq.
Shuningdek, tadbir doirasida “AloqaBank"ning yangi brend ambassadori — tezkor shaxmat bo‘yicha jahon chempioni Nodirbek Abdusattorov tanishtirildi. Uning ishtirokida taniqli qozoq rejissyori Aysulton Seitov tomonidan imidj videosi suratga olindi. Videoning asosiy konsepsiyasi — “G‘oyalar yashashi kerak”. Video xuddi bankning barcha faoliyati kabi katta g‘alabalarga erishish uchun ilhomlantiradi va tayanch bor bo‘lsa, har qanday g‘oyani amalga oshirish mumkinligiga ishonishga yordam beradi.
Yangi bank ekotizimlari, texnologiyalari va mahsulotlari haqida barcha maʼlumotlar bilan aloqabank.uz sayti, shuningdek, (+998) 71−230−77−77 telefon raqami orqali tanishish mumkin.
Reklama huquqlari asosida.